«Iqtisodiy o‘sish odamlar hayotida aks etmasa, faqat raqamlardan iborat bo‘lib qoladi» - Nodirbek Ochilov

Iqtisodiyot 18:52 / 05.05.2021 11263

Ochilovning aytishicha, faqat nominal ko‘rsatkichlar emas, real ko‘rsatkichlarni o‘zgartira oladigan iqtisodiy o‘sishga erishish – Markaziy bank oldidagi muhim vazifalardan.

«Iqtisodiy o‘sish odamlar hayotida aks etmasa yoki aholi daromadlarining o‘sishiga, xarid qobiliyatini saqlab qolishga va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmasa, faqat raqamlardan iborat bo‘lib qoladi.

Shu nuqtayi nazardan, inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta'minlash – bizning asosiy maqsadimiz. Ya'ni iqtisodiy o‘sish bilan birgalikda aholi turmush darajasi, daromadlari va xarid qobiliyati ham oshib borishi kerak.

Pulni istalgancha chiqarish mumkin, ko‘p xorijiy ekspertlar buni vertolyotdan pul sochish deyishadi. Pulni iqtisodiyotga qo‘yish mumkin, lekin iqtisodiyotning bu pulni hazm qila olish qobiliyati, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini inobatga olgan holda bo‘lishi maqsadga muvofiq», – dedi u.

Nodirbek Ochilovning aytishicha, xarid qobiliyatining saqlab qolinishi inflatsiyaning past bo‘lishi bilan bog‘liq.

«Inflatsiya pasaygan sharoitda investorlarning mamlakatga ishonchi yuqori bo‘ladi. Makroiqtisodiy barqarorlik bo‘lgan joyda iqtisodiy o‘sishga fundamental asoslar yaratiladi.

Tasavvur qiling, siz tadbirkorsiz, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchisiz. Ishchi kuchi jalb qilasiz yoki mablag‘ingizni biror loyihaga tikmoqchisiz. Siz uchun eng muhim narsa – kelajakdagi narxlar qanday darajada bo‘lishi.

Albatta, siz agar kelajakda noaniqliklar bo‘lsa yoki 2-3 yildan keyin vaziyat qanday bo‘lishini baholay olmasangiz, pul tikishga ham qiynalasiz yoki bu jarayonda sizga juda katta to‘siqlar yuzaga kelishi mumkin. Ya'ni kelajakni ko‘ra olmaslik, makroiqtisodiy beqarorlik mavjudligi investor va tadbirkor uchun ertangi kunga bo‘lgan ishonchni kamaytiradi.

Ertangi kunga ishonch kamayishi investitsiyalar kamayishiga, ishlab chiqarish pasayishiga olib keladi. Buning investitsion barqarorlikka ham ta'siri bor», – dedi MB departamenti direktori.

Avvalroq, 2021 yilning mart oyida yillik inflatsiya sur'ati 10,9 foizga tushgani xabar qilingandi.

2021 yilda O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 9–10 foiz bo‘lishi prognoz qilingan.

Regulyator 2023 yil oxiriga borib mamlakatda inflatsiya darajasini 5 foizga tushirishni mo‘ljal qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: