“Yangi Andijon” shaharchasi qayerga va necha yilda quriladi?

O‘zbekiston 15:23 / 04.05.2021 5700

O‘tgan aprel oyida Prezidentga Andijon shahri yaqiniga qurilishi ko‘zda tutilgan qariyb 4 ming gektarlik, 411 ming aholiga mo‘ljallangan «Yangi Andijon» turar joy massivi qurilishi bosh rejasi prezidentga taqdim qilindi.

Ma'lumki, Andijon – O‘zbekistonda aholi eng zich joylashgan shaharlardan. Shaharning o‘zida rivojlanish uchun bo‘sh joy yo‘q. 
Kun.uz ijodiy guruhi massiv qurilishi boshlanayotgan joyda bo‘lib, loyiha haqida ma'lumotlar oldi. 


 
Andijon tumani adirliklari ustiga tushayotgan umumiy maydoni qariyb 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning bosh rejasiga ko‘ra, u 1439 gektar turli qurilmalar, ya'ni uy-joy, savdo maskanlari va kichik sanoat zonasi, 1820 gektar yashil hudud, 223 gektarlik xizmat ko‘rsatish hududi va 499 gektar yo‘llardan iborat bo‘ladi.

Shaharchaning qurilish  shtabida Andijon viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ibrohimjon Xolmatov bilan suhbatlashdik.

“Prezidentimiz o‘tgan yili Andijonga tashrifi doirasida bizga tavsiya berib ketdi. Shu tavsiyaga binoan Andijon tumanidagi Istiqlol massividan 4 ming gektar yer maydoni ajratilib, loyihalash ishlari boshlab yuborilgan. Bizga bu yangilik bo‘lgani uchun davlatimiz rahbarining tavsiyasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda ishlab, Turkiya loyihachilari tomonidan bosh reja ishlab chiqildi. 

Loyihaga ko‘ra, bu yerda juda katta, keng ko‘lamdagi ishlar, ya'ni, 5 qavatdan 7 qavatgacha bo‘lgan uy-joylarni qurish, bularga infrastruktura obektlari, ijtimoiy soha obektlari – maktab, bog‘cha, poliklinikalar, kasalxonalar, ishlab chiqarish obektlarini barpo etish vazifasi oldimizda turibdi. 

Turk loyihachilari rejasiga ko‘ra, 4 ming gektar maydonda qurilish ishlari 8ta bosqich bo‘yicha olib boriladi. Birinchi bosqichda ishlar 718 gektarda tashkil qilinadi. 718 gektardan 42 gektarini tanlab olib,  shu joyda alohida uy-joylar loyihalarini ishlab chiqib, hozirgi kunda tayyorgarlik ko‘rib, yer ishlarini boshlab yubordik. 

Bundan tashqari, bu joyga biz birinchi navbatda muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini olib kelishimiz kerak. Ichimlik suvi masalasi, oqova suvini olib chiqib ketish, elektr va tabiiy gaz bilan ta'minlash, yo‘l infratuzilmasini barpo etish, ya'ni mavjud yo‘llarni kapital ta'mirlash va yangilarini qurish vazifalari oldimizda turibdi. 

718 gektar yer 8ta fazaga bo‘lingan. Biz bitta fazasini o‘zimizga birinchi navbatda oldimizga maqsad qilib qo‘yib oldik . Bu 42 gektar yerni tashkil qilyapti. Bu joyda 60ta ko‘p qavatli, ya'ni 5 va 6 qavatli uy-joylar barpo etilishi mo‘ljallangan. Ularni mustaqilligimizning 30 yilligi nishonlanadigan sanagacha bitirishga harakat qilyapmiz. Umumiy yer maydonini va qurilish jarayonlarini e'tiborga olsak, bu yerda 20-30 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
 
4 ming gektardagi 8 bosqichli loyiha 10 yilga mo‘ljallangan dastur desak, to‘g‘ri bo‘ladi.  Ko‘z oldimizga keltirsak, hozirgi Andijon shahri yonida yana bitta yangi Andijon shahri paydo bo‘lyapti”, – deydi I. Xolmatov

Ko‘proq yangiliklar: