Shveytsariya O‘zbekistonda ta'lim sohasida yangi loyiha amalga oshiradi

O‘zbekiston 14:56 / 04.05.2021 3799

Joriy yil 3 may kuni Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Shveytsariya elchixonasining professional ta'limni rivojlantirishga doir yangi loyihasi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

Uchrashuvda 2021-2033 yillar davomida «O‘zbekistonda professional ta'lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash» bo‘yicha grant loyihasini amalga oshirishga doir hamkorlik yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Loyiha rahbari Brike Stinxof amalga oshirilishi kutilayotgan loyiha haqida qisqacha ma'lumot berdi.

«Xelvetas» kompaniyasi bugungi kunga qadar Qirg‘iziston va Tojikiston kabi qo‘shni mamlakatlar bilan izchil hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Bunda asosiy e'tibor qaratiladigan jihat: ta'lim va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta'minlashdir.

Mazkur loyiha Germaniya, Shveytsariya va Avstriyada juda yaxshi samara bergan. O‘ylaymizki, yoshlarga sifatli ta'lim berish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta'minlashda O‘zbekiston bilan amalga oshiradigan loyihalarimiz o‘z samarasini bermay qolmaydi», dedi Shveytsariyaning professional ta'lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyiha rahbari.

Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev professional ta'limda kadrlar tayyorlash masalasi bugungi kun tartibida eng muhim masalalar ekanini, shveysariyaliklar ilgari surilayotgan tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

«Ta'lim inspeksiyasi boshchiligida 20 dan ortiq mamlakat tajribalarini o‘rgangan holda O‘zbekistonda ilk bor Milliy kvalifikatsiya ramkasi hamda xalqaro andozalarga mos ravishda yangi shakl va mazmundagi «Professional standart»lar ishlab chiqildi. Bu professional ta'lim bosqichida malakali kadrlarni yangi texnologiyalar asosida tayyorlash imkonini beradi.

Albatta, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tufayli oldimizga qo‘ygan rejalarimizni to‘liq amalga oshira olmadik. Ammo bu yo‘nalishda islohotlarni amalga oshirishda davom etamiz», degan Ulug‘bek Toshkenboyev.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistondagi professional ta'limda o‘quvchilarda mehnat bozoriga yo‘naltirilgan bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish va iqtisodiyot tarmoqlarida munosib ish o‘rinlarini topish imkoniyatlarini kengaytirish hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, Helvetas Swiss Intercooperation – 1955 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam beruvchi Shveytsariyaning mustaqil tashkiloti. Hozirda kompaniya dunyoning 32 mamlakatida o‘z loyihalariga ega.

Ko‘proq yangiliklar: