Quyida shunday imtiyozlarning bir nechtasiga to‘xtalib o‘tamiz.
1. Ovqatlanish uchun chegirmali narxlar. Sloveniyada talabalarning ovqatlanishi uchun davlat subsidiya ajratadi. Buning evaziga bunday yemakxonalar talaba menyusini taklif etadi. Ushbu yemakxonalarda talabalar ancha arzon narxda yoki butunlay tekin ovqatlanishi mumkin.
Chegirmali narxda ovqatlanish uchun talabalarga raqamli kuponlar beriladi va ulardan telefonda maxsus ilova (Študenska Prehrana) orqali foydalaniladi. Universitetda talaba sifatida ro‘yxatga olinishingiz bilan telefon raqamingizni Talabalar xizmatiga taqdim qilish va maxsus ilovani o‘rnatib olish orqali yemakxonalardagi chegirmalardan foydalana olasiz.
Talabaga har oyda ish kunlari soniga teng miqdorda kupon taqdim etiladi va bu kuponlarning har biri bir marta chegirmali narxga yoki tekinga ovqatlanish imkonini beradi. Lekin mazkur kuponlardan faqat ish kunlarida foydalanish mumkin, dam olish kunlarida foydalanib bo‘lmaydi. Shuningdek, bir kunda faqat 2 ta kuponni foydalanishi imkoniyati mavjud.
Talabaning qaysi yemakxonalarda chegirmali narxga va qaysilarida tekin ovqatlanishi yemakxonalardagi taomlarning narxiga bog‘liq. Qimmat yemakxonalarda talaba taom narxining davlat subsidiyasi qoplamagan qismini o‘zi to‘laydi. Arzonroq yemakxonalarda esa butunlay bepul ovqatlanish mumkin.
Talaba menyusi 3 ta taomdan iborat: birinchisi sho‘rva (bir necha turli, turini talaba tanlaydi); ikkinchisiga biror quyuq ovqat; uchinchisiga desert sifatida meva yoki biror salat.
Talaba 3 ta taomdan iborat menyuni tanlagach, telefon yordami kafedagi maxsus terminalga kupon orqali to‘lov qiladi.
Biz 8 oycha yashagan Lyublyanadagi (Sloveniya poytaxti) 17 ta kafe va restoranlarda talabalar ilova orqali kuniga 2 marta butunlay tekin ovqatlanishi mumkin bo‘lgan.
Lyublyanada talabalarga talaba menyusini taklif qiluvchi yemakxonalar soni esa 202 ta. Talaba menyusi tekinga tushmaydigan yemakxonalarning aksariyatida talaba chegirmadan tashqari qo‘shimcha 1-2 yevro to‘laydi (eng ko‘pi 5 yevro).
Masalan, rafiqam bilan tez-tez «Maharaja» hind taomlari restoraniga borib turardik. Mazkur restoran maxsus metall idishda hind taomlari to‘plami taklif etadi. Talaba bo‘lmaganlar uchun bu to‘plam narxi 9,9 yevro. Talaba bo‘lsangiz, ushbu to‘plam, undan tashqari birinchi va uchinchi taom ham buyurtma qilib, hammasi uchun 4,31 yevro to‘laysiz.
Quyidagi rasmda maxsus ilova surati keltirilgan (rafiqamning telefonidagi Študenska Prehrana ilovasi). Unda talaba menyusini taklif etadigan yemakxonalar nomi, manzili, ochiq yoki yopiqligi, qancha uzoqlikda ekani va talaba unga borib ovqatlansa, qancha to‘lashi aks etgan (suratdagi yemakxonalarning bittasida 3 yevro 40 sent, uchtasida 0 yevro, bittasida 1 yevro).
Ta'kidlash joizki, talaba menyusida taklif etiluvchi taomlarning porsiyasi yetarlicha katta. Agar talaba oxirigacha yeya olmasa, yemakxonalar taomlarning qolgan qismini qadoqlab beradi va uni o‘zingiz bilan olib ketishingiz mumkin.
2. Mahalliy jamoat transporti uchun arzon oylik yo‘l kartasi. Talabalar uchun ushbu oylik yo‘l kartasi (Urbana card) narxi 20 yevro. Bunday yo‘l chiptalarini LLP (Lyublyana yo‘lovchi transporti markazi)dan olish mumkin. Karta uchun ariza to‘ldirishingiz hamda talabaligingizni tasdiqlovchi hujjatni (talaba kartasi) ko‘rsatishingiz kerak. Kartani ochishda dastlab
2 yevro to‘lov qilinadi. So‘ng har oy kartaga 20 yevro tashlash orqali jamoat transportidan bepul foydalanish mumkin.
Lekin biz yashagan Lyublyana shahri katta emas. Piyoda yursangiz, u boshidan bu boshigacha 5-6 soatlarda borib qo‘yasiz. Shu uchun ko‘pchilik yoki piyoda, yoki velosipedda o‘qishga qatnaydi. Ha, aytgancha, avtobusga bir marta chiqish narxi
1 yevro 30 sent. Uzoqroqdan avtobusda qatnovchilar oylik yo‘l chiptasini olsa, anchagina pulini iqtisod qiladi.
3. Yevropa Ittifoqi bo‘ylab safarlarda avtobus va poyezdlar uchun chegirmali narxlar. Talaba Sloveniyadan Yevropa Ittifoqiga kiruvchi boshqa davlatga sayohat qilmoqchi bo‘lsa, davlatlararo qatnovchi avtobus va poyezd chiptalarini ham chegirmali narxda xarid qilishi imkoniyati yaratilgan. Bunda transport kompaniyasiga qarab, chipta uchun odatda talabaga 10-30 foizlik chegirma taqdim qilinadi.
4. Muzey va galereyalar uchun chegirma. Talabalar Sloveniyadagi muzey va galereyalarga ham yaxshigina chegirmali narxda tashrif buyurishi mumkin. Masalan, Sloveniya milliy galereyasiga tashrif buyurish narxi (Permanent Collection) – 8 yevro. Talabalar uchun esa bu narx 4 yevroni tashkil qiladi (2021 yil 25 aprel holatiga ko‘ra).
Shuningdek, Sloveniya talabalari faqatgina Sloveniyaning o‘zida emas, Germaniya, Portugaliya va shu kabi boshqa bir nechta Yevropa davlatlaridagi muzey hamda galereyalarga ham chegirmali narxlar asosida kirish imtiyoziga ega.
Maqsud Salomov
Uzbek.Lifening Ispaniyadagi kolumnisti