Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi

O‘zbekiston 21:42 / 12.05.2021 8913

Aziz yurtdoshlar!

Yurtimiz mo‘min-musulmonlari va butun xalqimizni yer yuzidagi islom ummati tomonidan keng nishonlanayotgan ulug‘ va muborak ayyom – Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

El-yurtimiz uchun insonparvarlik, sabr-qanoat, xayr-u saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan ushbu qutlug‘ bayram kunlarida barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Hammamiz guvohi bo‘lib turganimizdek, keyingi bir yildan ziyod vaqt davomida butun dunyo mamlakatlari qatori jonajon O‘zbekistonimiz ham pandemiya bilan bog‘liq murakkab sinovlarni boshidan o‘tkazmoqda.

Bunday sharoitda Ramazon oyi va hayit bayramining mohiyatida mujassam bo‘lgan mehr-muruvvat, ehtiyojmand toifalarga har tomonlama ko‘mak va yordam ko‘rsatish, hayot tashvishlari va muammolarini birgalikda, o‘zaro yelkadosh bo‘lib hal etishdek olijanob qadriyatlar ayniqsa muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zining milliy urf-odat va an'analariga sodiq, mehnatkash va saxovatli xalqimiz ana shunday yuksak fazilatlarni yaqqol namoyon etib, muqaddas Ramazon oyini tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida o‘tkazgani hamda ushbu e'zozli ayyomni katta shod-u xurramlik bilan kutib olayotgani unga alohida fayz-u shukuh bag‘ishlamoqda.

Bugungi kunda keng ko‘lamli islohot va tub o‘zgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq va manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini ta'minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, bu borada ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, xalqimizning boy va qadimiy diniy-ma'naviy merosini tiklash va faol targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish bo‘yicha olib borilayotgan salmoqli ishlarni alohida ta'kidlash lozim.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatida – kalom ilmining atoqli namoyandasi Abu Muin Nasafiy, Namangan viloyatida – tasavvuf ta'limotining yirik vakili Sulton Uvays Qaraniy, Toshkent shahrida Suzuk ota yodgorlik majmualari bunyod etildi. Ko‘plab masjidlar, madrasa va diniy obidalar qayta qurilmoqda va ta'mirlanmoqda, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jadal davom ettirilmoqda.

Muborak Ramazon oyida yana bir ulkan xayrli ishni boshlaganimiz – buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriyning Samarqand viloyatidagi yodgorlik majmuasini ul zotning musulmon olamidagi beqiyos obro‘-e'tibori va nufuziga munosib holda barpo etishga kirishganimiz sizlarga yaxshi ma'lum, albatta.

Milliy tariximizda birinchi marta ko‘p jildli «Islom» ensiklopediyasi nashr etila boshlagani ham muqaddas dinimizning asl mazmun va mohiyatini xalqimiz o‘rtasida keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Ko‘lami va miqyosi tobora kengayib borayotgan bunday amaliy ishlarimiz yangi O‘zbekistonni barpo etish, mamlakatimizda Uchinchi renessans poydevorini yaratish, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishdek ezgu maqsadlarimizga uyg‘un va hamohang bo‘lib, barcha yurtdoshlarimizni ana shu g‘oyalar atrofida yanada birlashtirishga xizmat qilayotgani ayniqsa e'tiborlidir.

Muhtaram do‘stlar!

Bugungi shiddatli zamon barcha jabhalar qatori diniy-ma'rifiy sohada ham oldimizga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Ayniqsa, dunyo miqyosida raqobat tobora keskin va shafqatsiz tus olayotgani, barqarorlikka nisbatan tahdidlar jiddiy tus olayotgani bizni doimo hushyor va ogoh bo‘lib yashashga, farzandlarimizni jismoniy va ma'naviy barkamol etib tarbiyalashdek g‘oyat mas'uliyatli ishga har qachongidan ham ustuvor ahamiyat berishga da'vat etmoqda.

Zero, islom dini – avvalo, tinchlik va do‘stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma'rifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim.

Bugungi osuda hayotimizning qadriga yetish, jamiyatimizda hukm surayotgan turli millatlar va elatlar, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi bag‘rikenglikni, fuqarolar orasidagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash barchamizning asosiy burchimizdir.

Ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur», degan so‘zlari bugun ham dolzarb ahamiyatga ega.

Binobarin, diniy qadriyatlarimizni, milliy o‘zligimizni ulug‘lab yashash bilan birga, davr talabi bo‘lgan zamonaviy ilm-fan yutuqlari, axborot texnologiyalarini egallashga alohida e'tibor qaratishimiz, yosh avlodimizni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashimiz kerak.

Hurmatli ulamolarimiz, imom-xatiblarimiz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, muhtaram nuroniylarimiz – keng jamoatchilik yaqin hamkorlikda bu borada yanada faol va samarali ish olib boradilar, deb ishonaman.

Qadrli yurtdoshlar!

Alloh taoloning marhamati yog‘iladigan ushbu barokatli va nurafshon kunda sizlarni yana bir bor aziz-u mukarram Iyd ul-Fitr bilan chin dildan tabriklayman.

Dunyoning uzoq-yaqin mamlakatlari musulmonlarini ham samimiy qutlab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik yor bo‘lishiga tilakdoshman.

Mehnatkash va oqko‘ngil xalqimizning mo‘tabar mohi Ramazonda qilgan barcha ezgu niyat va duolari ijobat bo‘lsin!

Jonajon Vatanimizni, aziz xalqimizni Yaratganning O‘zi panohida asrasin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ko‘proq yangiliklar: