Samarqandlik Zafar Abdurahimov 39 yoshda, ikki farzandning otasi. Qo‘yliq dehqon bozorida qariyb 15 yildan buyon aravakashlik qilib, bir necha o‘n minglab insonlarning hojatini chiqarmoqda. Taqdir taqozosi bilan bir qo‘lidan ayrilgach ham tushkunlikka tushmadi. O‘rnidan turib, kurashda davom etdi. Hozir ham qora qozonni qaynatish uchun oilasidan uzoqda mehnat qilyapti. Qahramonimizning hayot hikoyasini o‘zidan eshitamiz.
«Bir qo‘limni Moskvada yo‘qotdim...»
Samarqand viloyati, Toyloq tumanidanman. Yoshim 39da, oilaliman, ikki qizim bor. Qo‘yliq bozorida aravakashman. 13 yildan beri shu ishni qilaman. Moskvadagi mebel zavodida ishlayotgan vaqtim bir qo‘limdan ayrilganman. Bundan oldin o‘zim yashaydigan joyda mardikorlik qilib yurdim. Yoshim yetganidan keyin Rossiyada bir yil ishladim, uncha o‘xshamadi. Asosan qurilishda ishladim. Qaytib kelganimda uylanish vaqti kelib qolgandi, ko‘p jo‘ralarim uylangan ekan. Uylanishga pul to‘plash uchun yana Rossiya tomon chiqib ketdim.
Moskvada o‘zim tanish-bilish orttirdim, turli joylarda ishladim. Mebel zavodiga ishga joylashdim. U yerda 5-6 oy yaxshi ishladim. Odatiy ish kunlarining birida yog‘och qirqadigan uskuna oldida ishlayotganimda ehtiyotsizlik tufayli qo‘limdan ayrilib qoldim. Moskvada davolanishimga zavod rahbariyati qarashib turdi. So‘ng Samarqandga qaytib keldim. Bu yerdayam davolandim.
O‘sha kunni eslagim kelmaydi. Bu voqea bo‘lganiga 15 yil bo‘ldi, 23 yoshda edim. Voqea sodir bo‘lgandan keyin uydagilarga xabar berdim. Faqat opam va akam bilardi, onamga aytmagandim. Qaytib kelganimdan keyin bilgan. Farzandining bunaqa ahvoldaligini ko‘rish har bir ona uchun juda og‘ir. Ona-da baribir.
«Bir qo‘lim bilan boshqa ish qilolmasdim»
Qo‘limdan ayrilib, uyga qaytganimdan keyin ancha vaqt bekor qolib ketdim. Samarqandda men qila oladigan ish bo‘lmagach, Toshkentga keldim. Bir odam meni aravada non tashishga olib ketdi. Bozorga kirib-chiqib yurganda aravakashlardan ish haqida so‘rab yurardim. Keyin tavakkal qilib, Qo‘yliqda aravakashlik qilaman, dedim. Chunki ortga yo‘l yo‘q edi. Bir qo‘lim bilan boshqa ish qilolmasdim. Odatda sahar soat 03:00 da ish boshlanadi. Kechasi soat 22:00 gacha ishlagan vaqtlarim ham bo‘ladi. Orada 2-3 soat dam olib, arava ustida biroz mizg‘ib olamiz.
Ba'zida ertalab soat 6-7 larda chiqib ketishim mumkin. Tong sahardan ish boshlashimizga sabab ertalabdan bozorga savdogarlar o‘z mahsulotlarini olib kelishadi. Bozor ichiga narsalarini olib kirish uchun aravakash yollashadi. Soat 07:00 gacha savdogarlarlarning mahsulotlarini rastalargacha olib boramiz. Ishonchli savdogar-mijozlarimiz bor. O‘z vaqtida haqimizni berishadi.
Toshkentda yashash osonmas. Ba'zida kam ovqat yeymiz, kam suv ichamiz. Kunlik xarajatlar ham bor: 15 ming so‘m kunlik ijara haqi, ovqatlanishga 20-25 ming so‘m sarflaymiz. Kuniga 100 ming topsam, 40 ming so‘mi yuqoridagi xarajatlarga ketadi. Qolganini jamg‘arib, oilamga jo‘nataman.
Aravakashlik ham mavsumiy ish. Qishda dehqonlar bozorga kamroq mahsulot olib kelishadi. May-sentyabr oylarida ish yaxshiroq bo‘ladi. Dehqon qanchalik ko‘p hosil olsa, aravakashning ham ishi ko‘p bo‘ladi.
«Aravakashni ham Xudo yaratgan...»
Aravakashlik halol kasb. Odamlarning hojatini chiqarib, yuklarini tashib, halol rizq topamiz. Balki dunyodagi eng halol kasb aravakashlik va mardikorlikdir. Odamlar bozorda «Ol aravangni», deb baqirishsa, ich-ichimizdan og‘rinib qolamiz. Nohaq jyerkib tashlashadi. Aravakashni ham Xudo yaratgan-ku. Uning oldida barchamiz tengmiz.
Yaxshi muomalada bo‘ladigan mijozlar ham bor, albatta. O‘ziga to‘q bo‘lsa ham, aravakashlarni hurmat qilib, muomala bilan gapirishadi. Bu aravakash, mardikor ekan, deb ayirishmaydi. Bir kunda 50-60 kishining yukini tashib beramiz. Shuncha insonning hojatini chiqaramiz.
Ba'zida qilgan xizmatimizga pul ham olmaymiz. Masalan, pensioner ayol bor puliga xarajat qilib bo‘lgan bo‘lsa, o‘g‘lim, ming so‘m pulim qolgan ekan, desa, duo qilib qo‘ying, deb yuklarini chiqarib qo‘ygan vaqtlar bo‘lgan.
«Oila davrasida o‘tirish men uchun katta baxt»
Mol sotib olib, uni semirtirib boqsam, oilam bag‘rida bo‘lsam, deb orzu qilaman. Oilam Samarqandda, o‘zim shu yerdaman. Qachongacha shunday bo‘larkan, deb siqilaman. Umr shunday o‘tib ketyapti. Har 35-40 kunda uyga borib turaman. 10 kuncha turgach, yana Toshkentga qaytib kelaman. Hayotda meni eng ko‘p o‘ylantiradigan narsa – oilamdan uzoqdaligim. Bir oila bo‘lib, dasturxon atrofida o‘tirishni dunyodagi har qanday baxtdan ustun ko‘raman. Shu yildan boshlab bir qo‘limga ortiqcha bosim bo‘layotganini sezyapman. Yo‘qotgan qo‘lim o‘rni og‘rig‘i kuchayyapti. Ilgari yosh bo‘lganmiz, uncha-muncha og‘riqlar ham bilinmagan ekan.
«Oilada ayol kishi sabrli bo‘lishi kerak»
29 yoshimda uylanganman. Ayolim sabrli, boriga qanoat qiladi. Unga uylanishim ham qiziq bo‘lgan: o‘zim va yaqin jo‘ralarim bilan birga sovchilikka borganmiz. Qiz yaqin jo‘ramning singlisi bo‘lgan. Uni oldindan tanirdim. Qiznikiga borib, ota-onasi oldida boshimdan o‘tganlarning barchasini aytib berdim. Toshkentda ishlashimni, oilani boqa olishimni ham aytdim. Ota-onasi rozi bo‘ldi, qiz ham. To‘y bo‘ldi, 2 nafar shirin qizimiz bor. Birovdan kam yashayotganimiz yo‘q.
«To‘rt muchasi sog‘ odamlar harakat qilmasa, jahlim chiqib ketadi»
Otam bizni halol rizq bilan katta qilgan. Ularning farzandimiz, peshona teri bilan ishlab, oilani boqishni istaymiz. O‘z mehnatim bilan ishlab topganlarimni bolalarimga yedirishni istayman. Faqat ishlasam deyman. Uyga borganda ham ketmonda yer chopaman.
Ikki qo‘li bor odamlarni ko‘raman: ba'zilari ichib yuradi, oilasidan ajrashadi. Ularni ko‘rib jahlim chiqib ketadi. To‘rt muchang sog‘ bo‘lsa, nega oilangni boqmayapsan, qimirlasang ish bor hamma joyda, ikki qo‘ling bilan tog‘ni tolqon qilolasan, degim keladi.
Ikki qo‘lim bo‘lsa qaniydi, deb o‘ylayman. Lekin buning foydasi yo‘q. Shu taqdirga rozi bo‘lish kerak. Farzandlarim mening ikki qo‘lim, deyman. Sog‘inganimda farzandlarim ovozini eshitsam, kuchimga kuch qo‘shiladi. Insonning to‘rt muchasi sog‘ bo‘lishi eng oliy davlat. To‘rt muchasi sog‘ odam hech narsadan kam bo‘lmaydi. Sog‘ bo‘la turib, noshukurlik qilish ham Xudoga xush kelmaydi axir...
Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.