Bebaho tabiat, qarovsiz radioteleskop, arabcha usuldagi uylar - Zomindan fotoreportaj

O‘zbekiston 10:37 / 16.05.2021 40306

Tabiat hali uyg‘onib ulgurmagan bo‘lsa-da, biz ham Zomin tomonlarga borishga qaror qildik va sayohatda olingan suratlarni sizga ham ilindik. Zominga bormagan bo‘lsangiz, u yerni darrov tanib olasiz. Tuman markazi favqulodda obodligi bilan ajralib turadi. Zomin hozirda chinakam shaharga aylangan, u yerda barcha katta shaharlarda bo‘luvchi brendli supermarketlar deysizmi, zamonaviy ko‘p qavatli uylar deysizmi, katta jome' masjid deysizmi – barchasini uchratasiz.

Ko‘rkam va ixchamgina shaharchaning uylari e'tiborni tortadi. Arxitektorlar did bilan ishlagani ko‘rinib turadi. Uylardan biriga Abu Dhabi majmuasi deb nom berilgan. Rasmda ko‘rishingiz mumkin: uylar chindan arabcha uslubda qurilgan. Ularning har birida alohida ayvonchalar bor va bu uzoqdan qaraganda ajoyib ko‘rinishga ega bo‘ladi. Bunday uslubdagi uylar odatda Yaqin Sharq mamlakatlarida uchraydi.

Zomin markazidagi masjidni ham alohida gapirmasa bo‘lmaydi. 2017 yilda bugungi ko‘rinishga keltirib qurilgan masjid katta va ko‘rkam. Masjidning kichik hovlisi va tashqarida maydoni ham bor.

Tuman markazida ko‘rkam stadion ham bor. Tuman sharafini himoya qiladigan «Zomin» klubiga qarashli stadion tuman jamoasi uchun juda yaxshi desak bo‘ladi. Ba'zi shaharlarda ham bunday yaxshi maysaga ega maydon yo‘q.

Shahardan olislashib, Zominning mashhur tog‘lari tomon yo‘l oldik. Qo‘riqxonaga kirishingiz bilan turli viloyatlarning raqamlari ilingan mashinalarga ko‘zingiz tushadi. Korxona va tashkilotlarga tegishli sanatoriyalar oldi ham mashinalarga to‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda Zominda turistik mavsum avjiga chiqa boshlagan.

Ko‘chalarda qozonda pishgan non sotayotgan qizchalarning savdosi yaxshi ekanidan ham ro‘zg‘ori sayyohlikka qaragan oilalarning ishi yana yurisha boshlaganini bilib xursand bo‘ldik. Zomindagi sanatoriyaning ta'rifini hamma eshitgan bo‘lsa kerak. U yerga bormaganlar ham hech bo‘lmasa rasmini ko‘rgani aniq. Google ham Zomin sanatoriyasining suratini yaxshigina eslab qolgan.

Tog‘ga ko‘tarilar ekansiz Zomin suv omborida suv kam ekani e'tiboringizni tortadi. Birinchidan, hali suv omborlarining to‘ladigan vaqti emas va qorlar eriy boshlashi bilan ularda suv ko‘payadi. Ikkinchidan, bu yil O‘zbekistonda chindan qurg‘oqchil kelmoqda. Buni adirlarda o‘t deyarli yo‘qligidan ko‘rish mumkin. Yog‘inarchilik kam bo‘lgani yaylovda chorva boqadiganlarni qiynab qo‘ygan.

Suvning kamligi esa Zomin suv omborini tomosha qilishga kelganlarni kamaytirmagan. Ko‘pchilik suv omborining tepa qismiga suvga termulib o‘tiribdi.

Zomindagi mashhur sanatoriya allaqachon odamlar bilan gavjum. Undan yuqoriga ko‘tarilak ekansiz havo salqinlab, qor yog‘a boshlaydi. Chunki bulutga juda yaqin kelib qolasiz. Atrof archalar bilan to‘la, shu uchun havo aql bovar qilmas darajada toza. Ramazon oyi edi, ro‘za bo‘lsak-da, qancha yurmaylik charchoq sezmadik. Ishoning, Zomin tog‘larida odam na ochlik, na charchoq va na chanqoqdan qiynaladi. Havoning tozaligi barchasini yengib ketadi.

Tog‘dan ko‘tarilib, olisda bir obektni ko‘rib qoldik. Xuddi to‘rt qadam narida ko‘ringan obekt aslida bir necha kilometr uzoqda joylashgan ekan. Atrofda «To‘xta, xavfli hudud», sal nariroqda «To‘xta, davlat chegarasi» yozuvlarini uchratasiz. Bir vaqtlar bu joylar chindan jiddiy qo‘riqlangani seziladi, chunki tog‘ orqasi Tojikiston hududi.

Yaqinlashgan sari haligi noma'lum obekt astronomik nimadir ekanini anglay boshlaysiz. Yanayam yaqinlashgach esa bu inshootni kim qurganini ham bilib olasiz. «Partiyaning irodasi va xalqning xohishi bilan bu yerda radioteleskop quriladi. 1981 yil may oyida o‘rnatildi», deb yozilgan radioteleskop yaqinidagi yodgorliksimon marmarda. Ha, u vaqtda hamma narsa partiyaning xohishi bilan qurilgan. Biroq xalq «Bizga radioteleskop qurib bering, o‘rtoq Brejnev» deb oyoq tirab olganiga ishonish qiyin. Xullas Brejnev o‘lib qolgani uchunmi yoki boshqa sabab bilan bu qurilish oxiriga yetmay qolgan.

Radioteleskopning keyingi taqdiri haqida ham Google'dan ma'lumot qidirib ko‘rdik. 2009 va 2017 yilda Rossiya va O‘zbekiston bu radioteleskopni bitirib qo‘yishni o‘ylagani ma'lum bo‘ldi. Biroq hamon hech qanday qurilish ishlari boshlanmagan. O‘zi O‘zbekistonga radioteleskop kerakmi, degan savol ham tug‘iladi. Bu narsa osmon jismlarini aniqlash uchun ishlatiladi (ya'ni radar) va radioteleskopni qurish kim uchun foydali bo‘lishini tushundingiz.

Xullas hozir Zominga borishning ayni vaqti. Barchangizga vaqt topib, bu go‘zal yerlarga borishni tavsiya qilamiz.

 

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: