Jizzaxda moldovalik tadbirkor 160 ming dollarga aldandi. U hokimlik kafilligiga ishongan

Jamiyat 12:50 / 28.04.2021 33131

Moldova Respublikasining Servilex-Com SRL firmasi direktori Ion Ribkaning shikoyat qilishicha, u har birida 20 tonnadan ortiq kartoshka bo‘lgan 13 ta furadagi urug‘lik kartoshka mahsuloti uchun pulini ololmayapti.

Bu oz emas, ko‘p emas, oldi-berdi aktiga muvofiq, 133 ming yevroni tashkil etadi. Ayni raqamlar AQSh dollarida ifodalansa, 160 ming dollar bo‘ladi.

Bundan tashqari, yuk transport vositalarining belgilangan muddatidan ko‘p turgani uchun ham to‘lovlar bor.

Hujjatlardan ko‘rinishicha, moldovalik tadbirkor 13 ta yuk mashinasida jami 272 tonna 822 kg urug‘lik kartoshka jo‘natgan.

Kun.uz ixtiyoridagi ma'lumotlarga ko‘ra, tadbirkorning talabi bo‘yicha, «Sharof Rashidov tuman tomorqa xizmati servis» MChJ rahbari Baxtiyor Ravshanov, tuman fermer-dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi G‘ayrat Elmurodov, tuman hokimi birinchi o‘rinbosari Ma'ruf Ergashev va hatto tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev imzosi bilan taqdim etilgan kafolat xatlarida urug‘lik kartoshka yetkazib berilishi bilan to‘lov amalga oshirilishi va'da qilingan.

Ta'kidlanishicha, kartoshka urug‘i 21 kun davomida Jizzax viloyati bojxona postida bojxona rasmiylashtiruvni kutgan.

Moldovalik tadbirkor Ion Ribka

«Men 20 kun davomida hokimga qo‘ng‘iroq qildim. Umuman javob bermadi. O‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qildim, ertaga-indinga deb to‘lovni amalga oshirishni ortga surib keldi. Kartoshka esa, yuk mashinalari bilan birga bojxonada kutayotgandi.

Men ulardan muammo nimada ekanini so‘rab: «Menga pul to‘lamaganingiz bir tomon, sizlar kartoshkani tushirib ololmayapsizlar, axir keyinchalik kartoshka sifatsiz chiqdi, deb menga da'vo qilishingiz mumkin-ku», dedim. Chunki O‘zbekistonga borguncha 10 kun yo‘l yurilgan.

Hokim o‘rinbosari Ma'ruf (Ergashev) menga pul to‘lanishini aytdi. Lekin transport vositalarining bojxona postida turishi bilan menga zarar bera boshlagan edi, axir mahsulotni bojxonada o‘tkazish majburiyati o‘zbek tomonida edi», – deydi Ion Ribka.

Sharof Rashidov tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ma'ruf Ergashev esa, pandemiya yilida oziq-ovqat xavfsizligi kun tartibiga chiqqani bois, zudlik bilan kartoshka ekish topshirig‘i berilgani, shuning uchun «Sharof Rashidov tuman tomorqa xizmati servis» MChJ orqali Belarusdan kartoshka urug‘i keltirishga topshiriq berilganini aytdi.

Shu bilan birga, hokimlik fermerlarga kredit ajratish orqali 180 tonna atrofidagi kartoshka urug‘ligi uchun pullarni «Sharof Rashidov tuman tomorqa xizmati servis» MChJga o‘tkazib berganini, kartoshka urug‘ligi sifatsiz chiqqani uchun fermerlar oldida hokimlik yuzi shuvut bo‘lganini ham ta'kidlamoqda.

6GFtptM_W7d0bqrJenPS5Ln-8EAd-Qb6.jpg (1280×720)
Sharof Rashidov tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ma'ruf Ergashev

«Biz kelishuvga binoan «Sharof Rashidov tuman tomorqa xizmati servis» MChJga 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab ham berdik. Xullas, shu ish bo‘yicha tomorqa xizmatiga («Sharof Rashidov tuman tomorqa xizmati servis» MChJ) jinoiy ish ochildi. Chunki olib kelgan urug‘lik kartoshkasi unib chiqmadi, biz ham fermerlarga, ayrim tashkilotlar rahbarlariga ishonchli urug‘ deb aytib yomonotliq bo‘ldik», – deydi hokimning birinchi o‘rinbosari M. Ergashev.

Oradan 6 oylar o‘tgach, 2020 yil oktyabrida Ribka yana Toshkentga kelib, Jizzaxga boradi. Bu yerda u salkam 1 oy yashaydi, ammo qop-qop va'dalardan nariga o‘tilmaydi.

Vaholanki, Agrobank ma'lumotnomasiga binoan, 2020 yil 24 avgustdayoq «Sharof Rashidov tuman tomorqa xizmati servis» MChJ hisobiga 1 mlrd 2 mln 611 ming so‘mning so‘nggi 29 mln 250 ming so‘mi o‘tkazib berilgan.

Moldovalik tadbirkorning samarqandlik sherigi Shavkat Ashurov kartoshka urug‘ligi sifatsiz bo‘lmaganini, may-iyun oylarida bojxona postida mashinalar ichida uzoq vaqt qolib ketgani sababli sifati buzilganini aytmoqda. Qolaversa, karantin xizmati kartoshka urug‘ligini noma'lum kimyoviy vosita bilan dorilagan.

«Ba'zi mashinalar 10 kunlab, ayrimlari 28 kungacha bojxonada turdi. Keyin biz yuk mashinalaridan yukni tushirib olib, 43 ming dollar transport vositalariga to‘ladik. Keyin, kartoshkaning 100 tonnasini tarqatishga ham ulgurdik. Yaxshi edi holati. Shu orada karantin (inspeksiyasi) xodimi kelib qandaydir gaz bilan doriladi, shundan keyin urug‘lik holati yomonlashdi», – deydi Shavkat Ashurov.

Kun.uz Jizzax viloyati prokuraturasi Axborot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, bugungi kunda «Sharof Rashidov tuman tomorqa xizmati servis» MChJ rahbari Baxtiyor Ravshanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

B.Ravshanov 2019-2020 yillarda foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa obektlarni qasddan yashirish, shuningdek, davlat tomonidan belgilangan soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelganlikda gumonlanmoqda.

Moldovalik tadbirkorning esa, boshi qotgan. U yo‘q puldan voz kechish-kechmaslikni ham, o‘zbek sudiga ishonish-ishonmaslikni ham bilmaydi. U o‘zbek sudlariga ham ishonch yo‘qligini eshitganini aytadi.

«Men hozir nima qilishni bilmayman, to‘g‘risi. Sudga shikoyat qilib, 3 yil sarson bo‘laymi yoki shu pullarni shu jizzaxliklarga «sovg‘a» qilib yuboraymi?!» – deydi tadbirkor kuyinib.

Xullas, Jizzaxda mana shunaqa gaplar. Kimningdir «otkat» olgani gumon qilinmoqda, biroq uni isbotlab bo‘lmaydi, boshqa kimdir shuncha pulni xorijlik sherigini kuydirgan holda «uxlatgani» uchun shubha ostida. Fermerlar esa, hosilga va mehnatiga kuyib qolyapti. Hafsalasi pir bo‘lgan moldovalik tadbirkor o‘z navbatida o‘zbekistonlik sheriklari bilan endi umuman hamkorlikni tushida ham ko‘rishni istamasligi aniq.

Pulni esa kim kimga to‘laydi degan masalani mutasaddilar hal qila olisharmikan? Yoki Agrobankdan kredit olgan fermerlar hamda moldovalik tadbirkor puliga kuyib qolaveradimi, buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

Kartoshka urug‘ining bojxona nazorat postida bir necha kunlab qolib ketishi boshqa masala. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Tolib Rahmatov, Kun.uz.

Ko‘proq yangiliklar: