«Jangga tayyorlanyapmiz». Isroil G‘azo sektori chegarasiga quruqlik qo‘shinlarini yuboradi

Jahon 18:57 / 13.05.2021 40355

«Harbiylar chegara yaqiniga keltiriladi. Bu tayyorgarlik qadami», degan Isroil mudofaa armiyasi matbuot kotibi, podpolkovnik Yonatan Konrikus.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zaxiradagilarning 3 ming nafari armiyaga safarbar etilgan, chegaradagi harbiy qo‘mondonlarga esa voqealarning har qanday rivojiga tayyor turish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

«Ular u yerda jangovar shay holatda turishibdi, ular jangga tayyorlanmoqda desa ham bo‘ladi. Ammo bu ertagayoq qiladigan birinchi ishimiz emas - biz e'tiborimizni dushmanning imkoniyatlarini pasaytirishga qaratganmiz», deya qo‘shimcha qilgan armiya vakili.

Chorshanba kun kun davomida G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS guruhi va Isroil armiyasi bir-biriga zarbalar berishda davom etdi. Falastinliklar Isroil hududiga yana o‘nlab raketalar uchirdi - bu Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan yo‘llangan aviazarbalar oqibatida G‘azodagi yana bir ko‘p qavatli bino vayron etilishiga javoban amalga oshirildi.

Xabar qilishlaricha, tomonlar bir-biriga harbiy hujum qila boshlagan dushanba kunidan buyon G‘azo sektorida kamida 72 kishi halok bo‘lgan, shundan 17 nafari bolalardir. HAMAS tomonidan nazorat qilinuvchi Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, isroilliklarning zarbalari tufayli yaralanganlar soni 400 nafarga yaqin.

Isroil tomonidagi yo‘qotishlar soni esa 7 kishi, shu jumladan, bir bola, bir harbiy xizmatchi va Hindiston fuqarosi halok bo‘lgan. So‘nggi kunda Isroilning bir necha shaharlarida, shu jumladan, mamlakat janubidagi Sderoteda raketalar portlagan - uylardan biriga raketa kelib tushishi natijasida olti yoshli bola qurbon bo‘lgan. Seshanba kuni Isroil hukumati jarohatlanganlar soni 100 nafarga yaqinligi to‘g‘risida ma'lumot bergandi.

Bir necha soatlik tanaffusdan keyin payshanbaga o‘tar kechasi falastinliklar raketa yog‘dirishni davom ettirishdi. Isroildagi nashrlar xabar berishicha, mamlakatning markazi va janubida, shuningdek, G‘azo sektoridan ancha olisda joylashgan shimoldagi ayrim shaharlarda ham havo hujumi haqida sirenalar yangragan.

O‘z navbatida, Isroil ham payshanba tongida G‘azo sektorining shimoliy hududlariga raketa zarbalari yo‘lladi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, Isroil mudofaa armiyasi HAMAS razvedka xizmatlari faoliyat olib boruvchi binoni nishonga olgan, shuningdek, ushbu guruh moliyaviy amaliyotlarini amalga oshiriladigan bank hujumga uchragan.

Arab tumanlaridagi to‘qnashuvlar
Isroil hukumati va HAMAS o‘rtasidagi ziddiyat fonida bir necha shaharlarda isroillik arablar ishtirokida shiddatli to‘qnashuvlar boshlanib ketdi. Dushanba kunidan buyon hukumat arab tumanlarida 400ga yaqin kishini hibsga olgan.

Isroildagi nashrlar xabariga ko‘ra, olomon nafaqat yahudiylarga, balki arablarga ham hujumlar qilmoqda.

Chorshanba kuni kechqurun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil shaharlaridagi vaziyatni «toqat qilib bo‘lmas» deb baholagandi. «Biz anarxiyaga yo‘l qo‘ymaymiz. Bir guruh arablar yahudiylarga hujum qilishiga yoki bir guruh yahudiylar arablarga hujum qilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deya hukumat rahbarining videomurojaatiga asoslanib yozadi Times of Israel.

Isroilning asosiy xalqaro aeroporti Ben Gurion joylashgan Lod shahridagi to‘qnashuvlar ayniqsa qaqshatqich tus olgan. Xabar qilishlaricha, bu yerda sinagogga va bir necha avtomobilga o‘t qo‘yilgan, hududda favqulodda holat va komendantlik soati joriy etilgan.

Bundan tashqari, Hayfa shahrida ham arab namoyishchilari politsiya bilan to‘qnashgani haqida xabarlar kelgan. Shuningdek, Sharqiy Quddusda va Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi bir qancha shaharlardagi yangi to‘qnashuvlar haqida ma'lumotlar bor.

Chorshanba kungi xabarlardan ko‘proq hollarda yahudiylar arablarga nisbatan zo‘ravonlik uyushtirayotgani ma'lum bo‘ladi. Jumladan, Isroil televideniyesida namoyish etilgan kadrda O‘rta Yer dengizi qirg‘og‘idagi Bat-Yam shahrida yahudiylar guruhi arabligi gumon qilingan shaxsni mashinadan chiqarib, kaltaklagani aks etgan. Ammo Wall Street Journal nashri xabariga ko‘ra, bu jabrdiyda aslida yahudiy bo‘lgan. Bundan tashqari, shahardagi bir necha arab muassasalari vayron qilingan. Shahar meri Zvik Brotning ta'kidlashicha, tartibsizliklar «shahar tashqarisidan kelgan provokatorlar tomonidan uyushtirilgan».

Isroil aholisining 21 foizga yaqinini arablar tashkil etadi - ular Isroil davlati tashkil etilishidan oldin ham shu hududda yashagan va 1948 yilda yangi davlat tashkil etilganidan keyin ham o‘z shaharlarida qolishga qaror qilgan odamlarning avlodlaridir.

Netanyaxu mamlakat hukumati Isroilni tashqi dushmanlardan ham, mamlakat ichkarisida tartibsizliklar uyushtirayotganlardan ham himoya qilish uchun bor imkoniyatni ishga solishini ma'lum qilgan. Ammo Falastin ma'muriyati Isroilning harakatlarini «shusiz ham tushkunlikda yashayotgan ikki million kishiga jarohat yetkazuvchi» «harbiy agressiya» sifatida qoralagan.

Chorshanba kuni yana nimalar ro‘y berdi?
G‘azodagi qurollangan falastinliklar xabar qilishicha, Isroil hududiga 130 raketa uchirilgan - bu shahardagi uchinchi ko‘p qavatli bino qulashiga olib kelgan isroilliklarning aviatsiyasi hujumiga javoban amalga oshirilgan. Bu binoda HAMAS harakatining televizion kanali bo‘lmish «Al-Aqso TV»ning studiyasi joylashgandi.

Isroil armiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, uch kun davomida Isroil hududiga jami 1,5 ming raketa yo‘llangan, ularning aksar qismi «Temir qubba» nomli havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgan.

Isroil qurolli kuchlarining tasdiqlashicha, G‘azo sektoriga bu safargi zarbalar berilishi - mintaqada 2014 yildan buyon eng keng ko‘lamli harbiy harakatlar bo‘lmoqda.

Isroil tomoni xabariga ko‘ra, hujumlar oqibatida HAMASning yuqori martabali amaldorlaridan biri o‘ldirilgan, bundan tashqari, Isroil hududini o‘qqa tutishda qo‘llangan raketa uchiruvchi moslama yo‘q qilingan.

G‘azo sektoridagi uylar o‘qqa tutilishidan oldin Isroil bu uylarda yashovchi aholini evakuatsiya haqida ogohlantirgan. Ammo falastinlik shifokorlarning ma'lumotiga ko‘ra, qurbonlar orasida tinch aholi vakillari ham bor.

Agence France-Presse agentligi xabariga ko‘ra, seshanba kungi aviazarbalar oqibatida bir oilaning besh a'zosi halok bo‘lgan. «Biz kulishib o‘tirgandik. Ammo ular birdan bizni bombalashni boshladi. Butun atrofni yong‘in chulg‘ab oldi», deya ko‘zda yosh bilan hikoya qiladi hujumdan omon qolganlardan biri, 14 yoshli Ibrohim.

Shu bilan birgalikda, Isroil armiyasi xabar qilishicha, chorshanba kuni kechqurun millionlab isroilliklar bombapanalarga yashirinishga majbur bo‘lishgan.

Jerusalem Post gazetasi korrespondenti Anna Aronxaym BBC bilan suhbatda aytishicha, seshanba kuni kechqurun u o‘zining besh oylik chaqalog‘i bilan bombapanaga tushib, jon saqlashga majbur bo‘lgan. «Yuzlab raketalarni tutib qolishayotgani, ammo ularning ayrimlari atrofga tushayotganini ko‘rish va eshitish dahshat edi», deydi u.

Bundan tashqari, chorshanba tongida Isroil armiyasi harbiy xizmatchisi Omer Tabib qurbon bo‘lgan - u G‘azo sektoridan tankka qarshi raketa uchirilishi qurboniga aylangan.

Lod shahrida raketa avtomobil ustiga tushgan, natijada Isroil fuqarolari bo‘lgan ikki arab halok bo‘lgan.

Xalqaro maydonda qanday reaksiya bo‘lmoqda?

BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish hududda zo‘ravonlik darajasi oshishi munosabati bilan «chuqur qayg‘uda» ekanini bildirdi. BMT Xavfsizlik kengashi Yaqin Sharqdagi voqealar yuzasidan maxsus yig‘ilish o‘tkazgan bo‘lsa-da, u qandaydir bayonot qabul qilmadi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Netanyaxu bilan telefon muloqoti chog‘ida HAMAS tomonidan qilinayotgan zo‘ravonlik holatlarini keskin qoraladi, ammo shu bilan birgalikda, Isroil tinch aholi orasida qurbonlarga sabab bo‘lishdan qochishi lozimligini qayd etdi. Hududga tez orada Blinkenning o‘rinbosari Hodi Amr yo‘l olishi, u bu yerda ikki tomon vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.

Moskva esa Yaqin Sharq kvartetining (AQSh, YeI, BMT va Rossiya) navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirishga chaqirmoqda.

Rossiya TIV tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanovning HAMAS siyosiy byurosi raisi o‘rinbosari Muso Abu-Marzuq bilan o‘tkazgan telefon muloqoti mazmunini keltirdi. Unda «agar xalqaro hamjamiyat Isroilni Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjididagi zo‘ravonlik harakatlarini hamda mamlakatdagi arablarga qarshi harakatlarni to‘xtatishga ko‘ndirsa, HAMAS ham Isroilga qarshi har qanday harbiy harakatni bas qilishga tayyorligi» keltirilgan.

Zo‘ravonlik kuchayishiga nima sabab bo‘ldi?
Ko‘p yillik arab-isroil ziddiyatidagi navbatdagi keskinlikka bu safar ham yahudiylar uchun ham, musulmonlar uchun ham, xristianlar uchun ham muqaddas sanaladigan Quddus shahri sabab bo‘ldi. O‘tgan haftada shaharda Isroil politsiyasi va falastinliklar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangandi.

7 may kuni Isroil sudining qaroriga binoan Ma'bad tog‘lari yaqinidagi «Shayx Jarroh» mahallasidan arab oilalarini majburan ko‘chirib yuborishga harakat boshlangach, tartibsizliklar yuzaga keldi.

Namoyishlarning yana bir sababi esa shahar rasmiylari musulmonlarga 10 may — Quddus kuni nishonlanadigan sanada islom dinining uchinchi muhim ziyoratgohi bo‘lgan Al-Aqsoga tashrif buyurishni taqiqlagani bo‘ldi. Quddus kuni 1967 yilgi olti kunlik urushdan so‘ng sharqiy Quddusning Isroil nazorati ostiga o‘tishini yodga olish kuni hisoblanadi. Bu yil Quddus kuni musulmonlarning muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri keldi.

Dushanba tongida yuzlab falastinliklar Isroil xavfsizlik kuchlari xodimlarini toshbo‘ron qila boshladi. Politsiya shovqinli granatalar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘lladi. Dastlabki to‘qnashuvlarda ikki tomondan 300dan ortiq kishi yaralandi.

Ko‘p o‘tmay Falastin hududidan raketalar otila boshladi. Isroilning turli hududlari bo‘ylab amalga oshirilgan hujumlar uchun javobgarlikni HAMASning harbiy qanoti - «Al-Qasam» bo‘linmasi o‘z zimmasiga oldi. Falastinliklarning yana bir tashkiloti «Islom jihodi» ham Isroil hududi raketalar yo‘naltirgani haqida ma'lum qildi.

Shundan keyin Isroil tomoni ham javob zarbalari berishni boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: