Qashqadaryoda 1-sinf o‘quvchisi YTHda vafot etdi. Uning hamqishloqlari Samarqand-Qarshi yo‘lini to‘sib qo‘ydi

Jamiyat 14:29 / 27.04.2021 31102

21 aprel kuni «Isuzu» yuk mashinasi A-378 Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘lidan Samarqand viloyati tomon harakatlanib borayotib, piyodalar yo‘lakchasidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 1-sinf o‘quvchisi D.E.ni urib yubordi.

Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmatiga ko‘ra, og‘ir tan jarohati olgan bola Chiroqchi tumani «Ko‘kdala» shifoxonasida vafot etgan. U tumanning «Xo‘jaobod» MFYda yashagan, 140-maktab o‘quvchisi bo‘lgan.

Oradan ikki kun o‘tib, 23 aprelda Chiroqchi tumani «Qumdaryo» MFY Oqto‘nli qishlog‘ida yashovchi bir guruh ayollar Samarqand-Qarshi yo‘lining Xo‘jaobod qishlog‘idan o‘tuvchi qismini to‘sib qo‘ygan. Natijada A-378 avtomobil yo‘lida avtomashinalar harakatlanishi qisqa muddatga to‘xtagan.

Yo‘lni to‘sgan ayollar farzandlari o‘qish uchun qo‘shni qishloqqa qatnab qiynalayotgani, o‘quvchilar Xo‘jaobod qishlog‘idagi maktabga borish uchun Samarqand-Qarshi avtomobil yo‘lidan kesib o‘tishi xavfli ekanini aytib, tuman rahbarlaridan qishloq hududida maktab qurib berishni so‘ragan.

Yuz bergan YTH yuzasidan shu tumanning Darcha qishlog‘ida yashovchi,«Isuzu» yuk mashinasi haydovchisi B.Eshmatovga nisbatan 21 aprel kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Xabarda ta'kidlanishicha, holat bo‘yicha Chiroqchi tumani mutasaddi rahbarlari fuqarolar bilan uchrashib, «Qumdaryo» MFY hududida qurilayotgan maktabning qurilishini tezlashtirish va joriy yilning 1 sentyabr kuniga qadar yangi maktab qurib topshirilishi bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: