Isroil G‘azo sektoriga keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi

Jahon 10:11 / 14.05.2021 27608

«TsAXALning havo va quruqlikdagi qo‘shinlari ayni vaqtda G‘azo sektoriga hujum qilmoqda», deb aytilgan Isroil armiyasi xabarida.

Netanyahu armiya HAMASni «katta tovon to‘lashga majbur qilishini» aytgan. «Oxirgi so‘z aytilmadi va bu amaliyot Isroilda tinchlik va xavfsizlik tiklanishi uchun qancha vaqt zarur bo‘lsa, shuncha davom etadi», deb yozgan Isroil bosh vaziri Twitter’da. 

The Times of Israel nashrining xabar berishicha, amaliyotda harbiy samolyotlar, vertolyotlar, tanklar va artilleriya ishtirok etmoqda.

Isroil armiyasi G‘azo sektori chegarasidan 4 km uzoqlikda bo‘lgan fuqarolarga panohgohlarda yashirinishni va uni keyingi ko‘rsatmalar berilmaguncha tark etmaslikni buyurgan. Ta'kidlanishicha, bu ehtiyot chorasi bo‘lib, Isroil hududiga jiddiy javob zarbasi berilishi kutilmayapti.Bundan bir kun avval Isroil qo‘mondonligi G‘azo sektorida quruqlikda amaliyot o‘tkazish rejasini ishlab chiqqan. Chegaraga qo‘shimcha qo‘shinlar, jumladan, zirhli tank brigadalari va desantchilar bo‘linmalari tashlangan. Isroil hujumga o‘tishga tayyorlanib, zaxiradagi 16 ming harbiyni safarbar qilgan.

Isroil G‘azo sektorida quruqlikdagi harbiy amaliyotni oxirgi marta 2014 yil yozida o‘tkazgan. O‘shanda 7 iyulda boshlangan amaliyot 26 avgustda G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv bilan yakunlangan. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, amaliyot vaqtida Falastin tomondan 1462 kishi, Isroildan 6 kishi halok bo‘lgan. 1,6 mingga yaqin odam yaralangan. G‘azo sektorida 60 mingga yaqin uy va 5 mingdan ko‘proq korxona va do‘kon yo‘q qilingan.

Isroil va G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS va «Islom jihodi» harakatlari o‘rtasidagi navbatdagi ixtilof 10 may kuni boshlandi. HAMAS Isroilga ultimatum qo‘yib, Quddusdagi Masjidul Aqso atrofidagi hududlar va Shayx Jarroh dahasidan xavfsizlik kuchlarini olib chiqishni talab qilgan, yo‘qsa urush boshlash bilan tahdid qilgan. Bundan avvalroq ushbu hududlarda Isroil politsiyasi va falastinliklar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Ularning boshlanishiga Isroilning Shayx Jarrohdan falastinlik oilalarni chiqarib yuborish qarori sabab bo‘lgan.

HAMAS o‘z talabi bajarilmagach, Isroilga raketalar bilan zarba berishni boshlagan. O‘tgan 3 kun ichida G‘azodan Isroil tomon 2 mingtaga yaqin raketa otilgan. Zarbalar davomida Isroilda 7 kishi halok bo‘lgan. Bunga javoban Isroil havo amaliyotini boshlab, HAMAS va «Islom jihodi»ning G‘azodagi obektlariga zarba bera boshlagan. Falastin tomonining xabar berishicha, hujum oqibatida G‘azoda 109 kishi, jumladan, 29 nafar bola halok bo‘lgan.

G‘azo sektori bilan ixtilof ortida Isroilning o‘zida ham vaziyat keskin tus oldi. Hozirda mamlakatning ko‘plab shaharlarida arablar va yahudlar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: