Niderlandiyaning «IN ME» («Innovation Media») ilmiy-ommabop jurnalida innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning «O‘zbekiston Respublikasida innovatsion rivojlanish» nomli maqolasi chop etildi.
Vazirlik matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, maqolada tashkilotning 3 yillik faoliyati hamda O‘zbekiston iqtisodiyotida ilm-fan va innovatsiyalarning roli tahlil qilingan.
«2018-2020 yillar davomida davlat budjetidan ilm-fan uchun 1 trln so‘m (100 mln dollar) ajratildi. Germaniya, Rossiya, Turkiya va Belarus bilan jami 17 mlrd so‘mga yaqin (1,7 mln dollar) 44 ta qo‘shma ilmiy tadqiqot va startap loyihalari amalga oshirilmoqda. Innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy kapitali 15 mlrd so‘m (1,5 mln dollar) bo‘lgan Milliy venchur fondi tashkil etildi», deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, 2018-2020 yillar mobaynida ichki bozorda jami 59,4 mlrd so‘m (5,5 mln dollar) miqdorida 43 tadan ortiq ilmiy loyihalar tijoratlashtirildi. 2018-2020 yillar davomida 232 nafar yosh olim xorijga malaka oshirishga jo‘natildi.
«Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi tomonidan COVID infeksiyasini aniqlash uchun milliy test tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan laboratoriya tashkil etildi. Xitoy Fanlar akademiyasi va «Zhifei Loncom Biofharmaceutical» kompaniyasi bilan hamkorlikda «ZF-UZ-VAC2001» vaksinalari yaratildi», deyiladi jumladan maqolada.
Vazirlik matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, 2021 yilda innovatsion ilmiy tadqiqotlarni budjetdan moliyalashtirishga 514,2 mlrd so‘m ajratilmoqda.
Xususan, 1 yanvardan boshlab moliyalashtiriladigan ilmiy va innovatsion loyihalarga 139,1 mlrd so‘m, fundamental tadqiqotlarga 77 mlrd so‘m, dolzarb mavzular bo‘yicha muntazam ravishda e'lon qilinayotgan tanlovga ko‘ra amaliy va innovatsion loyihalar uchun 134,9 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 50 mlrd so‘m yoshlarning innovatsion va startap loyihalarini moliyalashtirishga, 54 mlrd so‘m maqsadli loyihalarga, 30 mlrd so‘m pandemiya davrida tibbiyot fanlari bo‘yicha tadqiqotlarni jadallashtirishga, 29,2 mlrd so‘m ilmiy-tadqiqot loyihalarini tijoratlashtirishga sarflanadi.