Buxoro davlat tibbiyot instituti chekka hududlardagi shifoxonalarga ilmiy-amaliy yordam berishni boshladi

O‘zbekiston 16:56 / 12.05.2021 5615

2021 yilning 21-22 yanvar kunlari prezident Shavkat Mirziyoyevning hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Buxoro viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga ham bir qator topshiriqlar berilgan edi. Jumladan, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayevga institut faoliyatini isloh qilish hamda amaliy faoliyatni asosan chekka hududlarda amalga oshirish vazifasini qo‘ygandi.

Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni yanada yaxshilash, kasalliklar profilaktikasi, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sanitariya-gigiyenik madaniyatni targ‘ib qilish maqsadida joylarda institutning klinik kafedra filiallari ochildi. Muassasalarda sohaga oid fanlarni o‘qitish uchun ma'ruza xonalari tashkil etildi. Talaba va professor-o‘qituvchilar joylarda mashg‘ulotlar olib bormoqda.

Ayni kunlarda tibbiy mashg‘ulotlar tuman tibbiyot birlashmalarida institut rektori Shuhrat Teshayev boshchiligida davom etyapti. Jondor tumani aholisi ko‘z kasalliklari bilan og‘rish bo‘yicha viloyatda birinchi o‘rinda turadi. Shu sababli bu yerda «Reabilitologiya va sport tibbiyoti» va «Oftalmologiya» kafedrasi filiallari faoliyat boshladi.

Fan o‘qituvchilari bu yerda soha mutaxassislari bilan hamkorlikda tibbiy muassasalarga murojaat qilayotgan fuqarolarni qabul qilib, ularga tegishli ko‘rsatma berish, davolash yoki taalluqliligi bo‘yicha markazdagi kasalxonalarga yuborish bilan shug‘ullanishmoqda. Shuningdek, talabalar o‘zlari uchun tayyorlangan ma'ruza xonalarida darslarda ishtirok etish bilan birga, poliklinika tibbiy brigadalariga biriktirilgan holda tibbiy ko‘riklarda ishtirok etishyapti. Bu kabi klinik kafedralar barcha tumanlardagi shifoxonalar bazasida tashkil etilib, yuqori kursda tahsil oluvchi talabalar professor-o‘qituvchilari nazorati ostida amaliy mashg‘ulotlarni o‘tamoqda. 

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan hozirgi kunga qadar tumanlarda 100 ga yaqin operatsiya, 1350 nafar bemorga konsultativ yordam ko‘rsatildi.

Sog‘lom turmush tarzining qaror topishi, jumladan, faol jismoniy harakatda bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish hamda zararli odatlardan voz kechish inson salomatligini asrashda muhim o‘rin tutadi. Talabalar salomatlikni saqlashda profilaktika jarayonlari, sog‘lom turmush tarziga qat'iy rioya etish borasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini amalga oshirishadi.

Buxoro tibbiyot instituti matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: