Afg‘on generali qo‘shni davlatlarga umumiy harbiy bo‘linma tuzishni taklif qilmoqda
Afg‘oniston armiyasining maxsus operatsiyalar korpusi qo‘mondoni Muhammad Farid Ahmadi qo‘shni davlatlar bilan birgalikda terrorchilikka qarshi kurashish yo‘lida umumiy harbiy bo‘linma tuzish g‘oyasini ilgari surdi.

Farid Ahmadi / Foto: Qo‘mondonning Twitter sahifasi
AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi va Tolibon bilan to‘qnashuvlar jadallashgani fonida, hukumat armiyasi maxsus operatsiyalar korpusi (ANASOC) qo‘mondoni, general-leytenant Muhammad Farid Ahmadi qo‘shni davlatlarga terrorchilikka qarshi kurashish yo‘lida milliy sa'y-harakatlarni amalda birlashtirishni taklif qildi.
U Military Times'da e'lon qilgan maqolasida, bir nechta davlatlarning maxsus topshiriqli harbiylari (spetsnaz) ishtirokida Afg‘onistonda harbiy bo‘linmalar tashkil etish g‘oyasini o‘rtaga tashlagan.
Qo‘mondonning fikricha, qo‘shma harbiy tuzilmani yaratish – Afg‘oniston hududida mujohidlarning hujumini samarali qaytarish hamda terrorchilik guruhlarining Markaziy va Janubiy Osiyodagi qo‘shni davlatlarga yoyilishining oldini olish imkonini beradi.
Bundan tashqari, maxsus operatsiyalar bo‘yicha milliy tuzilmalar shu orqali katta jangovar tajriba orttiradi, deya hisoblamoqda u.
Afg‘on generalining taklifi haqida so‘z yuritgan rossiyalik kuzatuvchi Aleksandr Xrolenkoning yozishicha, AQSh Davlat departamentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod ham «spetsnaz do‘stligi» g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayotganini taxmin qilish mumkin. Shu bilan birga, Xrolenko g‘oya amalga oshishi ehtimoli pastligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa doktrinasiga asosan, mamlakat Qurolli Kuchlari xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmaydi.
Mavzuga oid

18:10 / 21.03.2025
O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 200 tonna insonparvarlik yordami yubordi

13:53 / 21.03.2025
O‘zbekiston va Fransiya Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorlikni muhokama qildi

21:24 / 19.03.2025
O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasidagi orolchalarda qamishzorlarni rejali tartibda yoqish boshlandi

20:52 / 14.03.2025