SSV: Sirdaryo viloyatida 1 iyuldan davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilishi boshlanadi

Jamiyat 17:31 / 27.04.2021 6604

«Maqsad — sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini tashkil etishning yangi modeli, shuningdek, «elektron poliklinika» axborot tizimi va ma'lumot bazalari hamda davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish bo‘yicha tajriba sinov loyihasining borishi to‘g‘risida ommaga ma'lumot berish», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov, Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev, JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi direktori Farrux Sharipov ishtirok etdi.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning 1 iyulidan 2022 yilning oxiriga qadar Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash tizimida tajriba-sinov loyihasi doirasida aprobatsiyadan o‘tkaziladigan yangi tizim, ya'ni davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

«Sirdaryoda joriy etilayotgan yangi tizim birinchidan, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini yanada oshishiga yordam bersa, ikkinchidan, aholi salomatligini mustahkamlab, o‘rtacha umr ko‘rish darajasini oshirishga sabab bo‘ladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi 2021 yildan bosqichma-bosqich joriy etiladi. 

Birinchi bosqich Davlat dasturida belgilangandek, tajriba tariqasida Sirdaryo viloyat tibbiyot muassasalarida, ikkinchi bosqich 2023 yilda Qoraqalpog‘istonda, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida, uchinchi bosqich 2025 yildan butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi.

Tadbir davomida mutaxassislar jurnalistlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining tashkil etilishi va 2020 yilning 1 dekabridan 2021 yilning 27 apreligacha bo‘lgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berdi.

Bugungi kunda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik doirasida jamg‘arma viloyat tibbiyot muassasalarida sog‘liqni saqlashning yangi modelini joriy etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi.

Jumladan, loyihaga Guliston shahrida 5ta, Yangiyer shahrida 2ta, Boyovut tumanida 14ta birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari jalb qilingan.

Xalqaro ekspertlar ishtirokida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar paketini ishlab chiqish, tibbiyot mutaxassislari jamoalarini shakllantirish, shuningdek, aholi salomatligini monitoring qilish uchun yagona elektron platformani yaratish bo‘yicha joylarda seminarlar o‘tkazildi. Maxsus tibbiy brigadalar tuzildi, shifokorlarning bemorlar bilan ishlash mexanizmi belgilandi. 

Aholini ro‘yxatga olish natijasida «elektron poliklinika» ma'lumotlar bazasiga Guliston shahrining 102 ming nafardan ortiq, Yangiyer shahrining 42 ming nafar, Boyovut tumanining 123 ming nafardan ortiq aholisi kiritildi.

Press-turda ta'kidlaganidek, hozirda Sirdaryo viloyati tibbiyot sohasida sug‘urta tizimini joriy qilish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. 

Hududda 2022 yil oxirigacha amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihasi 5ta tarkibiy qismdan iboratdir. 

Tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish, sog‘liqni saqlashni boshqarish, tizimni moliyalashtirish, raqamlashtirish va loyihalarni boshqarish shular jumlasidandir. Davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish va rejalashtirilgan islohotlar aholiga davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida yanada sifatli tibbiy xizmatlarga ega bo‘lish imkonini beradi», deyiladi SSV xabarida.

Tadbirda sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy etilishi qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb etmagan holda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilishi ta'kidlangan.

Ko‘proq yangiliklar: