Kun.uz saytida “Bolam boshidan 10 marta operatsiya qilindi” – Ibrohim xorijda og‘ir ahvolda” sarlavhali xayriya maqolasi e'lon qilgandik. Unda Turkiyada murakkab vaziyatda qolgan yurtdoshimiz haqida hikoya qilingandi.
10 yoshni qarshilagan Ibrohim Kamolov bosh miyasidagi jiddiy kasallik tufayli 2020 yilning 26 dekabrida Turkiyaning “Memorial” klinikasiga olib boriladi. Ota-ona va yaqinlari topganlarini yig‘adilar va hatto uylari ham sotiladi. O‘sma kasalligini bartaraf qilish uchun o‘tkazilgan operatsiyadan keyingi jarayon murakkab kechadi va Ibrohimning ahvoli og‘irlashaveradi. 5 kunga mo‘ljallangan muolajalar 3 oy davom etadi va oila qiyin ahvolga tushgani uchun Kun.uz mushtariylaridan yordam so‘raydilar.
Saxovatli yurtdoshlarimiz zarur mablag‘ yig‘ilishida jonbozlik ko‘rsatdilar. Ammo Allohning irodasi boshqa, Ibrohimjonning umri qisqa ekan. Muborak ramazon oyining muborak juma kunida Ibrohimning joni uzildi va uning jasadi O‘zbekistonga olib kelinib, kuni kecha tuproqqa qo‘yildi.
Og‘ir sinovga, ayriliqqa duch kelgan oilaga sabr tilaymiz va hamdardlik bildiramiz.