Premium-klass avtoyuvish shoxobchasi: u qanaqa bo‘ladi? - Blackstar Carwash bilan tanishuv

Light 20:30 / 11.05.2021 114376

Loyihaga hozircha nom qo‘yganimiz yo‘q, shu sababli tanlov e'lon qilamiz. Ko‘rsatuvimizning birinchi sonini oxirigacha tomosha qiling va olgan taassurotlaringiz asosida loyihamizga to‘g‘ri keladigan kreativ nom topib, Youtube'da video ostidagi izohlarda yozib qoldiring, siz topgan nom bizga ma'qul kelsa 1 million so‘m sohibi bo‘lasiz. Tanlov g‘olibi keyingi ko‘rsatuvimizda e'lon qilinadi.

Ko‘rsatuvimizning birinchi sonida hozirgi kunda eng daromadli bizneslardan biriga aylanib ulgurgan avtomobil yuvish biznesiga nazar solmoqchimiz.

Bir qarashda oddiy ko‘ringan bu biznes, borgan sari zamonaviylashib bormoqda. Oldin avtomobillar shundoqqina ariq bo‘yida bitta chelak va latta bilan yuvilardi. Hozir-chi? Avtomobil yuvish shoxobchalari borgan sari dam olish komplekslarini eslatib yubormoqda.

Ko‘rsatuvimizning birinchi sonida tadbirkor Maqsad Mansurov bilan u O‘zbekistonga olib kirgan Blackstar Carwash franshizasi haqida suhbatlashdik.

3 ming metr kvadratdan ortiq maydonga ega shoxobcha Toshkent markazida, Amir Temur xiyoboni yaqinida joylashgan.

— Poytaxtda borgan sari premium toifadagi avtomobil yuvish shoxobchalari ko‘payib boryapti. Nahotki, shu toifadagi avtomobil yuvish shoxobchalariga talab yetarli darajada?

— Har bir soha quyi, o‘rta va yuqori segmentga bo‘lingan. Biz yuqori sifat segmentini tanlaganimizga sabab – ko‘p do‘stlarimiz, yaqinlarimiz yaxshi mashina haydaganda mashinasini ukasi yoki haydovchisiga berib yuborishdan cho‘chiydi. O‘zi bormasligiga sabab – avtomobil yuvadigan joyda kerakli sharoit yo‘q. U issiqda yoki sovuqda ko‘chada turishni xohlamasligi mumkin yoki vaqti yo‘q. Bu yerda esa har bir inson tushlik qilishi, kechki payt o‘rtoqlari yoki dam olish kuni farzandlari bilan kelib hordiq chiqarishi uchun sharoit yaratilgan.

Masalan, tushlik mahali kelsangiz, bemalol mashinani qoldirib, tushlik qilib olishingiz mumkin.

— Bu yerda avtomobil yuvishdan tashqari yana nimalar bor?

— Deteyling xizmati, ya'ni mashinalarni keramika qilish, polirovka, ximchistka qilish va mashina uchun aksessuarlar do‘konimiz bor. Shuningdek, ovqatlanadigan joyimiz ham bor.

— Bularning narxlari qanday?

— «Moyka»miz premium bo‘lgani bilan narxlarimiz hamyonbop. Masalan, «osvejitel»lar 20 mingdan 250 minggacha. Mersedes uchun parfyumlar ham bor, 1 million 200 ming turadi. Hammasiga talab bor.

— Blackstar Carwash'ning ichida nega Blackstar Burger yo‘q?

— Blackstarburger ham bizning qadrdon do‘stimizga tegishli. Inshaalloh, yaqinda tepada Blackstar Burger butkasini ham qo‘yish niyatimiz bor.

— Bu «moyka»ning boshqalaridan farqi qanday?

— Bizda har bir mashina uchun individual boks bor. Va har bir mashina uchun yangi latta beriladi. Bitta latta bilan 10ta mashina yuvilmaydi. Qirilmasligi uchun alohida pilesos, karcher, turbosushkalarda yuviladi. Kanveyyerda shoshiltirib, uni ber, buni ber deb chala yuvilish mumkin, bizda esa buning ehtimoli kam.

— Mashina yuvish narxlari qanday?

— Bizda 100, 130, 200 minglik Silver, Gold va Platinum tariflari bor. Eng arzonida ham yangi latta, ximiyalarda yuviladi. Biz Koch ishlatamiz. Sababi Koch Grass'dan ham yuqori hisoblanadi. Koch doimiy ravishda bozorda bor va uning sifati yaxshiroq. Boshqa yuvish vositalari bir safar chiqib, keyingi safar chiqmay qolishi mumkin.

— 100 minglik tarif bilan 200 minglik tarif o‘rtasidagi farq qanday?

— Mayda cho‘tkalar bilan alohida detallari yuviladi. 100 mingga qo‘l bormaydigan joyga 200 mingga qo‘l borib, yuvishi mumkin. 200 minglik tarifda mashinaning taglari bilan yuviladi. Yuvish 3ta fazada bo‘ladi. Motor tarifdan tashqari alohida, 50 mingga yuviladi.

— Bir vaqtning o‘zida nechta mashinani yuvish mumkin?

— 13ta boksimiz bor va yuvilgandan keyin orqa tarafimizda bemalol tayyor mashinalarni joylab qo‘yishimiz uchun yana 15-20ta mashina uchun sharoit, joy bor.

Bizning franshiza talabimiz bo‘yicha launch zona bo‘lishi kerak. Ya'ni bemalol pleysteyshn o‘ynab o‘tirish uchun sharoit. Va bu tekinga xizmat ko‘rsatadi. 5ta kabinamiz bo‘lib, ularning dekoratsiyasi har xil qilingan. Bu yerda ovqatlanish ham mumkin.

— Sizlar dekabrda ochildingiz, adashmasam, ochilganingizda boshida kalyan bor edi. Hozir nega olib tashlandi?

— Bizning qadriyatlarga to‘g‘ri kelmagani uchun. Blackstar'ning franshizasida kalyan bor. Lekin biz kalyanni olib tashlashni iltimos qilib, tushuntirganmiz. Ular tushunishgan.

— Nega o‘zingiz brend ochmasdan, Blackstar franshizasini ochdingiz. O‘zingiz brend ochganda arzonroq tushmasmidi?

— Bu narsa o‘zimizning ham xayolimizdan o‘tgan. Blackstar bilan muzokarani boshlaganimizda ham o‘ylagandik. Lekin Blackstar'ning franshizasini olishimizga sabab – odamlar brend nom bilan hisoblasharkan. Oddiy nom qo‘yganimizda odamlarni jalb qilish qiyinroq bo‘lgan bo‘lardi. Aynan Blackstar degani uchun odamlar brend uchun ham kelib ko‘rishni istashadi.

Bu nomni saqlab qolish esa bizga bog‘liq. Chunki kimgadir narxi yoki sifati to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Hammaning ko‘nglini olish qiyin. Ba'zan ishchilar xatolikka ham yo‘l qo‘yadi. Bu juda nozik ish.

— Print.uz, Centris fit&spa ham sizlarniki, adashmasam. Nega aynan avtomobil yuvish shoxobchasini ochdingiz?

— Mening asosiy soham poligrafiya, ya'ni bosmaxona. Bu joy chiqib qolganda, asosiy maqsad bu joyni obod qilish edi. Minus 2-qavatni omborxona qilsangiz, obod bo‘lmaydi, baribir shunaqa tashlandiq joy bo‘ladi. O‘zi avtomobil yuvish shoxobchasi ochish niyatida edik. Shu joy aynan avtomobil yuvish shoxobchasiga mos kelgani uchun shu sohani tanladik.

— Blackstar bilan kelishuvga erishish qiyin bo‘lmadimi?

— Yo‘q, bu juda oson bo‘ldi. O‘tgan yili karantindan oldin kelishuvlar boshlangandi. Keyin karantin davrida ozgina pauza qilib, may-iyunda qayta boshlab bir hafta ichida tashkil qildik. Bu bir hafta ham shartnomani o‘qib chiqib, to‘g‘ri kelmaydigan joylarini olib tashladik.

— Blackstar franshizalari arzon emas. Blackstar Carwash'ning franshizasini necha pulga oldingiz?

— Bu bizning sir. Agar aytsam, shartnomani buzgan bo‘laman. Bu – dollarda 6 xonali son.

— Blackstar franshizalari qimmat bo‘lgani uchun bu biznesning plyusga kirishi qiyin bo‘ladi deyishadi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

— Tadbirkor sifatida biz pulni ho-yu havasga tikish niyatimiz yo‘q. Biz buning hisobini olgan holda bu ishga kirganmiz. Hozircha 5 oy ishladik. Istalgan ishga to‘g‘ri yondashsangiz, to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysangiz yurib ketadi. Bu ish menga to‘g‘ri kelgani, ko‘p vaqtimni talab qilmagani uchun ham bu ishga aralashib, yo‘lga qo‘yib topshirib yuborganman. O‘zim nazorat qilib turaman. Lekin hali kamchiliklari bor. Hali men tasavvur qilgan darajaga chiqmadi.

— 5 oy ichida sarflagan xarajatingizga taqqoslanadigan bo‘lsa, plyusga chiqyapsizlarmi?

— Ha, albatta.

— Bir kunda nechta mashina keladi?

— O‘rtacha 150-160ta mashina keladi. Yomg‘ir kuni bo‘lsa, umuman mashina kelmasligi ham mumkin. Lekin yomg‘irda yuvadiganlar ham bor.

— Sizlarda qancha vaqt kalyan bo‘ldi?

— Adashmasam, 2-3 oycha kalyan bilan ishladik.

— Kalyan bo‘lgan vaqtdagidan ko‘ra hozir mijozlar soni o‘zgarganmi?

— Nisbatan o‘zgargan. Asosan yoshlar kalyanga qiziqadi. Lekin unaqalar ko‘p ham emas. Nisbatan kamaygan. Lekin inshaalloh biz rizqimizga iymon keltirganmiz, ishonamiz, bizning rizqimiz kalyanga bog‘lanmagan. Bizda kalyan yo‘qligini ko‘rib, buni qadrlaydigan mijozlarimiz ham yo‘q emas. Biz shu auditoriyani yig‘ishga harakat qilamiz.

Biz ochgan franshiza Moskvanikidan ham yaxshiroq deb bilaman. Onlayn ochilish qilganimizda, ular ham shunaqa fikrga kelishdi. Bizning kvadratimiz ham kattaroq. Ularda 600-700 kvadratura bo‘lsa, bizniki 3000 kvadraturada. Eshitishim bo‘yicha, ular 24 soatda 100ta mashina yuvishadi. Bizda bitta smenada 9dan 2gacha bemalol 350-400tagacha mashina yuvishga imkoniyatimiz yetadi. Lekin har kuni emas. Chunki har kuni yuvsa, xodimlar charchab qolishadi. Odatda kuniga 200tagacha yuvamiz.

— Hozirgi tempda o‘sadigan bo‘lsangiz, bu franshiza qanchada o‘zini oqlaydi?

— 2-3 yilda chiqaramiz degan yaxshi niyat qilib turibmiz.

— Hozir nechta odam ishlaydi?

— 30 nafar yuvuvchi, 5-6 nafar admin. Sartaroshxona, kafeni ham qo‘shib hisoblaganda, umumiy 50-60 kishi ishlaydi.

— Mashina yuvuvchilar qancha oylik oladi?

— Ular har bir yuvgan mashinasiga 25-35 ming so‘m atrofida oladi. Bu ham tariflariga qarab, chunki 200 minglik moykaga vaqt ko‘proq ketadi. Oddiy 100 minglikka 40 minut ketsa, 200 minglikka 2 soat ketadi.

— Barbershopda narxlar qanday?

— 100 mingdan 200 minggacha.

— Franshiza bo‘yicha sartaroshlikni ham o‘rganish kerakmi?

— Bu Blackstar'ning franshizasi Sherzod degan do‘stimga tegishli. Shuni o‘rganish uchun Moskvaga o‘qishga borib kelishgan. Bizdagisi 2-nuqtasi. Asosiysi Markaz-1 dahasida joylashgan. U yerda ayollar saloni ham bor. Har 6 oyda borib o‘qib kelishadi.

— Avtomobil yuvuvchi bolalarni ishga olish talablari qanday?

— Ikki marta mashina yuvdirib ko‘rib bilamiz. Buning boshqacha talabi yo‘q. Bu sotuvchi yoki hisobchi bo‘lmasa, atamalar bilan gaplashib, bilimini sinaydigan. To‘g‘ri, boshida ochilgan bilan bugungi kungacha bolalar ancha almashdi. Filtr qilib, yaxshisini qoldirib, yomoniga to‘g‘ri tushuntirib, xayrlashdik. Albatta, ishchilar ham inson, 3 kun yaxshi yuvib, keyingi kun yaxshi yuvmasligi mumkin.

Bunda ishxonadagi kayfiyat muhit yaxshi bo‘lishi kerak. Ko‘p joylarga borganimizda yuvuvchi bolalarga qo‘pol muomala qilishganiga guvoh bo‘lganmiz. Bizda bu narsaga o‘zim jiddiy qarayman. Administratsiya va rahbarlardan ham shuni talab qilaman. Chunki har bir insonning izzat-nafsi bor. Bularning sal gapga xafa bo‘lishi osonroq. Shuning uchun ishchilarga yaxshi munosabatda bo‘lishlarini so‘rayman. Chunki agar ishchilarga yaxshi munosabatda bo‘lsangiz, ular ishiga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘ladi. Ularga qo‘pollik qilsangiz, ishchilar sizga bildirmay, mashinani yomon yuvadi. Bundan mijozlar shikoyat qiladi. Ammo eng yomoni shikoyat qilmay, qaytib bu yerga kelmaydiganlari ham bor.

— Marketingda qaysi yo‘nalishga ko‘proq e'tibor qaratasizlar?

— Bunda ijtimoiy tarmoqlar asosiy o‘rinda turibdi. Instagram, Facebook'da videolar orqali marketing olib boriladi.

— Blackstar Carwash'ga kelgan mijoz o‘rtacha 400 ming tashlab ketadi. Bu o‘zini oqlaydimi?

— To‘g‘ri, boshqa joylarda 40-50 mingga ham mashina yuvdirish mumkin. Bizda esa, masalan, yuvilgandan keyin polirovkaga talab bo‘lmasligi uchun, mashinaning yaltirashi uchun kimyoviy moddalar ishlatiladi. 15 mingga 3 marta mashina yuvdirsangiz, qirasiz, rangi xiralashadi. O‘sha pulingiz polirovkaga, keramikaga bir necha yuz dollarlab ketib qoladi. Shu narsalarning oldini olish uchun shunaqa premium yuvish xizmatlari o‘ylab topilgan.

Jamshidxon Ziyoxonov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.
Ko‘rsatuv hamkori – MFaktor
Hamkorlik uchun: info@kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: