Emirates'ga ishga kirish, 69 ta davlatga sayohat va blogerlik - Davron Alijonov bilan suhbat

O‘zbekiston 15:12 / 04.05.2021 22327

– Shu paytgacha nechta davlatda bo‘lgansiz?

– Pandemiya davrini ham hisoblasak, jami 69ta mamlakat, dunyoning 30 foizida bo‘lganman. Kun.uz'ga birinchi marta intervyu berganimda 42ta davlatda bo‘lgandim.

– Har xil davlatda bo‘lgansiz. Sizningcha, qaysi davlatda odamlar baxtliroq?

– Menimcha, italyanlar ko‘proq baxtli. Chunki ularning taomlari mazali, ularda stress ham kamroq bo‘ladi. Iloji boricha hayotini o‘yin-kulgi, samimiyat va raqs bilan o‘tkazadi.

Lekin men uchun baxt yoki xursandchilik bu manzil emas. Bu – sizning yo‘lingiz. Ya’ni inson o‘zi xursandchilikni yaratishi kerak. Agar qaysidir mamlakatda inson xursandchilikni yarata olish mumkinligi haqida o‘ylasa, shu xalq ko‘proq baxtli bo‘laveradi.

Masalan, tasavvur qiling, hozir siz xursandmassiz. Lekin xursand bo‘lishga qandaydir sababingiz bor. Sog‘lomligingiz yoki ota-onangizning borligi. Ertalab uyqudan uyg‘onganingiz ham baxt. Sababi yana 24 soat sizga berildi.

Shuning uchun bir narsaga yetishish emas, balki jarayonning o‘zi baxt. Masalan, O‘zbekistonda o‘rtacha yashash 70 yil bo‘lsa, siz shu vaqt davomida baxtli insonga aylanasiz. Bir nuqtaga kelib baxtliman, degan inson bo‘lmaydi, demoqchiman.

– O‘zbek piyolasi va do‘ppisi g‘oyasi qayerdan paydo bo‘lgan?

– Follow me kabi g‘oyalar menga turtki bo‘lgan. Va men ham qanday holatda o‘zbekchilikni va sayohatlarni bir nuqtada saqlab qolish mumkinligi haqida o‘yladim. Boshimdagi do‘ppi ham O‘zbekistonning umumiylashgan ramzi. Piyola esa bu mening choyga qiziqishim.

– Bu g‘oya kelgan vaqtda qayerda edingiz?

– 2017 yilda Sidneyda edim. 25-27 davlatga o‘qishdalik paytimda borganman. Shengen vizam bo‘lgani sabab, bu zona bo‘ylab kamchiqim sayohatga chiqqanman. U davrlarda bu g‘oya bo‘lmagan. Lekin har doim do‘ppim o‘zim bilan bo‘lgan. O‘qishda prezentatsiyalar vaqtida yoki ko‘chada ham do‘ppi kiyib yurganman. Men uchun do‘ppi eskilik ham, zamonaviylik ham emas. Bu sizning o‘zligingiz.

Masalan, Dubayda insonlar o‘zining abaya yoki kandurasida yurishadi. Bu ham ularning o‘zligini saqlagani, ham zamonaviy bo‘la olishini isbotlaydi.

Shuning uchun do‘ppi menda doim bo‘lgan. Sayohatlarim ko‘paygan sari sayohatlarimni qiziqishlarim bilan bog‘lagan holda milliyligimizni aks ettirish g‘oyasi keldi. Buni choy bilan bog‘lashim kerak edi. Shuning uchun tea – choy va zeal – g‘ayrat so‘zlarini birlashtirib, piyola yoki orqa tomonda tushgan rasmga #teazeal heshtegidan foydalana boshladim.

Birinchi rasmim Sidneyda, Opera House bilan bo‘lgan. iPhone 6 telefonimda tushgandim.

– Bu Instagram'da layk yig‘ishga qaratilganmidi yoki o‘zingiz ich-ichingizdan xohlaganmisiz?

– Ich-ichimdan chiqqan. Instagram'da ko‘proq layk yig‘ishni istaganimda, lyuks hayot tarzini ko‘rsatgan bo‘lardim va menda aniq ko‘proq obunachi bo‘lardi. Lekin asosiy maqsadim O‘zbekistonni promout qilish desa ham bo‘ladi. Masalan, chetda yurganingizda, kimdir sizdan boshingizdagi to‘rtburchak narsa nima deb so‘raydi. Keyin tushuncha berishni boshlaysiz.

Menda «Do you know Uzbekistan?» degan loyiha ham bo‘lgan. Bunda har xil mamlakatga borganimda mahalliy aholidan O‘zbekiston haqida so‘raladi. Pandemiyadan keyin boshlaymiz.

– O‘zbekiston haqida bilishadimi?

– Ko‘pchilik bilmaydi. Hatto O‘zbekistonning o‘z tili borligini ham bilishmaydi. O‘zbekistonni sovet ittifoqi bilan bog‘lashadi. Shuning uchun men obunachilarim, do‘stlarimga o‘zbek tilida gaplashishni, tilning hurmat darajasini yuqoriroq qo‘yishni tavsiya qilib kelaman.

Inson o‘z tili va milliyligiga e’tibor bermasa, u inson sifatida o‘zini aniqlay olmaydi.

– 5 yildan beri Emirates airlines'da ishlaysiz. Qanday qilib bu yerga kelib qolgansiz?

– Emirates airlines'ga kelishimning sababi aynan sayohatlar bilan bog‘liq. Chunki Emirates xodimi sifatida sizga sayohatga chegirmalar beriladi. Ham ish qismi sayohat bo‘la turib, ham qo‘shimcha chegirmalar olish meni kompaniyaga jalb qilgan.

Xalqaro biznes yo‘nalishida o‘qishni bitirish arafasida Job hunting degan dastur bo‘lib, bunda har xil Skandinaviya mamlakatlari yoki Polsha, Dubayning o‘zidan ham menga ishga takliflar kelgan. Shu qatori Emirates'ga ham topshirganman.

– Emirates’ga qabul jarayoni haqida batafsil gapirib bersangiz.

– Kompaniyaga CV yuborasiz. CV ma’qul kelsa, jamoaviy ishlashingizni tekshiradigan Open day imtihoniga chaqirishadi. CVda portfolium, 2ta mamlakat – Yaponiya va Latviyada o‘qiganim, talabalik vaqtida sayohat agentligida ishlaganim, talabalikdan oldin ham ingliz tilida O‘zbekistonda o‘qituvchilik qilganim haqida yozganman.

Open day'da sizning jamoa bilan ishlashingizni tekshirishadi. Ya’ni liderlik qilish va liderning orqasidan borish qobiliyatingizni ko‘rishadi. 2-bosqichda ingliz tili bilimi tekshiriladi. 3-bosqichda sizga turli xil vaziyatlarni ko‘rsatishadi, sizni insonlar bilan har xil vaziyatlarga qo‘yib, har xil kasb egalari – shifokor, o‘t o‘chiruvchi kabilarga aylantiradi. Chunki samolyot ichida har xil kasb egalari ishini qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Hammasi muvaffaqiyatli o‘tsa, oxirgi bosqich – final intervyu bo‘ladi. Menda bu intervyu 1 soat davom etgan. Ham berayotgan javoblaringiz, ham CV'ga qarab sizni human source mutaxassisi tahlil qiladi. Agar ularga ma’qul kelsangiz, golden call degan telefon bo‘lib, ishga qabul qilinganingizni aytishadi.

Kelganingizdan keyin tibbiy ko‘riklar, trening bo‘ladi va trening oxirida xalqaro darajadagi uchish litsenziyasi va sertifikat bilan ish boshlaysiz.

– CV topshirgan vaqtingizdan treninggacha bo‘lgan davr qancha edi?

– 7 oy.

– Siz ekipaj a’zosi sifatida bortga chiqasiz. Ekipaj a’zosi nima bilan shug‘ullanadi?

– Ekipaj a’zosiga styuardessalar, ularning supervayzerlari, biznes klass xodimlari, umumiy menejer, ekipaj kapitani va birinchi ofitser kiradi. Ular asosan servis ko‘rsatadi. Lekin birinchi navbatda insonlarning xavfsizligi turadi.

Biz tekshirish ishlarini amalga oshiramiz. U yerda samolyotning har bir qismini ikir-chikirigacha texnika tomonidan, evakuvatsiyada kerak bo‘ladigan uskunalar, samolyotning o‘z ichki qismini tekshiramiz. Yo‘lovchilar chiqqanda esa ham samimiylik, ham tartibni ko‘rsatish kerak. Bizning Emirates brendi 7,7 mlrd turadi. Biz shuning ambassadori sifatida o‘zimizni insonlar oldida yaxshi tutishimiz kerak.

– Emirates airlines'ning qanday talablari bor?

– Talablari juda oddiy. Birinchisi, siz samimiy odam bo‘lishingiz kerak. Buni o‘zingiz uchun eng birinchi vazifa qilib olmasangiz, keyinchalik ish davomida qiynalasiz.

Shuningdek, sizda 12 yillik o‘quv bilimi bo‘lishi kerak. Maktab va kollej yoki litsey ta’limi. Oliy ta’lim shart emas. Lekin kompaniyaga hujjat topshiradiganlarning 90 foizi oliy ta’limni olgan bo‘ladi. Bu nomzod uchun ustunlik berishi mumkin.

Ingliz tili IELTS'dan 7 ball darajasi yetadi, menimcha. Lekin sertifikat talab qilinmaydi. Ular nomzodning ingliz tili bilimini o‘zlari tekshiradi.

Bo‘y qo‘lni uzatganda 2,15 santimetr bo‘lsa yetadi. 21 yoshdan kattalar qabul qilinadi.

– Ekipaj a’zosi bo‘lib necha yoshgacha ishlasa bo‘ladi?

– Har bir kompaniyaning o‘z qonun-qoidasi bor. Bizda aynan bir yosh belgilanmagan. Lekin men ekipaj a’zolari orasida 50 yoshdan katta kishini ko‘rmadim.

– Trening paytida oylik to‘lanadimi?

– To‘lanadi. Bizda oylik 2 qismga: oylikning o‘zagi va qolgani uchish vaqtlariga qarab qo‘shiladi. Uchish vaqtlari bo‘lmagan holatda oylikning o‘zak qismi trening paytida beriladi. Ya’ni turar joydan tashqari, 1500 dollar atrofida bo‘ladi. Bu menga yetgan.

– Uchish soatlari qanday hisoblanadi?

– Masalan, Dubay–London yo‘nalishida parvozni amalga oshirsangiz, 6,5–7 soat vaqt qo‘shiladi. Har bir soatiga 18 dollar atrofida beriladi. Bir oyda pandemiya bo‘lmagan vaqtda o‘rtacha 100 soat bo‘ladi.

– Ishdan tashqari ham boshqa mamlakatlarga uchib turasizmi?

– Biror mamlakatga borganman deb hisoblashingiz uchun u yerda kamida 3 mahal ovqatlanib, 1 kecha yotib qolishingiz kerak. Shuning uchun bir kun qolmay ortga qaytgan yoki aeroportning o‘zidagina bo‘lganim mamlakatlarni ro‘yxatimga kiritmaganman.

O‘zim xohlagan davlatlarga borish uchun Emirates va u bilan hamkorlik qiladigan havo yo‘llari kompaniyalari tomonidan 90 foizlik chegirma beriladi. Emirates'da uchsam, o‘sha 10 foizini ham to‘lamayman, uni oyligimdan ushlab qolishadi. Bu yerda yashash juda qulay, Emirates xodimlariga mehmonxona, restoranlarda ham chegirmalar qilib berishadi. Lekin bu komfort zona sizni boshqa narsalarga harakat qilishdan to‘xtatib qo‘yadi. Shu sabab Emirates xodimlari o‘z biznesi, restorani, sport trening kurslarini ochib olishgan. Men ham shu sabab YouTube'da vloger bo‘lishni tanladim.

Biror mamlakatga borganda o‘sha mamlakat tilida gapirsa, mahalliy aholiga juda yoqadi. Men Yaponiyada yapon, Litvada latish tilini o‘rganganman. Lekin eng avvalo samimiylik tili juda muhim. Masalan, O‘zbekistonga keladigan turistlarga nisbatan aeroportdagi yoki pasport nazoratidagi odamlar qo‘pol muomalada bo‘lishlari kerak emas. Har holda, til bilishlari kerak. O‘zbekistonlik vatandosh O‘zbekistonga qaytganida uni ham samimiyat bilan kutib olish kerak. Lekin bizda ko‘p holatlarda unaqamas. Eshikni ochganingizda qo‘pol muomala qilsangiz, mehmonning kirgisi kelmaydi. Aeroport bu – eshik. Aeroport chiroyli bo‘lishi kerak.

Men hozir O‘zbekiston o‘syapti deb eshityapman. Lekin bu o‘sish kamida o‘zimiz bilan bir qatordagi mamlakatlar bilan taqqoslaganda ko‘rinishi kerak. Bu o‘sish faqatgina aeroportning chiroyida emas, odamlarning samimiyligi, madaniyatida ham ko‘rinishi kerak. Masalan, Seyshel orollarida aeroportdan tushgan kishini juda yaxshi kutib olishadi. Siz bu mamlakatda samimiyat borligini aeroportidan bilib olasiz.

Jamshidxon Ziyoxonov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

  • To‘liq intervyuni SUBeKTIV'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.
Ko‘proq yangiliklar: