O‘zbekistonga import qilinayotgan 6,5 ming tonna kungaboqar yog‘i bojxona omborlarida to‘planib qoldi

Iqtisodiyot 18:02 / 05.05.2021 22843

O‘simlik yog‘i importi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i 2021 yil oxirigacha bekor qilinishi bojxona omborlarida yog‘lar to‘planib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan olgan ma'lumotga ko‘ra, tadbirkorlar soliq imtiyozi berilishini kutib import qilayotgan o‘simlik yog‘larini ma'lum muddat bojxona omborlarida saqlagan. Natijada omborlardagi yog‘ mahsulotlari miqdori bir haftada 3 ming tonnaga ortgan.

«Narx-navoning oshishiga ta'sir ko‘rsatgan omillardan biri – o‘simlik yog‘i importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunning kuchga kirishidir. Bu – bojxona omborlarida o‘simlik yog‘ining ortiqcha miqdorda to‘planishiga olib keldi.

Joriy yilning 27 aprel holatiga ko‘ra, bojxona omborlarida 3,5 ming tonna kungaboqar yog‘i va may oyi boshida (4 may) 6,5 ming tonna pista yog‘i mavjud edi», – deyiladi ITIM ma'lumotida.

Markazga ko‘ra, ayni paytda o‘simlik yog‘i narxi o‘sishi to‘xtagan.

«Operatsion ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta o‘simlik yog‘i narxlari 1,5 foizga, bir hafta oldin esa 5 foizga pasayishi kuzatildi. Bozorning ushbu ko‘rsatkichlari o‘simlik yog‘i narxlari darajasining barqarorlashuv tendensiyasini ko‘rsatadi», – deya qayd etadi O‘zbekiston prezidenti huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar markazi.

Ko‘proq yangiliklar: