«Vengriyadagi ta'lim, ish topish va yoshlarga soliq imtiyozlari...» – Mishkols universiteti doktoranti bilan suhbat

O‘zbekiston 12:30 / 12.05.2021 4759

Bugun ushbu suhbatning to‘liq yozib olingan variantini e'tiboringizga havola qilamiz.

Nega Mishkols universiteti?

PhD dasturida ta'limni davom ettirish uchun menda uchta mamlakatdagi universitetlardan birini tanlash imkoniyati bo‘lgan. Bular orasida Mishkols ham bor edi. Men Mishkols universitetini tanlaganman.

Yevropada oldin tahsil olganim, bu yerdagi ta'lim jarayonlaridan xabardorligim bir sabab bo‘lsa, aynan mening yo‘nalishimdagi mashhur, yuqori ilmiy salohiyatga ega professorlar shu yerda faoliyat yuritishi bu qarorga kelishimga turtki bo‘ldi.

Chunki izlanishlar olib borish va doktoranturada tahsil olish uchun ilmiy rahbarning ham o‘rni va salohiyati muhim hisoblanadi.

Vengriyada PhD dasturi boshqa mamlakatlardan farq qiladi

Ko‘plab davlatlardagi universitetlarda doktoranturada tahsil olish odatda uch yil davom etadi. Vengriyada esa bu farqli ravishda to‘rt yil. Ya'ni bu ikki yo‘nalishga bo‘lingan. Dastlabki ikki yilda yo‘nalishga tegishli fanlarni o‘qish talab qilinadi va ilmiy ishga tegishli adabiyotlar ro‘yxati tuzib chiqiladi.

Keyin esa ikkinchi yil yakunida imtihonlar bo‘lib o‘tadi. Agar imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tsangiz, keyingi ikki yillik dasturga kiritilasiz va ilmiy izlanishlarni boshlaysiz. Shuningdek, doktorantlar o‘qish va izlanishlar bilan birga, universitetda magistrant talabalarga dars berishlari ham mumkin.

Vengriyada yoshlarga soliq imtiyozlari mavjud

Vengriyadagi soliqlarni to‘liq bilmayman, ammo ushbu tizimda men bilgan muhim afzallik – bu yerda 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar daromad solig‘i to‘lamaydi. Bu yengillik yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat dasturiga kiritilgan. Bundan tashqari, kichik biznes bilan shug‘ullanuvchilar agar faoliyatida muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, u ko‘rgan zarar davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladi.

To‘liq videoni UzbekLife’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Ufora Habibullayeva suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: