Minimal iste'mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari e'lon qilindi. Unga ko‘ra, minimal iste'mol xarajatlari oyiga kishi boshiga 440 ming so‘m etib belgilandi.
Jahon bankining Markaziy Osiyodagi qashshoqlik va tenglik bo‘yicha dasturi menejyeri Uilyam Zeyts AOKAda bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida yangi kambag‘allik chegarasi borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Ekspertga ko‘ra, kambag‘allik chegarasini aniqlashda «asosiy ehtiyojlar narxini aniqlash» metodi tanlab olingan.
«O‘tgan yili prezident Mirziyoyev hukumat mamlakatdagi kambag‘allik darajasini doimiy ravishda o‘lchab borishini va uni qisqartirish bo‘yicha yuqori standartlarni joriy etishini e'lon qilgandi. Shu orqali islohotlar dasturi jamiyatning eng zaif qatlamlari ehtiyojlariga yo‘naltirilgandi.
Jahon banki kambag‘allik darajasini o‘lchashning muqobil yondashuvlarini va ushbu muammoni hal qilishda boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganishda hukumat bilan hamkorlik qilishga taklif qilindi. Ushbu masala sinchkovlik bilan ko‘rib chiqilganidan so‘ng, «asosiy ehtiyojlar narxini aniqlash» metodi (o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan tasdiqlangan va eng ko‘p ishlatiladigan yondashuv) tanlandi. U o‘rtacha daromadli mamlakatlar orasida keng tarqalgan, jumladan, ushbu davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham kiradi», deya ta'kidladi ekspert.
Uilyam Zeytsning so‘zlariga ko‘ra, agar kambag‘allik chegarasi juda past darajada o‘rnatilgan bo‘lsa, aholining eng muhtoj qatlamlariga hayotiy zarur mahsulotlarning yetishmasligi xavfi bor. Biroq O‘zbekiston e'lon qilgan yangi kambag‘allik chegarasi O‘zbekistondagi kabi daromad darajasi o‘xshash mamlakatlarga qaraganda birmuncha yuqori.
«Kambag‘allik chegarasini to‘g‘ri darajada belgilash juda muhim. Va «to‘g‘ri daraja»ning belgilanishi uning qanday ishlatilishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Kambag‘allik chegarasini aniqlashdan maqsad hukumat e'tiborini yordamga eng muhtoj odamlarga qaratishdir.
Masalan, agar kambag‘allik chegarasi juda past darajada o‘rnatilgan bo‘lsa, aholining eng muhtoj qatlamlariga hayotiy zarur mahsulotlarning yetishmasligi bilan kurashish uchun kerakli ish qilinmasligi xavfi mavjud. Shu bilan birga, kambag‘allik chegarasi «o‘rta sinf» deb nomlanadigan aholi qatlami hayotining farovonlik darajasini yoki turmush tarzini aniqlash uchun ishlatilmaydi. Agar bu chegara shu tarzda ishlatilsa, aholining eng muhtoj qatlamlariga qaratilgan e'tibor va resurslarni boshqa tomonga yo‘naltirilishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli, kambag‘allik chegarasini aniqlash ustida ish olib borayotgan hukumat jamoasi natijalarni dunyoning boshqa mamlakatlarida qabul qilingan amaliyot bilan juda ehtiyotkorona taqqosladi.
Bugungi kunda e'lon qilingan yangi kambag‘allik chegarasi O‘zbekistondagi kabi daromad darajasi o‘xshash mamlakatlarga qaraganda birmuncha yuqori. Bu shuni anglatadiki, ushbu yangi chegara yuqorida aytib o‘tilgan mamlakatlar guruhiga qaraganda ancha ko‘proq maqsadlarni qamrab oladi hamda hukumat o‘z oldiga ancha yuqori maqsadlarni qo‘ymoqda», degan ekspert.
Ekspert kambag‘allik chegarasi amaliyotda qo‘llanishi borasida ikki jihatga urg‘u berdi.
«Kambag‘allik chegarasi amaliyotda qo‘llanishi boshlanishi bo‘yicha ikki fikrni bildirmoqchi edim. Birinchidan, ushbu chegara hukumatga ilgari aholining kambag‘al toifalariga kiritilmagan va hech qanday yordam olmagan kishilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.
Ikkinchidan, u odamlar bir umrga kambag‘allikdan chiqib ketishlari uchun imkoniyatlarni kengaytiradi. Bunga qisman muhtojlarga mo‘ljallangan ijtimoiy transfer dasturlari yordam beradi.
Ammo, agar xalqaro tajribani ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, kambag‘allikni barqaror qisqartirishning yana bir muhim omili bu ish o‘rinlari yaratilishi va ishchilar uchun ish haqi oshirilishi hisoblanadi. Ayniqsa, ushbu imkoniyatlarning eng zaif va izolyatsiya qilingan guruhlar uchun mavjudligini ta'minlash juda muhimdir», deya ta'kidladi u.
Uilyam Zeyts kambag‘allikni qisqartirishda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishdan mamnunligini aytib nutqini yakunlagan.
Bundan oldinroq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekistonda kishi boshiga minimal iste'mol xarajatlari 440 ming so‘m etib belgilangani, oyiga shundan kam pul topgan o‘zbekistonlik nochor hisoblanishini ma'lum qilgandi.