O‘zbekiston o‘tgan yili 257 mln dollarlik qurilish materiallarini eksport qildi

Iqtisodiyot 21:52 / 26.05.2021 9262

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Shohrux Bobojonovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2016-2021 yillarda O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi yuqori darajada o‘sdi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi qancha?

2020 yilda respublikada qurilish materiallari sohasidagi korxonalar tomonidan jami 22 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 2016 yilda ushbu ko‘rsatkich 6,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lib, o‘sish sur'ati 3,2 barobarga yetdi.

Xususan, o‘tgan yil mobaynida:

  • 12,5 mln tonna sement (o‘sish 45 foiz);
  • 20,2 mln kv/m qurilish oynasi (o‘sish 59,4 foiz);
  • 17,3 mln kv/m keramik plitkalar (1,8 barobar);
  • 61 mln kv/m gipsokarton (2,1 barobar);
  • 890 ming tonna quruq qurilish aralashmasi (4,8 barobar);
  • 340 ming tonna ohak (o‘sish 13,7 foiz);
  • 2000 o‘ram gulqog‘oz (o‘sish 89 baravar) ishlab chiqarildi.

Ayni kunda O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 12 yarim mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan yillarda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 180 tadan oshib ketdi.

Ma'lum qilinishicha, 2016 yildan 2021 yilgacha 7385 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha 5 mlrd 386 mln dollar o‘zlashtirildi.

Shuningdek, 2021 yilda tasdiqlangan investitsiya dasturiga asosan, qurilish materiallari sohasida umumiy qiymati 2 mlrd 130 mln dollar bo‘lgan 790ta yirik istiqbolli loyihalar bo‘yicha 1 mlrd 701 mln dollar o‘zlashtirilishi belgilangan.

Qurilish mollari eksport-import ko‘rsatkichi qanday?

Tahlillarga ko‘ra, 2016 yilda 55,3 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 257 mln dollarga yetkazildi va o‘sish 4,6 barobarni tashkil qildi. 2021 yilda esa 270 mln dollar miqdoridagi qurilish materiallarini jahon bozoriga chiqarish rejalashtirilgan.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida 28,9 mln dollarlik sement, 19 mln dollarlik alyumin va PVX profillar, 14,2 mln dollarlik keramik plitka, 12,8 mln dollarlik quruq qurilish aralashmalari, 7,7 mln dollarlik ohak, 7,1 mln dollarlik gipsokarton, 3,5 mln dollarlik gulqog‘oz kabi qurilish materiallari eksporti amalga oshirildi.

O‘tgan 2020 yilda 467,6 mln dollarlik 45 turdagi qurilish materiallari import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan 14,2 foizga kamayishiga erishildi.

Jumladan, ushbu davrda 130,9 mln dollarlik sement, 38,2 mln dollarlik gulqog‘oz, 32,9 mln dollarlik qurilish oynasi, 31,8 mln dollarlik lak-bo‘yoq mahsulotlari, 28,4 mln dollarlik olovbardosh g‘isht, 21,8 mln dollarlik keramik plitkalar, 21,4 mln dollarlik PVXdan quvur va fitinglar kabi qurilish materiallari import qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: