Samsung kompaniyasi armiya standartlari bo‘yicha himoyalangan Galaxy Book Go noutbukini namoyish etdi.
14 dyuymli IPS-ekranga ega noutbuk Qualcomm Snapdragon 7c chipi, 4 Gb tezkor xotira va 128 Gb xotiraga ega SSD-disk bilan jihozlangan. Akkumulyator sig‘imi 42,3 Vt·s. Noutbuk Windows 10 operatsion tizimida ishlaydi.
U ikkita USB-C, bitta USB-A tirqishi, 3,5 mm.li audiotirqish, microSD va SIM-karta slotlariga ega bo‘lishiga qaramasdan, Mil-810G armiya standarti bo‘yicha sertifikatlangan. Ushbu standart noutbuk changdan himoyalanishi va bir metr balandlikdan tushib ketgan taqdirda ham ishlashini kafolatlaydi.
Yangi noutbuk AQShda 349 dollar narxda sotuvga chiqadi. Yevropada esa LTE-modem bilan jihozlangan Galaxy Book Go narxi 449 yevro bo‘ladi.