Zidan yana «Real»dan ketadi. Uning o‘rniga kim keladi - Raul, Allegri yoki Lyov?

Sport 22:38 / 17.05.2021 18632

Zidan charchadi, Zidan ketadi
«Real» 19 daqiqayu 27 soniya davomida Ispaniya chempionati yetakchisi bo‘lib turdi. Qaymoqranglilar himoyachisi Nachoning Bilbaodagi o‘yinda «Atletik» darvozasiga urgan goli va Luis Suaresning «Osasuna» darvozasiga urgan g‘alaba goli orasidagi muddat aynan shuncha bo‘ldi. Urugvaylik hujumchining hissiyotlari haddan ortiq edi, o‘tgan yil yozida «Barselona»dan quvilgan forvard amalda oltin gol urgan va «matraschilar»ga sovrin olib bergan bo‘lishi ham mumkin.

Chempionlik masalasi so‘nggi turda hal bo‘ladi, lekin Madridda hozirdan «Real»ning, aniqroq aytganda Zinedin Zidanning kelajagini muhokama qilishmoqda. Juda ko‘pchilik fransuz mutaxassis mavsum yakunida klub bosh murabbiyligini tark etishiga shubha qilmayapti.

Zizuning ketishi haqida birinchilardan bo‘lib Goal.com saytining fransuzcha versiyasi yozdi. Keyinroq bu ma'lumot OndaCero jurnalisti Fernando Burgos tomonidan ham berildi, uning tasdiqlashicha, murabbiy ketishi haqida barcha futbolchilarni xabardor qilgan. Yakshanbaga o‘tar kechasi bu xabarni Madriddagi Marca nashri ham tasdiqladi — unga ko‘ra, Zidanning ketishi haqida so‘nggi turda «Vilyarreal»ga qarshi o‘yindan keyin rasman e'lon qilinadi.

Bundan tashqari, ayrim tafsilotlarni ham keltirgan. Zidan o‘z qarori haqida 8 may kuni — «Sevilya»ga qarshi o‘yin (2:2) arafasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlardan keyin ma'lum qilgan. Shu tufayli u hatto o‘yinoldi matbuot anjumaniga biroz kechikib kelgan. Marca nashri ma'lumotiga ko‘ra, Zizuning qarori qat'iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi. Manba ma'lumotiga ko‘ra, fransuz uning «Real»dagi davri poyoniga yetgan deb hisoblamoqda.

U «Atletik»ka qarshi o‘yindan oldin jurnalistlar bilan muloqotda bu ma'lumotlarni tasdiqlagandek edi: «Nima bo‘lishini men bilmayman. Bizda chempionatning yana ikki o‘yini qoldi va bizning bor e'tiborimiz shu o‘yinlarga qaratilgan. Men faqat o‘z ishim haqida o‘ylayapman. Ammo o‘zgarishlar qilish kerak bo‘ladigan vaqtlar bo‘ladi, chunki shunday bo‘lishi ko‘pchilik uchun yaxshi bo‘ladi. Qolishing kerak bo‘lgan vaqtlar va hammaga yaxshi bo‘lishi uchun ketishing kerak bo‘lgan vaqtlar bor».

Ammo Bilbaodagi o‘yindan keyin Zidanning ritorikasi boshqacha edi: «Qanday qilib hozir futbolchilarimga ketayotganimni aytishim mumkin? Sovrin uchun kurashyapmiz va men «ketaman» deb aytamanmi? Siz istagan narsangizni yozishingiz mumkin, ammo men hech qachon bunday qilmayman. Mavsum yakunlangach, bu masalani o‘ylab ko‘rish mumkin. Ammo men hozir faqat «Vilyarreal»ga qarshi o‘yin haqida o‘ylamoqdaman. Eng muhimi – oxirgi turdagi bahs».

Shu bilan birga, Zidan bu intervyusi bilan faqat jamoa futbolchilariga qarori haqida aytganini rad etgan, ammo u «Real»dan ketishga qaror qilgani haqidagi xabarni rad etmagan.

Fransuzning klub bilan amaldagi shartnomasi tugashiga yana bir yil bor — shartnoma 2022 yil yoziga qadar tuzilgan. Marca nashrining yozishicha, qaymoqranglilar prezidenti Florentino Peres Zizuni qolishga ko‘ndirishga umid qilmoqda, ammo buning imkoniyati deyarli yo‘q.

O‘rniga kim? Nomzodlar — Raul, Allegri va Lyov
Uch nafar asosiy nomzod nomi tilga olinmoqda — bular Raul, Massimiliano Allegri va Yoaxim Lyov.

43 yoshli Raul 2018 yildan buyon «Real»ning yoshlar jamoalari tizimida  murabbiy sifatida ishlab kelmoqda. 2019 yildan u klubning ikkinchi jamoasi — «Kastilya»ni boshqaradi, u bu jamoa bilan o‘tgan mavsumda UYeFA Yoshlar ligasida zafar quchgan. Qaymoqranglilar afsonasi, «Real»ning sobiq eng yaxshi to‘purari (barcha turnirlar doirasida 361 gol) direktorlar kengashida ham, muxlislar orasida ham katta obro‘ga ega. Marca saytida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, respondentlarning 57 foizi Zidan o‘rnida uni ko‘rishni istashini bildirgan. Taqqoslash uchun, Lyov bu so‘rovnomada 17 foiz, Allegri — 10 foiz ovoz olgan, yana 16 foiz ishtirokchi «Real» boshqaruviga bu ro‘yxatga kirmagan boshqa nomzod kelishini istashini bildirgan.

«Real» — bu mening uyim. Bu men hamisha bo‘lishni istaydigan joy. Men shu klubda ishlamoqdaman va baxtliman, shu holatda davom etishni istayman. Ammo hozir kelajakdagi qandaydir o‘zgarish haqida gapirish payti emas», —  degan Raul 16 may kuni o‘z ambitsiyalari haqida yetarlicha oshkor qilib.

OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassisni «Ayntraxt» boshqaruvida ham ko‘rishni istashmoqda. O‘tgan haftada nemis klubi vakillari Raul va «Real» rahbariyati bilan uchrashib, shunday variantni muhokama qilish uchun Madridga uchib kelishgan. Raulning o‘zi hozircha yakuniy javobini aytmagan va faqat diplomatik tarzda bor e'tiborini «Kastilya»ning mavsum yakunidagi o‘yinlariga qaratganini bildirgan - klub esa uchinchi diviziondan Segundaga chiqish arafasida turibdi.

Marca nashri ma'lumotiga ko‘ra, «Real» boshqaruvida Raulga bir muddat Germaniyada top-chempionatdagi katta jamoani boshqarib tajriba oshirish foydali bo‘ladi deb hisoblaydiganlar ham bor.

Allegri masalasida esa ko‘pchilik u «Yuventus»ga qaytishi haqida gapirmoqda. Ammo bu faqat bir shart evaziga ro‘y berishi mumkin — agar «Keksa sinora»ni bosh direktor Fabio Paratichi va vitse-prezident Pavel Nedved tark etishsa, ular ikki yil muqaddam ushbu mutaxassis bilan xayrlashish tashabbuskorlari bo‘lishgan.

Italiyalik taniqli jurnalist-insayder Fabritsio Romano esa Allegri o‘tgan haftada «Real» rahbariyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani, birinchi aloqalar esa mart oyidayoq o‘rnatilgani haqida xabar tarqatdi. Murabbiy aniq taklif tushsa, uni qabul qilishga tayyor - uning uchun Madridda ishlash varianti — ustuvor.

Shuningdek, Romanoning yozishicha, Peres Allegrini «Real»ga uch yil muqaddam — 2018 yilda, Zidanning birinchi marta ketishidan keyin chaqirgan, ammo o‘shanda italiyalik murabbiy «Yuventus» bilan shartnomasi borligi tufayli Madridga kelmagandi.

61 yoshda bo‘lgan, Yevropa chempionatidan keyin Germaniya milliy jamoasini tark etishi ma'lum bo‘lib ulgurgan Lyov varianti esa ochiqchasiga avantyura, u qariyb 20 yil mobaynida klublar bilan ishlamagan, ayniqsa «Real» darajasidagi klublarda.

Yana bir uyum muammolar
Murabbiy bilan bog‘liq muammo Madrid klubi rahbarlari hal qilishi kerak bo‘lgan yagona muammo emas. Shartnomasi shu yozda tugaydigan va hali uzaytirilmagan Serxio Ramos ishini bir yoqlik qilish kerak. Bu gap Lukas Vaskesga ham taalluqli. Rafael Varan bilan shartnoma muddati bir yildan keyin tugaydi, uning o‘zi shartnomani uzaytirishni istamayapti — shunday ekan, yoki uni qolishga ko‘ndirish yoki hozir transfer qilib, ma'lum miqdordagi summani qo‘lga kiritish harakatini qilish darkor. Isko va Marseloga ham katta maosh to‘laydigan klub topib berish kerak. Qolaversa, Londondan Garet Beyl qaytadi... Darvoqe, biror yulduz hujumchi sotib olish yomon bo‘lmasdi — muxlislar Kilian Mbappe yoki Erling Holanddan birini kutishmoqda. Umuman olganda, Peresni qaynoq kechadigan yoz kutmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: