«Muvaffaqiyat bu – bajargan ishingizdan chin ma'noda faxrlana olish» - sun'iy intellekt bo‘yicha mutaxassis bilan suhbat

Jamiyat 09:29 / 30.05.2021 10154

37 yoshli A'zamjon Nemadaliyev Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Toshkent islom universitetini, 2007 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini, 2016 yilda University Putra Malaysia universitetini bitirgan.

Malayziyadagi faoliyat

— 2007 yili Putra Malaysia universitetidan tadqiqot loyihasida qatnashib, o‘sha yerda ishlash taklifi tushdi. U yerga 2007 yil oxirlarida yo‘l oldim. Ma'lum sabablarga ko‘ra, PhD darajasini olish uchun tahsilim qariyb 6 yilga cho‘zildi.

Shu vaqt davomida ham o‘qib, ham ishladim. 2012 yilda esa o‘sha yerda IT-kompaniya ochdik. Kompaniyaga O‘zbekistondan 4-5 kishini chaqirib, ish faoliyatini boshlaganmiz.

Biroz vaqt o‘tib tushundimki, IT-tadbirkor bo‘lish ham yaxshi, lekin asosan boshqaruv bilan band bo‘lib qolish odamdagi ilmiy faoliyat susayishiga olib keladi. Shu sababli akademik faoliyatimni tiklashga qaror qildim va 2018 yilda Malaya universiteti Axborot texnologiya fakultetining Sun'iy intellekt kafedrasida “post-doc”, ya'ni doktoranturadan keyingi tadqiqotchi sifatida ishlay boshladim. Shu jarayonda bir yil davomida talabalarga dars ham berdim.

Shundan so‘ng faoliyatimni sun'iy intellekt sohasida davom ettirdim, Malayziyada shu sohada bir nechta loyihalarda ishtirok etdim. Sun'iy intellektga qiziqishim PhD qilayotgan vaqtimda paydo bo‘lgandi.

O‘tgan yili esa O‘zbekistonga qaytishga qaror qildim. O‘z tajribam bilan jamiyatimiz rivojiga hissa qo‘shish niyatidaman. Yaqinda dasturchilar tayyorlovchi iSystem o‘quv markazini tashkil qildik. Inshaalloh, katta niyatlarimiz bor.

«Sun'iy intellekt qishloq xo‘jaligida ishchi kuchiga xarajatlarni 42-46 foizga kamaytirib beradi»

— IT sohasi kabi, sun'iy intellekt sohasida ham siz qayerda turib ishlayotganingiz u qadar muhim emas. Chet elga borib emas, shu yerning o‘zida turib ham sun'iy intellektni o‘rganish va shu sohada onlayn ishlash mumkin. Pandemiya o‘zi ko‘rsatib qo‘ydi, hozirgi kunda dunyo – xuddi bir mahalladek.

Masalan, oddiy issiqxona. Hozirgi kunda issiqxonalarning beshinchi avlod texnologiyalari bor. Ular yordamida oddiy pomidor yetishtirishni juda ilg‘or ravishda tashkillashtirish mumkin. Tomchilatib sug‘oriladigan issiqxonani ma'lum qurilmalar bilan jihozlab, jarayonni avtomatlashtirish mumkin. Issiqxonaning hozirgi holati haqidagi barcha ma'lumotlar, yig‘ilgan tahlillar qo‘lingizdagi telefonda bo‘ladi.

Sun'iy intellekt yordamida siz har tomonlama optimizatsiyaga erishasiz. Vaqt, mahsulot sifati, suvni tejash, xodimlarni ishlatish xarajatlari...

Hozir, sir emas, qishloq xo‘jaligida dronlar yordamida juda ko‘p masalalarning yechimi topilyapti. Sun'iy intellekt qishloq xo‘jaligida ishchi kuchiga xarajatlarni 42-46 foizga kamaytirib beradi. Bu – katta qiymat.

Sun'iy intellekt – bu...

— Sun'iy intellektning asosida ma'lumotlar yotadi. Ma'lumot bazasi saqlanishi, qayta ishlanishi, uning ustidagi tahlillar sun'iy intellektni tashkil etadi.

Insoniyat dastavval yozuvni ixtiro qildi. Yozuv – bir o‘lchamli ma'lumot saqlash. Vaqt o‘tishi bilan ma'lumotlar ko‘payib ketdi va endi insoniyatga bu kifoya qilmay qoldi, ma'lumotlarni saqlashning ikki o‘lchamli shakli kerak bo‘lib qoldi. Ya'ni ham gorizontal, ham vertikal ma'lumotlarni o‘zaro bog‘lash zarurati tug‘ildi. Bu – Excel. Bilasiz, Excel ixtiyoriy bir yacheykadagi ma'lumotni u yoki bu manzilda boshqasi bilan bog‘laydi. Bu – kompyuter texnologiyalarining kirib kelishi mahsuli bo‘ldi.

Vaqt o‘tib, ikki o‘lchamli ma'lumotlar ham insoniyatni qoniqtirmay qoldi, chunki Excel'da ma'lumot ko‘payib ketdi. Ana endi ma'lumotning ikki o‘lchamlidan ilg‘orroq – ko‘p o‘lchamli holati yaratildi, bu – Relational database, ya'ni ma'lumotlar bazasi. Ma'lumotlar bazasida Excel'dagi bir nechta ko‘rinishlar bir-biri bilan key-point'lar orqali bog‘lanadi. Buni IT-developerlar yaxshi tushunadi.

Lekin zamon rivojlanishda davom etyapti. Ma'lumotlar bazalari ham ko‘payib, Big data rivojlanganidan keyin, mavjud talabga Relational database'lar javob bera olmay qoldi. Natijada endi Big data'ni boshqarish texnologiyalari yaratildi.

Facebook, YouTube, Google ana shu texnologiyalardan foydalanadi. Ayni paytda, ma'lumot ko‘payib ketgach, ularni shunchaki saqlash emas, ularni qayta ishlashga, tahlil qilishga e'tibor kuchaydi. Ana endi shu bosqichda sun'iy intellekt kirib keladi.

Hozirga kelib, dunyo texnologiyasi oldida bir masala paydo bo‘ldi: ma'lumotning o‘zi emas, uning ichidagi qonuniyatlar qiymatli bo‘lib qoldi. Siz ma'lumotlarni o‘rganib, ular ichidagi bog‘lanishni olasiz-da, ma'lumotlarning o‘zini tashlab yuboraverasiz. Shuning o‘zi – ilm. Mana shu narsani neyronetvork deydi.

Deep learning'dagi andozalar, modellar – ma'lumotlarning o‘zi emas, balki ma'lumotlar bog‘liqligidan kelib chiqqan qonuniyatlarning jamlanmasi. Neyronetvork ham ma'lumotlar bazasi, lekin oddiy baza emas; u – ma'lumotlar bog‘liqligining bazasi.

«Qora tuynuk rasmini tashkil qilish bo‘yicha tadqiqotga hissa qo‘shdim»

— Deep learning juda ko‘p yo‘nalishlarda trendga aylandi. Ayniqsa, kosmos ilmida katta foyda beryapti. 2018 yilda Qora tuynukning rasmi shakllantirildi. O‘sha rasmni shakllantirishda dunyoning har xil nuqtalaridagi observatoriyalar yig‘gan ma'lumotlar qayta ishlandi.

Shu tadqiqotda Malayziyadagi Malaya universiteti ham qatnashdi. O‘sha jarayonda mening ham kichik bo‘lsa-da hissam bo‘lgan. Amerikadagi katta markaziy bazaga ma'lumot yetkazishimiz kerak edi. Ular software, API qurib chiqqan, lekin olingan terabaytlab ma'lumot o‘sha API'ga mos kelishi kerak. Ya'ni oddiy adapter qurib, bir ko‘rinishdagi ma'lumotni ikkinchi ko‘rinishga o‘tkazish kerak bo‘lgan. Shu ma'lumotlarni yetkazishda ozgina hissam qo‘shildi.

Qora tuynukning rasmi tashkillangani butun dunyoda shov-shuv bo‘ldi. Albatta, buning ahamiyatini astronomiyaga qiziqqan odam tushunadi.

«O‘zbekiston yoshlarida potensial ancha yuqori»

— Kuni kecha bolalar qiziqib so‘rab qolishdi: «A'zamjon aka, muvaffaqiyat nima?» Mening tushunchamda, erishilgan moddiy va ma'naviy yutuqlardan faxrlanish – mana shu muvaffaqiyat. O‘zim uchun qadrli bo‘lgan yutuqlarni o‘z muvaffaqiyatlarim deb bilaman.

O‘zbekistonda potensial rosa kuchli. Yoshlarimiz ko‘p narsaga qodir. Lekin ularning oldida katta to‘siq bor, u ham bo‘lsa – o‘zlari. O‘zlaridan boshqa qolgan barcha to‘siqlar – ikkilamchi va mayda to‘siqlar. Aytmoqchimanki, ular qisqa vaqt ichida nimagadir erishib qolay, degan motiv bilan harakat qilishyapti.

To‘g‘ri, davr, sharoit shuni taqozo qilishi mumkin. Lekin yaxshi maqsadni qo‘yib, ozgina sabr bilan harakat qilsa, bolalarimizning qo‘lidan juda ko‘p narsa keladi.

Men Malayziyada boshqa ko‘plab mamlakatlardan kelgan yigitlarga dars berdim, ular bilan birga ishladim ham. Aytishim mumkin, bizning bolalarda potensial ancha katta.

Sabr – birinchisi. Ikkinchisi – yo‘naltiradigan mutaxassislar. Masalan, biz ta'lim muassasalarida ilmiy va amaliy industrial tadqiqot jamoalarini tashkil etishimiz mumkin. Agar biror kichikroq yo‘nalishda o‘zimizni ko‘rsata olsak, uning tarafdorlari va albatta, moliyaviy tarafdan qo‘llab-quvvatlaydigan ham xususiy, ham davlat sektori vakillari topiladi.

O‘qishga kira olmagan yoshlar nima qilishsin?

— Men ko‘proq o‘qishga kirganlar haqida qayg‘uraman. O‘qishga kirolmaganlar hayotda yangi bir maqsad qo‘yib, yashashda davom etadi, yutqizmaydi aslida. Hech bo‘lmaganda vaqtdan yutqizmaydi.

O‘qishga kirganlar esa o‘zlarini xuddi kelajaklari kafolatlangandek his etishlari, shu sabab 4 yil umrini behuda sovurishlari mumkin. Aslida bu juda qo‘rqinchli narsa. Ta'lim tizimining hozirgi darajasida men shunday deb hisoblayman.

Ko‘proq yangiliklar: