«Bundan buyog‘iga davlat biznes bilan shug‘ullanmaydi» - Muxtor Umarov

Iqtisodiyot 14:44 / 21.05.2021 17633

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tashkilot raisi har bir tadbirkor uchun ijtimoiy mas'uliyatni chuqur his qilish va birlashish davri kelganini aytgan.

«Bundan buyog‘iga davlat biznes bilan shug‘ullanmaydi. Shunday qilishga uringanda ko‘rdik: korrupsiya, monopoliya ildiz ota boshladi yoki oldinga emas, orqaga qarab yurish ketyapti.

Endi biz — tadbirkorlarning uyimizda bemalol o‘tirishga haqqimiz yo‘q. Ijtimoiy mas'uliyatni his qilish vaqti keldi. Ortimizda butun bir jamiyat turibdi.

Bir gap aytaman: zimmamizda Rossiya yoki Turkiyada ishlab yurgan yurtdoshlarimizning ham javobgarligi bor. Agar biz ularga yetarli sharoit yaratib berganimizda, shu yerda ishlayotgan bo‘lishardi. Hozir yurtimizda malayziyalik tadbirkorlar mehmon bo‘lib turishibdi. Ular O‘zbekistonga investitsiya olib kirishda hali boshlang‘ich darajada ekanini aytishdi.

Muammolarning hozirgi yechimi — xorijlik hamkorlar bilan yaxshi ishlashimiz zarur. Yaqinda Turkiyaga borib keldik. U yerdagi tadbirkorlar Xitoyga ham mol sotisharkan. «Sizlarga maza-a? Oziq-ovqat ko‘p. Oldingizda 1,5 milliard odami bor Xitoy bozori turibdi. U yer 3 kunlik yo‘l. Oziq-ovqat sotinglar», - dedi.

Men hech kim qilmayapti demayman. Qilayotganlar bor, lekin juda kam. Biz tashqariga (xorijga, eksport ma'nosida — tahr.) chiqa olmayapmiz. Bu katta muammo. Buni qilish zarur. O‘zbekistonga yirik tadbirkorlar kerak. Kichik tadbirkorlar tezroq katta tadbirkorlarga aylanishi lozim.

Avvalo, o‘z bozorimizni egallashimiz kerak. Yo‘qsa, uni ertaga chet elliklar kelib egallaydi. Qayerda tadbirkorlar kuchli bo‘lsa, oldin o‘z bozorini egallaydi. Masalan, Turkiya bozorini egallash qiyin. Chunki u yerda milliard dollarlab pul tikadigan tadbirkorlar ko‘p. Lekin bizda aksariyat chet elliklar biznes qilib, katta mablag‘larni olib chiqib ketyapti.

Biz tor o‘ylashimizning asosiy sababi – faqat ichki bozorni o‘ylashimizda. Bizning 34 millionlik bozorimiz bor, xolos. Siz eksport haqidagi statistikalarga e'tibor bering. Eksportimizning yarmi tilla va gaz hissasiga to‘g‘ri keladi. Bizda tekstil, turizm va boshqa o‘nlab sohalarda katta imkoniyatlar mavjud.

Aytmoqchimanki, birlashish vaqti keldi. Nega ko‘pchiligimiz chet elliklar hamkorlikka kelsa uyalib qolamiz? Chunki bizda ilm yetishmayapti. Lekin harakat qilish zarur.

Hozirda 2050 yilgacha eksportni o‘stirish bo‘yicha strategiya tuzyapmiz. Yurtning rivoji, ertaga keladigan avlodlar uchun ham yaxshi hayot tashlab ketishimiz kerak. Hozir sizning biznesingiz 100 ming dollarlik bo‘lsa, uni 10 million dollarlikka chiqaring. Shunda kelajak uchun yanada yaxshi imkoniyatlar hozirlagan bo‘lasiz», - dedi Muxtor Umarov.

Avvalroq, Assambleya raisi oldinda turgan eng muhim masala ilmni rivojlantirish va uni biznes bilan integratsiya qilish ekani, bu borada ancha ortda qolib ketayotganimiz haqida gapirgandi.

Shuningdek, Muxtor Umarov sovet davridan qolgan eksport rejasi, maxsus bank xizmatlarining yo‘qligi, eksport qiluvchilarga jarimalar qo‘llash amaliyoti borligi kabi muammolar eksportchi tadbirkorlarni qiynab kelayotganini ta'kidlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: