Hukumat qarori bilan «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatidan quyidagilar chiqarib tashlandi:
- Soya, araxis, zaytun yog‘i (TIF TN kodlari: 1507101000, 1507901000, 1508101000, 1509101000, 1509900000);
- Kungaboqar yog‘i (TIF TN kodlari: 1512111000, 1512191000, 1512199002);
- Paxta yog‘i (TIF TN kodlari: 1512211000, 1512291000).
Avvalroq, Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritilgandi. Unga ko‘ra, 2021 yil maydan 31 dekabrgacha quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi:
- O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;
- o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.
Bunga yilning 1-choragida kungaboqar yog‘i, aprel oyida esa paxta yog‘ining narxi keskin oshib ketganini asos sifatida ko‘rsatish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori bilan xorijda ishlab chiqarilgan 529 xil mahsulotning davlat xaridlaridagi ishtiroki taqiqlangandi. Adliya vazirligi bunga izoh tariqasida pandemiya davrida faoliyatida uzilishlar bo‘lgan tadbirkorlar faoliyatini yaxshilash uchun davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojlari uchun mahalliy tadbirkorlar mahsulotlaridan foydalanilishini bildirgan.