2022 yil 1 iyuldan pensiya tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki ID-karta talab etiladi

Jamiyat 13:18 / 04.05.2021 10602

Pensiya tayinlash jarayonini soddalashtirish haqida tegishli prezident qarori imzolandi. Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

  • mehnat staji, ish haqi, oliygohda o‘qiganligi va harbiy xizmat davri ma'lumotlari Pensiya jamg‘armasining dasturiy ta'minoti bilan bog‘langan holda «Yagona mehnat milliy tizimi» orqali elektron tarzda olinadi;
  • davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliygohda o‘qiganligi hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi;
  • davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki ID-karta talab etiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni aholiga yetkazib berish har 3 yilda hududlarda alohida tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Avvalroq, 2021 yilning 1 iyun kunidan pensiya ta'minoti sohasida quyidagi o‘zgarishlar bo‘lishi ma'lum qilingandi:

  • pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma'lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr – 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisobga olinadi;
  • uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;
  • ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta'minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;
  • pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra, ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;
  • pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;

Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 million 877 ming 200 nafarni (aholining 11,2 foizi) tashkil qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: