AQSh kompaniyasi unga hujum qilgan hakerlarga 5 million dollar to‘ladi  

Jahon 08:09 / 14.05.2021 6354

AQShning Colonial Pipeline kompaniyasi hakerlik hujumidan keyin ishlashdan to‘xtagan kompyuter tarmog‘ini tiklash uchun hakerlarga 5 mln dollarga yaqin pul to‘ladi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.  

Hakerlar talab qilgan pul Colonial Pipeline’ga qarashli quvur to‘xtashiga olib kelgan kiberhujum kuni – 7 mayda to‘lab berilgan. Ta'kidlanishicha, so‘ralgan pul kuzatib bo‘lmaydigan kriptovalutada to‘langan. Kompaniya vakili bu borada izoh berishdan bosh tortgan.  

Ma'lum qilinishicha, hakerlar pulni olgach, kompaniyaga kompyuter tarmog‘ini tiklay olishi uchun maxsus vositani bergan. Biroq u sekin ishlagan va shu sababli kompaniya o‘z ishini tiklash uchun boshqa usullarni qo‘llagan. 

Taxmin qilinishicha, hujumni DarkSide guruhi hakerlari sodir etgan.  

Avvalroq AQSh OAV hakerlar Rossiya bilan bog‘langan bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgan. Biroq Oq uy hujumga Rossiyaning aloqasi yo‘qligini aytgan. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Enn Nyuberger hujumni biror davlat emas, balki hakerlar guruhi sodir etganini ta'kidlab o‘tgan. 

11 may kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning hakerlik hujumiga aloqasi yo‘qligini aytgan.  

Colonial Pipeline’ga hujum oqibatida AQShning sharqiy sohilidagi aholining 45 foizini yonilg‘i bilan ta'minlovchi quvur ishi izdan chiqqan. Ta'kidlanishicha, tez orada kompaniya o‘z ishini tiklaydi.  

Bu orada DarkSide hakerlari yana 4ta navbatdagi «qurboni» haqida ma'lum qilgan. Hakerlar o‘z saytida keltirgan ma'lumotlarga ko‘ra, ular Italiyaning Valvitalia kompaniyasi, Fransiyaning Heli-Union vertolyot operatori, AQShning Irving Materials qurilish mollari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi hamda All American Asphalt kompaniyasi ma'lumotlarini o‘g‘irlashgan.

O‘g‘irlangan ma'lumotlar orasida korporativ elektron pochta manzillari, ichki hujjatlar va xodimlarning shaxsiy ma'lumotlari, jumladan, pasport nusxalari bor.

Ko‘proq yangiliklar: