Qashqadaryoda bojxonachilar 2,5 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositalarining noqonuniy oldi-sotdisiga chek qo‘ydi

O‘zbekiston 18:13 / 12.05.2021 870

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi Davlat xavfsizlik xizmati bo‘limi vakillari bilan hamkorlikda Chiroqchi tumanida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasini fosh qildi. Bu haqida Respublika bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro U.Yu.ga tegishli qo‘l sumkasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, yuklari orasidagi oyoq kiyimi ichiga 2 dona polietilen o‘ramlar yashirilganligi aniqlangan.

Mazkur o‘ramlar ochib ko‘rilganida uning ichidagi modda 97,5 gr og‘irlikdagi «marixuana» giyohvandlik vositasi ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, Qamashi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro I.N. hamda Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro A.B.lar 197,2 gr og‘irlikdagi «marixuana»ni o‘zaro oldi-sotdi qilishayotgan vaqtda to‘xtatib qolingan.

Mazkur tezkor tadbir davomida jami og‘irligi 294,7 gr og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Shuningdek, Qamashi tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda ushbu tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, xonadon tomiga 2 kg 202 gr og‘irlikdagi «marixuana» giyohvandlik vositalari yashirib qo‘yilganligi aniqlangan. Ko‘zdan kechirish davomida hovlidagi tomorqada 542 tup «kannabis» giyohvandlik o‘simligi ham parvarishlayotganligi ma'lum bo‘lgan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: