Turizm sohasida bayram munosabati bilan chegirmalar e'lon qilindi

O‘zbekiston 09:17 / 14.05.2021 3941

Prezidentning «2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmoni hamda «Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori bilan 13 may kuni Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatda 13-14-15 may kunlari qo‘shimcha dam olish kunlari etib belgilangani munosabati bilan turizm sohasi vakillari tomonidan turli chegirmalar e'lon qilindi.

Turizm va sport vazirligi xabariga ko‘ra, 13-14-15 mayda aholining dam olish kunlarini maroqli tashkil etish, ichki turizm yo‘nalishida sayohatlarga jalb etish maqsadida, turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari tashabbusi bilan respublikadagi 237ta mehmonxona va mehmon uyi xizmatlari uchun 3-40 foizgacha hamda 141ta umumiy ovqatlanish joyidagi xizmatlarga 5-43 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

Turizm maskanlariga kirish chiptalari uchun (ziyoratgoh, madaniy meros obektlari, muzey va boshqa) 46ta madaniy meros obektiga (44tasida 30 foizgacha chegirma, 2 tasiga kirish bepul), 33ta muzeyga kirish uchun (19tasida 30 foizgacha chegirma, 12tasiga kirish bepul) imtiyozlar belgilangan.

“Shu o‘rinda fuqarolarimizga sayohat davomida xavfsizlik va salomatligini asrash hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etgan holda, aholi gavjum va jamoat joylarida, umumiy ovqatlanish obektlarida (restoran, kafe, oshxona, choyxona), shuningdek, mehmonxonalar, mehmon uylari va turizm maskanlari (muzeylar, ziyoratgohlar va savdo majmualari)da ijtimoiy masofani saqlash zarurligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: