Yoshlar yilida xo‘jaobodlik yoshlar binosiz qolmoqda: muammo qanday hal etiladi?

Jamiyat 10:47 / 27.04.2021 4606

2017 yilda prezident tomonidan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tugatilib, o‘rniga Yoshlar ittifoqi tashkil etilgan edi. Ittifoqning mahalliy kengashlariga esa tumandagi kollejlardan joy ajratilgandi.

Binobarin, Xo‘jaobod tumani yoshlari bilan ishlaydigan ikki tashkilot «Sanoatchilar» MFY hududida joylashgan sobiq Qishloq xo‘jaligi kollejida 2017 yildan faoliyat yuritib kelayotgandi.

2021 yilda tekstil sohasida alohida oliygoh tashkil etilishi munosabati bilan Qishloq xo‘jaligi kolleji xususiy tadbirkorga beriladi.

Binosiz qolgan yoshlar ittifoqi va agentlik vaqtincha Xo‘jaobod sug‘urta markazi binosidagi ikki xonaga joylashtirildi. Ikki oy davomida ijara shartnomasisiz o‘zaro kelishuv asosida binodan foydalanib kelinmoqda.

Biroq shunday bo‘lsa-da, bu binodagi ikki xonada yoshlar bilan ishlash uchun qulay sharoitlar yetarli emas. To‘g‘ri, xonalar ta’mirdan chiqqan, biroq loyihalar o‘tkazish, tadbirlar tashkil etish, to‘garaklarga yoshlarni jalb etish borasida bu yerda sharoit mavjud emas.

Bilamizki, joriy yil «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb e’lon qilingani bois, yoshlar bilan ishlash uchun yetarli sharoitlar talab etiladi.

Shuningdek, tumandagi yoshlar yetakchilarini muvofiqlashtirish, sardorlar bilan ishlash, o‘quvchilarni turli loyihalarga jalb etish va boshqalarni amalga oshirish uchun sardorlar xonasi, to‘garak xonalari, kompyuter markazlari mavjud bo‘lishi kerak. Ammo butun boshli bir tumanda yoshlar bilan ishlash uchun bunday sharoit yaratilmagan.

Eng qiziq jihati — tuman yoshlari o‘zlarini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot qayerda joylashganini ham bilishmaydi. Negaki, eshik peshtoqida na Yoshlar agentligi, na Yoshlar ittifoqini eslatuvchi biror narsa bor.

Tuman hokimi o‘rinbosari Rustamjon Egamberdiyevning ta’kidlashicha, keyinchalik tuman markazidan alohida yoshlar markazi sifatida bino ajratilishi rejalashtirilgan. Ammo bu yil yoshlar bilan ishlash yilida ikki tashkilot qanday faoliyat olib boradi, degan savol kishini o‘ylantiradi.

Rustamjon Egamberdiyev, Xo‘jaobod tumani hokimi o‘rinbosari

 

Sug‘urta idorasi binosining egasi yoshlar tashkiloti bu yilcha shu yerda turaverishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, bunday vaqtinchalik yechim bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Muammo kun sayin kattalashsa kattalashadiki, ammo bartaraf bo‘lmaydi.

Xo‘jaobodlik yoshlar tumani hokimligi mazkur masalaga e’tibor qaratib, uni ijobiy hal qilib, tuman yoshlari uchun yetarlicha sharoit yaratib berishidan umidvor.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: