Hayvonlar uchun COVID-19’ga qarshi vaksina: Sinovida O‘zbekiston ham qatnashadigan Rossiya vaksinalari qanchalik ishonchli?

O‘zbekiston 16:53 / 26.04.2021 5503

Ayni paytda dunyoning qator davlatlarida hayvonlar uchun mo‘ljallangan COVID-19’ga qarshi vaksina sinovlari ham davom etmoqda. Masalan, Italiyaning «Takis Biotech» startapi «EvviVax» veterinariya bo‘limi va Amerikaning «Applied DNA Sciences» kompaniyasi birgalikda vaksina yaratish ustida ishlamoqda.

Shuningdek, Rossiyada «Rosselxoznadzor» tasarrufidagi Hayvonlar Sog‘lig‘ini himoya qilish Federal markazi tomonidan 2021 yil 31 mart kuni «Karnivak-Kov» vaksinasi sinovdan o‘tkazildi.

 Bunda virusga qarshi immunitetni keltirib chiqaradigan oqsillarni hosil qilish uchun DNK fragmentlaridan foydalaniladi.

Bir muddat avval Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bunday sinovlar O‘zbekistonda ham o‘tkazilishi mumkinligini ma'lum qilgandi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Rossiyada yaratilgan vaksina sinov jarayonlarini O‘zbekistonda ham o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Biz hayvonlar uchun vaksina va vaksinatsiya jarayonlari bo‘yicha paydo bo‘layotgan ayrim savollarga Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Chorva hayvonlar sog‘ligini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Habibulla Hamdamovdan javob oldik.

Habibulla Hamdamov

«Karnivak-Kov» qanchalik samarali vaksina?

Shu yil 31 martda Rossiya Federatsiyasida hayvonlar uchun dunyodagi birinchi «Karnivak-Kov» COVID-19 vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Yangi preparat «Rosselxoznadzor» tasarrufidagi Hayvonlar Sog‘lig‘ini himoya qilish Federal markazi tomonidan ishlab chiqilgan.

U hayvonlar uchun COVID-19 profilaktikasida dunyodagi birinchi dori.

Yangi emlamaning klinik sinovlari o‘tgan yilning kuzida it, mushuk, norka va boshqa hayvonlarda boshlangan edi.

O‘zi umuman, vaksinaning samarasi ikki xil usulda tekshiriladi. Birinchi usulda uning organizmga zararsizligi tekshiriladi. Masalan, biror hayvon organizmiga yuborilgan vaksina sinov davrida jiddiy reaksiyalar bermasa, u xavfsiz hisoblanadi.

Ikkinchi usulda esa vaksinaning immunogenligi tekshiriladi. Bunda organizmga yuborilgan vaksina antitanacha hosil qilolsa, uni foydali deb hisoblash mumkin.

Vaksinaning immunogenligini tekshirishning ham ikki xil yo‘li bor. Birinchi usulda uning antitanacha hosil qilish ko‘rsatkichi tekshiriladi. Ikkinchi usulda esa, kasallik qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan virus organizmga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuboriladi.

Rossiyalik olimlar «Karnivak-Kov» immunogenligini tekshirish uchun birinchi yo‘ldan borishdi. Chunki, ikkinchi usulga ruxsat berilmaydi. 

Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, tekshirishlar jarayonida vaksina 96 foizga samarali, deb topilgan. U bilan emlangan hayvonlarda 100 foiz hollarda koronavirusga qarshi antitanachalar paydo bo‘lgan.

Vaksina bilan it va mushuklarni olti oyligidan emlash tavsiya etiladi. «Sputnik-V» singari, «Karnivak-Kov» vaksinasi ham ikki bosqichli bo‘ladi: hayvonlar 21 kunlik interval bilan ikki dozali dori bilan emlanadi.

Foto: Global Look Press/Nicolas Armer/dpa

Immunitet ikki marta emlanganidan 14 kun o‘tgach paydo bo‘lishi kerak. Olimlar immunitet qancha davom etishini hali ham o‘rganmoqdalar. Ayni paytda, bu ishonchli tarzda taxminan olti oydan kam emasligi ma'lum.

Bunday vaksinani ixtiro qilish alohida ahamiyatga ega, chunki ko‘plab turdagi hayvonlar yangi virusga moyil. Mo‘ynali hayvonlar va mushuklar kasallikka eng ko‘p moyil bo‘ladi.

To‘g‘ri, koronavirus infeksiyasining hayvondan odamga yuqishiga ilmiy dalillar mavjud emas. «Karnivak-Kov» vaksinasidan foydalanish esa ko‘pincha patogenning turlararo yuqishi paytida yuzaga keladigan virus mutatsiyasining rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.

O‘zbekistondagi sinov jarayonlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan muzokaralar haqida

Ayni paytda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislari va qo‘mita huzuridagi Hayvon kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat ilmiy markazi olimlari rossiyalik hamkasblar bilan mazkur vaksinaning sinov jarayonlarini O‘zbekistonda ham o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz.

Muzokaralarda rossiyalik hamkasblarimizdan bizga tadqiqotlarda olingan tekshiruv materiallarini taqdim qilishlarini ham so‘raganmiz. Bu bizga vaksinaning turli geografik sharoitlarda qanday natija berishini o‘rganish uchun zarur.

Muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, biz Rossiya tomonidan birinchi bosqichda 1000 dona dozani sinov uchun so‘rab olamiz. Sinov jarayonlari Toshkent viloyati va Samarqanddagi sinov uchun olingan 500ta it va 500ta mushukda o‘tkaziladi.

Ana shu sinovlar qanday natija berishiga qarabgina vaksinani sotib olish uchun hukumatdan pul so‘rashimiz mumkin bo‘ladi.

Vaksinatsiya jarayonlari qanday tashkil etiladi?

O‘rganishlar va sinov jarayonlarida olingan natijalar bilan, taxminan yozda yoki kuz mavsumida vaksinatsiya jarayonini boshlashimiz mumkin.

Vaksinalash, asosan, it va mushuklarda o‘tkaziladi.

Bunda Davlat veterinariya xodimlari tomonidan o‘tkaziladigan vaksinatsiya uchun pul olinmaydi.

Xavf-xatarlarni inobatga olgan holda esa vaksinatsiya jarayonlari majburiy o‘tkazilishi ham mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: