Bir guruh amerikaliklar Apple’ni yolg‘on axborot berishda aybladi

Fan-texnika 22:27 / 26.04.2021 29794

Wccftech portalining xabar berishicha, Apple o‘z smartfonlarining suvdan himoyalanganlik darajasini belgilashda hech qanday aralashmasiz toza suv qo‘llangan holda o‘tkazilgan laboratoriya tadqiqotlari natijalariga tayanadi.

Bu esa agar smartfon tarkibida turli aralashmalar bo‘lgan suv ta'siriga uchrasa, kompaniyaning kafolati bunday qurilmaga amal qilmasligini anglatadi. Misol uchun, agar qurilma ichiga basseyndagi xlorli suv yoki dengizdagi sho‘r suv tushsa, foydalanuvchi kompaniyaning kafolatidan foydalana olmaydi. 

 Arzchilardan biri Antuanetta Smitning ta'kidlashicha, uning smartfoni qurilmaning reklamasida ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlardan oshmagan suv ta'siriga uchragan. Biroq kompaniya ziyonni qoplashdan bosh tortgan. Shu sababli ayol qurilmani ta'mirlashga o‘z yonidan pul to‘lashga, keyinroq esa umuman yangi smartfon sotib olishiga to‘g‘ri kelgan.

 Da'vogarlar kompaniyadan tovon puli to‘lanishini va o‘z mahsulotini taqdim qilishdagi yondashuvini o‘zgartirishni talab qilishmoqda.

Ta'kidlanishicha, iPhone qurilmalari suvdan himoyalangani evaziga muayyan vaqt suvda qolishi va buzilmasligi mumkin. Jumladan, kompaniyaning oxirgi modeli – iPhone 12 hech qanday zarar yetmagan holda 6 metrgacha suv ostida 30 daqiqa qolishi mumkin.

Mart oyida iPhone 12 egalari qurilma korpusining rangi o‘chib ketayotganidan shikoyat qilishgan. Biroq kompaniyaning xizmat ko‘rsatish markazlari «modelning rangi o‘chishi uning ishlash qobiliyatiga hech qanaqasiga ta'sir qilmasligi» vaji ostida bunday smartfonlarni kafolat bo‘yicha olishdan bosh tortgan.

Ko‘proq yangiliklar: