Qoraqalpog‘istonda dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyalaridan biri quriladi

O‘zbekiston 14:37 / 04.05.2021 7510

2021 yilning 3 may kuni “ACWA Power”, O‘zbekiston Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida shamol energetikasi loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur loyiha Qoraqalpog‘istonda 1500 MVt quvvatga ega shamol energetikasini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishdan iborat bo‘lib, u foydalanishga topshirilgandan so‘ng Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga aylanadi.

“Ushbu loyiha mamlakatingiz uchun yana bir muhim yutuq hisoblanib, “ACWA Power” kompaniyasining ulkan qayta tiklanadigan energiya manbalari va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun O‘zbekistonda rivojlanib borayotgan bozor iqtisodiyoti sharoitida, mamlakat bilan hamkorlikda ishlashga sodiqligini kuchaytiradi”, dedi Saudiya Arabistoni kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan.

“Energiya ishlab chiqaruvchi sifatida biz O‘zbekistonda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda Yaqin Sharq va ayniqsa, Saudiya Arabistoni kabi hamkorlarimizdan ko‘p narsalarni o‘rganmoqdamiz. “ACWA Power” loyihasi ushbu jarayonga katta hissa qo‘shadi. Bizning rejamiz 2030 yilga borib elektr energiyamizning 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarishdir”, dedi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev.

Loyiha taxminan 4 million xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi va yiliga taxminan 2,5 million tonna karbonat angidrid gazini qoplashi kutilmoqda. Bu hukumatning o‘sib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun o‘n yil ichida qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirish maqsadlariga hissa qo‘shishi aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: