Mamadali Topvoldiyev 1919 yil 3 sentyabrda Farg‘ona viloyati Rishton tumani Pandigon qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Topvoldi aka dehqonchilik, onasi Melibuva aya esa farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Kazbek armiya safiga chaqirilgunga qadar qishloqda bir muddat pochtalon, keyin esa traktorchi bo‘lib ishlagan. U 1939 yilda urushga jo‘nab ketgan.
Kazbek frontda ko‘plab mardlik namunalarini ko‘rsatgan. E'tiborli jihati, 1940 yilda o‘ta muhim ishlar topshirig‘ini bajarayotgan nemis josusini tiriklayin qo‘lga olgan. Mazkur qahramonligi uchun Kazbek yuksak orden bilan mukofotlangan.
Kazbek 1941 yil 22 iyundagi janglardan birida yarador bo‘ladi. Uni Belorussiyaning Pisarevo qishlog‘ida yashovchi Anna Rilkova o‘z uyida davolaydi. Ular ona-bola tutinadilar. Fashistlar Kazbekni saqlaganini payqab qolib, Anna Rilkovaning uyini portlatib yuboradi. Keyinchalik Kazbek tutingan onasiga yangi uy solib beradi.
Kazbek yana safga qaytib, nemislar qo‘lida tutqunlikda turgan asirlarni qutqaradi. U 4ta eshelonni portlatib 76 nafar fashist askari, nemis generalini asirga oladi.
O‘z askarlari uchun asosiy xavf ekanini anglab yetgan Adolf Hitler Kazbekning boshi uchun 50 ming marka mukofot va'da qiladi.
Kazbek har bir amalga oshirgan operatsiyasidan so‘ng daraxt yoki devorga «Kazbek» deb xanjarda o‘yib o‘z ismini yozib chiqqan. Bu dushmanga doim qo‘rquv solib kelgan.
1944 yil 15 avgust kuni unga sovet ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.
Urushdan keyin Kazbek o‘zi tug‘ilib o‘sgan Pandigon qishlog‘iga qaytadi. Oradan bir muddat o‘tib Donoxon ismli qizga uylanadi. Birin-ketin farzandlari — Muborakxon, Ahmadali, Homidjon, Mavludaxon, Hasanboy va Farhodjon tug‘iladi.
U Zohidon qishlog‘iga raislik qilgan vaqtda ko‘plab obodonchilik ishlarini amalga oshiradi. 1969 yil 6 may kuni Kazbek fojiali tarzda halok bo‘ladi. Uning qabrini ziyorat qilish uchun tutingan onasi Anna Rilkova Pandigon qishlog‘iga keladi.
Bugungi kun...
Kun.uz muxbiri Mamadali Topvoldiyevning Pandigon qishlog‘idagi xonadoni hamda uy-muzeyida bo‘lib, qahramonning qizi Mavluda Topvoldiyeva bilan suhbatlashdi.
«Otam urush haqidagi kinolarni ko‘ziga yosh olib tomosha qilar edi»
«Otam vafot etganida 10 yoshda edim. Uning haqiqiy kahramonligini kitoblarda o‘qib, kinofilmlarda ko‘rganmiz. U juda bolaparvar inson bo‘lgan. Hech birimizga qattiq gapirmas edi. Kolxozda ishlardi. Erta tongda ishga ketib, yarim tunda qaytardi. Ishdan juda kech qaytgani uchun ko‘pincha otamni ko‘rmas edik. Farzand tarbiyasiga alohida e'tibor berardi. Ming afsuslar bo‘lsinki, farzandlari kamolini ko‘rish ularga nasib qilmadi.
1969 yilda mash'um hodisa yuz bergan kuni olamdan o‘tdi. Otamdan keyin boshimizdan qiyin kunlar o‘tkazdik. Rahmatli onam bir o‘zi 6 nafar farzandni o‘qitib, uyli-joyli qildi.
1974 yilda otam vafotidan keyin belorussiyalik Anna Rilkova (uni buvi deb chaqirar edik) Lena ismli nabirasi bilan uyimizda bir oy mehmon bo‘lgan. U «Kazbekning O‘zbekistondagi oilasini bir marta bo‘lsa ham ko‘rib keyin o‘lsam armonim yo‘q», deb niyat qilgan ekan. Anna buvi yoshlari bir joyga borib munkillab qolgan edi o‘shanda. Uning uyimizga kelganini ko‘rib, xuddi otamni ko‘rgandek xursand bo‘lganmiz.
Otam uni ikkinchi onam, derdi. Anna buvi o‘z o‘g‘lidan kechib bo‘lsa ham otamni yerto‘lada saqlab, fashistlardan himoya qilgan.
Urushdan keyin ham otam yilda ikki marta Belorussiyadagi quroldosh do‘stlarining yoniga borib turdi. Anna buvining holidan xabar oldi. Otam hayot paytida Anna buvining O‘zbekistonga kelishi nasib qilmagan.
Uyimizda beloruscha naqsh tushirilgan, qo‘lda tikilgan sochiq va dasturxonlar ko‘p bo‘lardi. Keyin bilsam, otam urush paytida cherdaklarda naqsh ham tikkan ekan. Bular uyimizda hozir ham saqlanadi.
Urush tugagach, otamni Belorussiyada energetika sohasiga ishga olib qolishgan ekan. O‘shanda u «mening bu sohada ma'lumotim yo‘q, uyda keksa onam bor, bormasam bo‘lmaydi», deb, O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Anna Rilkova vafotidan keyin onam Belorussiyada bir oy turib kelgan.
Urushdan keyin otam Qo‘qondagi zavodda direktor bo‘lib ishlagan. Oilam yonida bo‘lay, deb keyin Zohidon qishlog‘iga kelib raislik qilgan. O‘shanda Zohidon qishlog‘ini qayta qurishga qaror qilgan. Bu loyihani Sharof Rashidov ham qo‘llab-quvvatlagan. 7–8 yil ichida otam raislik qilgan qishloq tubdan o‘zgargan.
U paytda men 3-sinfda o‘qirdim. Otamni Rahim degan telbasifat odam pichoqlab o‘ldirgan. Nima uchun bu ishni qilgani hozirgacha ma'lum emas. Otam o‘ta hushyor va baquvvat odam bo‘lgan. Uning o‘limi barchani dog‘da qoldirgan.
Hamon yodimda: otam urush haqidagi kinolarni yig‘lab tomosha qilardi. Haqli ravishda otamdan faxrlanaman. U qalbimizda mangu yashaydi», — deya hikoya qiladi ikkinchi jahon urushi qahramonining qizi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri