Soliq qo‘mitasi OAVni soliqchilarning sudlardagi ishtirokiga oid masalani bir yoqlama yoritishda aybladi

Iqtisodiyot 15:04 / 05.05.2021 9790

DSQ tadbirkorni jarimaga tortgan soliqchining o‘zi jarima to‘laydigan bo‘lgani haqidagi xabar tarqalgach, sud qarorida keltirilgan vajlar asossizligi bois sudning mazkur qarori ustidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritilganini ma'lum qildi.

«Shu kunga qadar aynan ushbu predmet bo‘yicha sudlar tomonidan mazkur toifadagi ishlar soliq organlari xodimlarining xatti-harakatida huquqbuzarlik alomatlari bo‘lmaganligi sababli tugatilgan», – deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.

Bundan tashqari, DSQ OAVni soliqchilarning sudlardagi ishtirokiga oid xabarlarga haddan ziyod e'tibor qaratib, masalani bir yoqlama yoritishda ayblamoqda.

«So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat soliq xizmati organlarining sud ishlarida ishtiroki bilan bog‘liq voqeliklarga haddan ziyod e'tibor qaratilib, masalaning mohiyatini tushunmasdan, bir yoqlama muhokama qilinmoqda.

Ayrim internet nashrlarida joriy yilning 3 may kuni e'lon qilingan «Toshkentda tadbirkorga jarima solgan soliqchining o‘zi jarima to‘laydigan bo‘ldi» mazmunidagi maqolalarda keltirilgan holatlarning aslida Davlat soliq qo‘mitasi va «obnalchi» firmalar ishiga mutlaqo aloqasi yo‘q.

Maqolada Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi Kameral soliq tekshiruvlari shu'basi xodimiga nisbatan tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma olmasdan turib, kameral soliq tekshiruvini o‘tkazganligi uchun MJtKning 241-2-moddasi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilganligi va unga nisbatan jarima tayinlanganligi ta'kidlangan», – deyiladi rasmiy xabarda

DSQ OAV tomonidan ayrim hollarda soliq organlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan maqsadli harakatlar bo‘layotgani sababli, OAV xodimlaridan voqelikni to‘g‘ri va xolisona yetkazishni so‘ramoqda.

Biroq, Kun.uz «Toshkentda tadbirkorga jarima solgan soliqchining o‘zi jarima to‘laydigan bo‘ldi» sarlavhali maqolada o‘z pozitsiyasini bildirmagan, balki biznes-ombudsman tarqatgan xabardan birinchi manba sifatida foydalangan. Maqolada holat «obnalchi» firmalar ishiga aloqadorligi ham nazarda tutilmagan.

«Obnal ishi»ga doir sudda soliq organining xatti-harakati noqonuniy deb topilgani to‘g‘risidagi xabar 26 aprel kuni e'lon qilingandi.

Kun.uz DSQ faoliyatiga doir xabarlarda barcha tomonlarning fikrini berib kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: