«Superkontrakt degan balo tibbiy ta’limning oyog‘iga haqiqiy tushov bo‘ldi. Superkontraktga 250 mln so‘m to‘lab kiradiganlarning 90 foizi – ilmsiz talabalar. Oddiy anatomiyani bilishmaydi. Fursatdan foydalanib, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim vazirligiga taklif kiritmoqchiman: superkontraktdan voz kechish yoki ularga bir marta imkoniyat berib, undan foydalana olishmasa, haydab yuborish kerak.
Hurmatli superkontraktga kirgan talabalar! Men 30 yildan beri dars beraman, o‘zingiz ariza yozing-da, o‘qishni tashlab keting. Bu sizlarga iltimosim, tavsiyam. Ota-onalaringizga ham.
Nega? Sizlar mening gapim bilan tashlab ketmasligingiz mumkin. Unda sizlar diplomni olib ishga kirasizlar, yoningizga bemorlar keladi, men shuncha vaqtdan beri nega tuzalmayapman, desa nima deb javob berasiz? Nega yaxshi bo‘lmayapsan, allaqachon tuzalishing kerak edi, bor ket, bo‘lmasa tog‘am prokuror, ammam katta ishda ishlaydi, hozir telefon qilaman, dodingni beradi, deb ayta olmaysizlar. Bu o‘tmaydi shifokorlikda.
Sizlardan bosh shifokor ham, sog‘liqni saqlash tashkilotchisi ham chiqmaydi. Yaxshisi, aqlingiz bor payti ariza yozing, ilmingizni o‘zingiz bilasiz. Biz sizlarni o‘qitamiz deb, aziyat chekmaylik. Sizlar qanchadan qancha yaxshi o‘qigan, o‘zining bilimi bilan kiraman deb, 7-8 yillab topshirib, kira olmagan talabalarning o‘rnini band qilib o‘tiribsiz. Ana ulardan zo‘r shifokor chiqadi. Sizlardan esa yo‘q», deydi Zarifboy Ibodullayev.
Professor Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilib, oliy ta’limdan imtiyozni yo‘q qilishni so‘radi.
«Superkontrakt bo‘yicha o‘qishga kirgan talabalar dekabrdan qabul qilinmoqda. Bu qanaqasi? O‘tib ketgan sikllar nima bo‘ladi? Boring, prokuror bo‘ling, boshqa kasb egasi bo‘ling, ammo shifokorlik sizlarga o‘yin emas! Barcha san’atlar ichida eng buyugi tibbiyot, degan donolar.
Vazirlar Mahkamasiga murojaatim: imtiyoz degan narsalarni yo‘qqa chiqaringlar. Abror aka Akmalov ham avvalgi intervyularida tibbiyotda imtiyoz degan narsaga o‘rin yo‘q, deb aytib o‘tgandilar.
Mayli, otasi qahramonlarcha o‘q yeb vafot etgan insonning farzandi harbiy bilim yurtlariga, harbiylashtirilgan fakultetlarga o‘qishga imtiyoz bilan kirishsin. Bunga e’tiroz yo‘q. Lekin ularning farzandi o‘qituvchi bo‘laman desa yoki boshqa kasb egasi bo‘lmoqchi bo‘lsa, ularning o‘qishga kirishi uchun imtiyoz berilishini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.
Yana aytaman, xorijdan shifokorlarni olib kelaman deyishdan oldin o‘zimizning vrachlar o‘qishi uchun sharoit yaratinglar. Kafedraga kelinglar, bitta ham laboratoriya yo‘q. Apparatura yo‘q. Qanaqa o‘qitish mumkin?
O‘zbek talabalariga o‘zbek institutlarida xorij sharoitini yaratib bering. Besh yildan keyin biz sizlarga natija beramiz. Televizorga chiqqaningizda Beruniy, Navoiy, Moturidiy avlodimiz, deb doim aytasizlar-ku! Avlodi bo‘lsak, sharoit yaratib beringlar, o‘qishga ham xalaqit bermanglar, ko‘rasizlar natijani.
Mana, o‘zbek olimi Abror aka Akmalov Saudiya Arabistoni podshohligidagi qirol Fahad shifoxonasining eng mashhur shifokorlaridan biriga aylandi. Bundaylar Yevropada ham yuribdi, Amerikada ham yuribdi. Shuning uchun yangi o‘quv yilidan boshlab bu masalalarni o‘ylab ko‘rish kerak. Hech bo‘lmasa, tibbiyot institutlarida superkontraktni yo‘q qilish kerak. Bizni viloyatlarga yuboringlar, o‘zimiz iqtidorli bolalarni izlab topaylik. 9-11 sinflarda o‘qiyotgan o‘quvchilar bilan suhbatlashib, suhbatdan keyin bir-ikkita testlarni topshirib ko‘rishsin. Ana shunda tibbiyotning kelajagi haqida gapirsak bo‘ladi», deydi Zarifboy Ibodullayev.
Saudiya Arabistoni Madina shahridagi qirol Fahad shifoxonasi shifokor-anesteziologi, tibbiyot fanlari doktori Abror Akmalov ham o‘tgan yili Kun.uz’ga bergan intervyusida tibbiyot institutiga imtiyoz bilan o‘qishga qabul qilish mumkin emasligini ta’kidlagan edi.
«Yaqinda yana qaysidir toifadagi odamlarga OTMlarga kirishda imtiyoz berildi. Tibbiyot institutiga imtiyoz bilan kirish umuman mumkin emas, balki boshqa yo‘nalishlarda buni qabul qilish mumkindir. Lekin o‘zida bilim bo‘lmasa, tibbiyot yo‘nalishiga qabul qilish kerak emas. Bu – birinchisi.
Ikkinchidan esa, agar talaba kontraktda o‘qiyotgan bo‘lsa, pul to‘layapti-ku, degan fikrda hech bo‘lmaganda «3» baho bilan fani yopib beriladi. Masalan, hozir o‘g‘lim o‘qiyotgan Arabistondagi universitet misolida aytishim mumkin, to‘lanadigan kontrakt puli juda yuqori bo‘lsa ham, har yili 25-30 foizgacha talaba kursdan kursga qoladi», degan edi o‘shanda shifokor.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazi, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan edi.