Argentinadagi kompaniyada ish haqi xodimlar tomonidan belgilanmoqda

Light 11:42 / 09.05.2021 82830

Argentinada 10Pines dasturiy ta'minot kompaniyasi xodimlarning ish haqini ularning hamkasblari tomonidan belgilanishiga imkon beradi.

Shaffof va demokratik bo‘lishga intilayotgan mazkur kompaniyada ish haqi yiliga uch marta o‘tkaziladigan «ish haqini tayinlash yig‘ilishlari»da belgilanadi. Ushbu yig‘ilishlarda yangi va sinov jarayonida bo‘lgan xodimlardan tashqari barcha ishtirok etadi.

Xodimlar (yoki ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchilar) ish haqi qancha oshishi kerakligini aytishadi va ularning bu boradagi takliflari ochiq muhokama qilinadi.

2010 yilda tashkil topgan va 85 nafar xodimga ega 10Pines kompaniyasi poytaxt Buenos-Ayres shahrida faoliyat olib boradi.

Xodimlar kompaniya foydasining 50 foizini bo‘lishishadi.

Xodimlardan biri Ariyel Umanskiy 2020 yil dekabrda 7 foizga ko‘tarilgan oylikni olishdan bosh tortgan. «O‘z qobiliyatini mendan ko‘ra yaxshiroq namoyish eta olgan hamkasblarim qarshisida o‘zimga nisbatan ishonchsizlik tuydim», deydi Umanskiy bunga izoh berarkan.

Umanskiy so‘nggi 5 yil ichida ikkinchi marta oshirilgan oylikni olishdan bosh tortgan.

«Iyerarxik bo‘lmagan kompaniya»

Kompaniya imkon qadar to‘g‘ri iyerarxiyaga ega bo‘lishni va xodimlar uchun shaffof muhit yaratishni maqsad qilgan.

3 oylik sinov muddatidan so‘ng ishga qabul qilingan har bir yangi xodim jamoaning qolgan qismi bilan har oy ochiq yig‘ilishlarda qatnashadi. Yig‘ilishda potensial yangi mijozlar, xarajatlar, kompaniyani moliyalashtirish va albatta, ish haqi kabi bir qator muhim masalalar bo‘yicha kompaniya qarorlari qabul qilinadi.

Jamoada bosh direktor yoki menejyer yo‘q. Buning o‘rniga «hamkasblar» yoki «usta»lar mavjud.

«Oyliklarni oshirish to‘g‘risida qaror qabul qiladigan xo‘jayin yo‘qligi sababli biz hokimiyatni xodimlarga berganmiz», deydi 10Pines asoschilaridan biri Xorxe Silva.

Yangi ishga qabul qilingan shaxslar o‘z maoshlari to‘g‘risida ma'lum darajada kelishib olishlari mumkin. Silvaning aytishicha, bu avvaliga muammo bo‘lishi mumkin. Shu sababli, yangi ishchilarga taklif qilinadigan ish haqi kompaniyadagi yaqin tajribaga ega bo‘lganlar bilan hal qilinadi.

Ishga qabul qilish jarayonidagi so‘nggi suhbatda esa nomzod 80 kishidan iborat butun jamoa bilan uchrashadi. Bu yerdagi maqsad shuki, nomzod jamoaning ishchi dinamikasini ko‘rishi kerak. Ushbu bosqichda nomzodga hech qanday texnik savollar berilmaydi.

«Agar u daho bo‘lgan taqdirda ham ba'zi xodimlar jamoaga moslashmaslik natijasida keskinlikni tug‘dirishini mumkin», deydi Silva.

O‘zining yondashuvini «sotsiokratiya» deb ta'riflagan 10Pines kompaniyasi braziliyalik tadbirkor Rikardo Semler tajribasidan ilhomlangan. Semler o‘z tajribalarini «Maverik» nomli kitobida qalamga oladi.

«Biz bu kitobni muqaddas kitobimiz deb bildik», deydi 10Pines asoschilaridan biri Xorxe Silva.

«Gender tengligi osonlashadi»

«Ishdagi inson tajribasi» kitobining muallifi, Buyuk Britaniyadagi mehnat murabbiylari va konsalting firmasi – HEX Organization’ning boshqaruv direktori Ben Uayterning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda bunday «ilg‘or va shaffof» kompaniyalarning soni ko‘payib bormoqda.

Uayter «shaffof ish haqi» g‘oyasi orqali erkaklar va ayollar o‘rtasida teng sharoitlarni ta'minlash mumkin, deb o‘ylaydi: «Ko‘plab kompaniyalarda ish haqi yopiq eshiklar ortida hal qilinadi. Ammo shaffof ish haqi yanada aniqroq va hisoblashga qulay usul hisoblanadi».

Boshqa tomondan, Uayter bu usulni 80 nafar ishchisi bo‘lgan kompaniyada qo‘llash mumkin, deb hisoblaydi, ammo ishchilar soni ikki baravar ko‘paygan taqdirda bu usulning foydasi kamayishi mumkin.

«Biz teng emasmiz, lekin adolatli bo‘lishga harakat qilamiz»

«Biz bu jarayonni 12 yil ichida ishlab chiqdik» deydi 10Pines dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchisi Anjyeles Tella Arena.

«Ish haqi bo‘yicha muzokaralarni boshlaganimizda 30 nafar ishchimiz bor edi. O‘shanda biz 50 nafar xodim bilan faoliyat yuritsak, bu usul ishga yaramay qoladi, deb qo‘rqardik, ammo biz shunchaki moslashishda davom etdik. Ishonchni saqlab qolish uchun jarayonlarni yangilab turishingiz kerak».

Arena agar kompaniya o‘sishda davom etsa, xuddi shu tizimni avtonom ravishda nusxalab ishlatadigan ikkinchi ofisni yaratishga ehtiyoj tug‘ilishi mumkinligini aytadi.

Hammuassis Xorxe Silva esa «Muhimi, tenglik va adolat o‘rtasida farq borligini anglash kerak», degan fikrda.

«Hammamiz teng emasmiz, lekin adolatli bo‘lishga harakat qilyapmiz. Biz o‘z xodimlarini boshqarishga va ularga bolalarday munosabatda bo‘lishga harakat qiluvchi klassik kompaniya bo‘lishni xohlamaymiz», deydi u. 

Ko‘proq yangiliklar: