Singapur, Rossiya va AQSh olimlari inson nazariy jihatdan eng ko‘pi bilan 150 yil yashashi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishdi. Ularning bu borada olib borgan tadqiqotlari natijalari Nature nashrida e'lon qilingan.
Olimlar inson organizmi holatini baholash uchun biologik yosh tushunchasidan foydalanishadi. Biologik yosh ko‘pincha insonning haqiqiy yoshiga mos kelmaydi. Biologik yoshni aniqlash uchun maxsus biomarkerlar – qarishni prognoz qiluvchi ko‘rsatkichlar qo‘llanadi. Ular har bir odam uchun qarishga qarshi samarali vositalarni tanlash imkonini beradi.
Tadqiqot mualliflari biologik yoshni qon tahlili bo‘yicha aniqlash usulini ishlab chiqishdi va biologik qarishni baholash uchun universal kompleks ko‘rsatkich DOSI’ni (dynamic organism state indicator – organizmning dinamik holati ko‘rsatkichi) qo‘llashni taklif qilishdi. U organizmning jismoniy bardoshliligi umumiy darajasini ko‘rsatadi.
AQShning salomatlik va ovqatlanish milliy tadqiqoti va Britaniya biobankida saqlangan qon tahlillari haqidagi ma'lumotlar tahlili DOSI’ga yosh, kasalliklar va turmush tarzi ta'sir qilishini ko‘rsatgan. Olimlar ko‘rsatkichlar jicmoniy faollik darajasiga bog‘liq holda qanday o‘zgarishini tekshirishgan.
Tadqiqotchilar olingan ma'lumotlar asosida inson organizmi bardoshliligi 120-150 yoshda eng past darajada bo‘lishini, jumladan, 150 yoshda nolga yaqinlashishini aniqlashgan. Bundan esa inson nazariy jihatdan ko‘rishi mumkin bo‘lgan maksimal umr 150 yilga tengligi haqidagi xulosaga kelingan.
Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, ular ishlab chiqqan usul biologik yoshni aniqlovchi boshqa usullardan farqli, birinchi marta har bir muayyan kishining qancha umr ko‘rishini baholash imkonini beradi.