Enter Engineering: «Kichkintoy» uchun bayram sovg‘asi tuhfa qilindi

O‘zbekiston 11:24 / 14.05.2021 8729

Muqaddas Ramazon oyida xayrli va savob ishlar har doimgidan-da ko‘proq amalga oshirilib, ko‘plab ehtiyojmand kishilar mehr-muruvvat va g‘amxo‘rlikni his etadilar. Bunday xayrli ishlarda, ayniqsa, turli sohaga oid yirik tashkilotlar, xususiy tadbirkorlar, xayriya muassasalari hamisha peshqadamdirlar. O‘rta Osiyo va Rossiya Federatsiyasining eng yirik pudratchilaridan sanalgan Enter Engineering Group ham bunday xayrli ishlardan chetda turgani yo‘q va aynan Ramazon oyi munosabati bilan bir nechta xayrli tadbirlarni amalga oshirdi.

Rejadagi saxovat tadbirlari Toshkent viloyati «Kichkintoy» bolalar uyi o‘z bag‘riga olgan 57 nafar mehrga tashna bolajonlar uchun tashkil etildi – kompaniya tomonidan chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan o‘ta sifatli gigiyenik-parvarish vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari va o‘yinchoqlardan iborat insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Mazkur muassasa bosh shifokori – Tohira Abdusamatovna Ismoilova bolalarni behad sevuvchi va mehribon inson. U malakali pediatr bo‘lib, bu yerda 1997 yildan buyon faoliyat yuritadi, birinchi darajali «Sog‘lom avlod uchun» va «Shuhrat» medali sohibasi. Uning uch o‘g‘li, bir qizi va to‘qqiz nabirasi bor. Tohira Abdusamatovna qizini go‘daklik davrida asrab olgan va jonidan ortiq ko‘radi. Bu yerda ishlovchi tarbiyachi va enagalarning barchasi ham juda ajoyib insonlar. Aynan ular bu yerda katta bo‘layotgan bolalar uchun ham ota, ham ona o‘rnini bosishga intilishadi va shu bois ular uchun eng aziz insonlarga aylanishgan. Tohira Ismoilova Enter Engineering’ga o‘z minnatdorligini bildirdi:

– Muassasamizga turli sabablarga ko‘ra ota-onasidan ayrilgan hali emizikli chaqaloqlardan boshlab 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Tug‘uruqxonadan to‘ppa-to‘g‘ri bizning uyimizga keladigan, ota-onasi voz kechgan uch-to‘rt kunlik chaqaloqlarni ham parvarishlab katta qilamiz. Tabiiyki, tug‘iliboq ona mehridan mahrum bo‘lgan bunday go‘daklarni katta qilish oson emas, shukrki, muassasamizda buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bolajonlarning bekam-u ko‘st yashashi va katta bo‘lishi uchun davlatimiz tomonidan barcha kerakli shart-sharoitlar yaratilgan, qolaversa, Enter Engineering Group kabi homiy tashkilotlar, saxovatpesha insonlar ham bizga ko‘p yordam berishadi. Kompaniya rahbarlari va jamoasini Hayit bayrami bilan o‘zim va bolajonlarimiz nomidan tabriklayman!

Enter Engineering Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: