Savol tug‘iladi: telekanallar asosiy e'tiborni xotin-qizlarning talabini bajarishga harakat qilishlari kerakmi yoki ularning ijtimoiy va shaxsiy ongini oshirishga qaratishlarimi? Bu savol bejizga o‘rtaga tashlanmayapti: namoyish etilayotgan ko‘plab milliy va xorij seriallarida xotin-qizlar ona, qaynona, uy bekasi sifatida gavdalantiriladi. Reytingi baland ko‘rsatuvlar ham aynan kulinariya dasturlari ekanligi hech kimga sir emas. Hatto reklamalarda ham ayollar ishtirok etadigan epizodlar, ko‘p hollarda, oshxona uyg‘unligida suratga olinadi.
Xo‘sh, stereotiplarni mustahkamlayotgan tv-mahsulotlar ayni vaqtda va keyinchalik jamiyatga o‘zining qanday ta'sirini o‘tkazishi mumkin? Bir qancha ekspertlar bu masalada o‘z fikrlarini bildirishdi.
“O‘zbek mass-media mahsulotlarida oilaviy zo‘ravonlik, xotin-qizlarning er va boshqalarga tobe ekanligi to‘g‘ridan to‘g‘ri targ‘ib qilinadi”
Mass-mediya mahsulotlarida gender tengligini ta'minlash imkoni bormi, o‘zi aslida bunga ehtiyoj bormi va buning huquqiy asoslari qanday, degan savollarga gender tengligi masalalari bo‘yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Kamola Aliyeva javob berdi:
“Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom mavjud. Unga ko‘ra, gender ekspertiza normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish, deganidir.
Nima sababdan mass media mahsulotlarini gender ekspertizadan o‘tkazish kerak? TVda berilayotgan serial, film, ko‘rsatuvlarda qonunda ko‘rsatib o‘tilgan jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish elementlarini ko‘rish mumkin. Buni tartibga solish uchun esa tv-mahsulotlarni gender ekspertizadan o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Ko‘plab konferensiya va ishchi guruhlarda gender ekspertiza bo‘yicha takliflar bilan chiqqanman. Birinchisi, har bir ko‘rsatuv, teleserial, reklama, milliy kinolarni efirga uzatishdan oldin gender yondashuv asosida tahlil qilishni ta'minlash to‘g‘risida normativ-huquqiy hujjat qabul qilish. Ikkinchisi, telekanallar qoshida gender komissiyalar tashkil etilib, ularning vazifasi tv-mahsulotlarda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik, jinsiy kamsitish holatlarini bartaraf etish holatlariga e'tibor qaratishlari zarur. Bunda mutaxassislar turli soha vakillari bo‘lsa, ayni muddao bo‘lardi. Uchinchisi, jamiyatda yetakchi mavqega ega bo‘lgan, ziyoli xotin-qizlar haqida tele-ko‘rsatuvlar tashkil qilib, targ‘ib qilish zarur.
O‘zbek televideniyesida gender diskriminatsiyasi kuzatilayotgan ko‘plab ko‘rsatuvlarni misol qilib keltirishim mumkin. Masalan, "ZO'R TV" telekanalida namoyish etilayotgan "Yor-yor" ko‘rsatuvida kuyov va kelin qarindoshlari ishtirok etishadi, o‘zaro savol-javoblar orqali bir-birlari haqida ma'lumotga ega bo‘lishga harakat qilishadi. Unda 3 ta boshlovchi kelin tarafga quyidagi mazmunda savollar bilan murojaat qiladi:
- Kelinlikka nomzod ovqat qilishni biladimi?
- Uyni yaxshi tozalaydimi?
- Bolalarni yaxshi ko‘radimi?
- Telefon ishlatadimi?
- Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadimi?
- Eri ishni tashlaysan, uyda o‘tirasan, desa, kelinlikka nomzod bunga ko‘nadimi?
- To‘ydan keyin farzandli bo‘lgach, ham uy, ham bola parvarishlariga ulgura oladimi?
Kuyovlikka nomzodlarga esa oilani boqish qo‘lidan kelishi, turmush o‘rtoqlikka qanday talablari borligi so‘raladi, xolos. Ushbu ko‘rsatuvda xotin-qizlarni mustaqil shaxs sifatida o‘z fikriga ega bo‘lmagan, doim o‘zini boshqa oila a'zolariga tobe hisoblashi kerak bo‘lgan, har doim “xo‘p”, deb turadigan uy bekasi, uy tozalovchi sifatida namoyon etilishi ayollarning qadr-qimmati kamsitilishi, deb baholash mumkin. Bu ko‘rsatuv jamiyatda gender stereotiplarini targ‘ib qilishda katta rol o‘ynamoqda.
“Sevimli” telekanalida “Mening qaynonam general” ko‘rsatuvi ham uzatilardi. Hozir uning o‘rniga “Olov kelin” ko‘rsatuvi chiqdi. Lekin ularning yo‘nalishlari bir-biriga yaqin. “Mening qaynonam general” ko‘rsatuvida qaynona-kelin munosabatlari ko‘rsatilgan. Unda kelinlar ovqat tayyorlash, barcha yumushlarga ulgurishlari zarurligi orqaligina ideal kelin obrazi shakllantirib boriladi. Shunday realiti shoular jamiyatda qaynona-kelin munosabatlarini ma'lum qolipga keltirib qo‘ymaydimi? Kelinning farzand tarbiyasidan tashqari, kasbiy va shaxs sifatida rivojlanishiga vaqt ajratishi ham muhim-ku.
Afsuski, bu ko‘rsatuvda kelinning boshqa oila a'zolariga tobeligi targ‘ib qilinib, ayrim sonlarida oilaviy zo‘ravonlik oqlab ham chiqilgan. “Kelgindi kelin”, “Ijaraga kelin”, “Mahallada duv-duv gap”, “Ochiqchasiga gaplashamiz” kabi ko‘rsatuvlari ham ushbu ro‘yxatni davom ettiradi. Yuqorida sanalgan dastlabki ikkita ko‘rsatuvlarda shaharda tug‘ilib o‘sgan, jamiyatda ma'lum yutuqqa erishgan xotin-qizlar qishloqqa borib, bir kunlik kelin vazifasini o‘tashadi. Kelin barcha ishlarni qilsa, qaynonaning gapidan chiqmasa, g‘olib bo‘ladi. Bu bilan ko‘rsatuvda "kelin - xizmatkor" qotib qolgan tushunchani yanada targ‘ib qilishyapti.
Bunday ko‘rsatuvlarda xotin-qizlarning qiziqishlari, ijtimoiy faolligini oshirish umuman ko‘rinmaydi, qaynona-kelin munosabatlari yanada chigallashishi kelib chiqadi. Oilada ayollarning tobe bo‘lishi targ‘ib qilinyapti. Seriallardan “Paxmoq kelin” serialini misol keltirish mumkin. Bunda uy ishlarini qilolmaydigan, epsiz kelin obrazi asosiy rol bo‘lib, bunda ayol er va uning qarindoshlari oldida abadiy majburiyatlarga ega bo‘lgan shaxs sifatida bo‘lgan tushunchasini kuchaytiradi.
Xotin-qizlar turli vaziyatlarda har doim aybdor bo‘ladigan Ahad Qayum seriallarini misol qilib olish mumkin. "Ayol makri", "Sotilgan nomus", "Aldangan qiz" va boshqalar. Nomlarning o‘zi aytib turibdi. Mass-media mahsulotlarida gender tengsizlik targ‘iboti auditoriya ongiga qisman emas, to‘liq singadi. Agar xotin-qizlar ma'lum muvaffaqiyatga erishgan, ziyoli, tajribali inson obrazida ko‘proq ko‘rsatilsa, odamlar xotin-qizlarni to‘laqonli teng huquqli shaxs, deb qabul qilishni boshlashadi.
“Gender tenglikni, aslida, vijdonimizga havola ish, deb bilaman”
"MY5" telekanali bosh muharriri Dilshod Fayz:
“MY5” telekanali formati asosan yoshlar siyosatiga, uning amaldagi ijrosini ta'minlashga qaratilgan bo‘lsa-da, xotin-qizlarning ijtimoiy faoliyatlariga oid turkum ko‘rsatuvlar tayyorlanishiga alohida e'tibor qaratib kelinadi. Bunga misol tariqasida “Women” ayollar dasturini keltirishim mumkin.
Unda, asosan, mamlakatimizda jamiyat va davlat ishlarini boshqarish, saylov jarayoni, sog‘liqni saqlash, ta'lim, ilm-fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida faollik ko‘rsatib kelayotgan ayollarimiz mehmon bo‘lishadi, o‘z hayot tajribalari bilan o‘rtoqlashishadi.
Xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan “Stimul” teleloyihasini ham shular qatoriga kiritishimiz mumkin. Bundan tashqari, xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ayniqsa, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash mavzulari “Markaziy studiya” informatsion shousi, “Hudud” yoshlar informatsion dasturi, “Amirxon Umarov” shousi va “Markazda” singari teleloyihalar orqali muntazam yoritib kelinmoqda.
“Mening yurtim” (Mu5) telekanali tomonidan Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiyaning 2016-2019 yillarda bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi Hisobotda ayollar masalalari, gender tenglik va aholining alohida guruhlari (bolalar, yoshlar, qizlar, ayollar, qariyalar va boshqalar) uchun mo‘ljallangan maxsus dasturlar ro‘yxatida bolalar uchun “Chaqa-chum”, “Shumtakalar”, “Jiddiy bolalar”, “Kichkintoy millioner”, “Quvnoq shaharcha”, “Xush ko‘rdik kids” kabi 10ga yaqin ko‘rsatuvlar, yoshlar uchun “Reportyor”, “Kofe breyk”, “128 soat”, “Markazdagilar”, “Sardorlar bellashuvi”, “Qalqon”kabi 10dan ortiq dasturlar, qizlar uchun mo‘ljallangan “Kelinposhsha”, “Oshpazlar akademiyasi” va ayollar uchun mo‘ljallangan “Top dizayner” “Siluet”, “So‘nggi pushaymon”, “Stilist shou”, “Trendda Siz” kabi teleko‘rsatuvlarning ko‘rsatilishi bugunga qadar qilingan ishlarga dalil bo‘loladi.
Telekanal taqdim etayotgan videomahsulotlarda xotin-qizlarni qaysi obraz: oila bekasi yoki muvaffaqiyatli karera egasi sifatida tasvirlash muhim, deb bergan savolingizga quyidagicha javob bergan bo‘lardim: menimcha, obraz borasida cheklangan yo tasdiqlangan ma'lum bir me'yor yo‘q. Muhimi, xotin-qizlarimiz metin iroda egasi, bilimli, yuksak tafakkur sohibasi, ibo va andishali shaxs sifatida gavdalansa bo‘lgani. Ayol oila bekasi yoki muvaffaqiyatli karera egasi bo‘ladimi, muhimi, baxtiyor oila bekasi bo‘lsin, ana shundagina u sog‘lom avlodni tarbiyalab beroladi.
Tv-ko‘rsatuv, film, serial, reklamalarni gender ekspertizadan o‘tkazish to‘g‘risida tartib kiritilsa, bunga shaxsan salbiy fikr bildirgan bo‘lardim. To‘g‘ri, hayotda ayollar va erkaklar teng huquqlidir. Lekin gender ekspertizani teleko‘rsatuv, film, serial yoki reklamalarda qo‘llamagan ma'qul. Chunki televideniye bu san'at, bunda ijod qilinadi, bunda badiiylikdan foydalaniladi.
Biroq “gender tenglik”, deb ekspertiza o‘tkaziladigan bo‘lsa yoki qandaydir qog‘ozbozlikdan iborat hisobotlar ko‘payadigan bo‘lsa, tabiiyki, bu ijodga salbiy ta'sir qiladi. Chunki gender tenglik, aslida, vijdonimizga havola ish, deb bilaman. Nainki qonunlar yoki normativ hujjatlar, balki diniy qadriyatlarimizda ham ayollarning o‘rni va vazifalari haqida alohida urg‘u berilgan.
“O‘zbek televideniyesi mahsulotlarida gender diskriminatsiyasi ma'lum miqdorda uchrayapti, degan fikrdaman”
Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova
“TVda berilayotgan ko‘rsatuvlar, film, seriallar, reklamalarda gender diskriminatsiyasi ma'lum miqdorda uchrab turibdi, deb o‘ylayman. Ayniqsa milliy va xorijiy seriallarda, filmlarda xotin-qizlar huquqlarini poymol etish holatlari, gender diskriminatsiyasi uchraydi. Masalan, serial, kliplarda bosh qahramonlarga nisbatan kamsitish, turmush o‘rtog‘i va uchinchi shaxs tomonidan zo‘ravonlik, kuch ishlatish holatlari beriladi , va aynan shu holat - ya'ni bosh qahramon taqdiriga auditoriya qiziqishini orttirib, serialga nisbatan ham qiziqish uyg‘otadi.
TVda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlar, film, seriallar, reklamalar xotin-qizlarning jamiyatdagi munosib o‘rnini belgilashda o‘z ta'sirini o‘tkaza oladi. Chunki halqimizda “O‘n marotaba eshitgandan bir marotaba ko‘rgan yaxshi”, deb bejiz aytilmaydi. Ayniqsa, qiyin ahvolga tushgan hotin-qizlarning hayoti izga tushgani, yaxshi tomonga o‘zgargani va bunga stimul bo‘luvchi voqealar serial va filmlarda berilsa yoki shunday xotin-qizlarni hayoti aks ettirilgan lavhalar muntazam ravishda targ‘ibot qilib borilsa, bu, albatta, o‘zining ijobiy natijasini beradi.
Bunga aniq misol sifatida “Nazira” milliy teleseriali, “Millatning fahriga aylangan ayol” (O‘zbekiston Kaxramoni Lola Murodova haqida) filmini ko‘rsatib o‘tish mumkin. O‘zbekona mentalitetimizga va milliy qadriyatlarimizga zid keladigan xulq- atvorli xotin-qizlarning obrazi oxirgi vaqtda OAVda ko‘proq berilmoqda va bunday holat o‘sib kelayotgan yoshlar, ayniqsa, kizlarning hayot haqidagi tushunchasi shakllanishiga noto‘g‘ri ta'sir qilishi mumkin”.
Tushunarsiz holat
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan ushbu mavzuga o‘z munosabatini bildirishini so‘ragandik. Afsuski, qo‘mitadan TVda berilayotgan ko‘rsatuv, film, serial, reklamalarni gender eskpertizadan o‘tkazish bo‘yicha berilgan savollarga qoniqarli javob olish imkoni bo‘lmadi. Ushbu mavzu yuzasidan Gender komissiyasiga ham murojaat qilindi. Ammo hech qanday ma'lumot ololmadik. Bundan xulosa qilish mumkinki, hukumatning mass media mahsulotlari orqali gender tengsizlik targ‘iboti mavzusiga qiziqishi yo‘q yoki bu borada chuqur tadqiqotlar olib borishga imkoni yo‘q, degan xulosaga kelish mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, butun O‘zbekiston aholisiga yaxshigina ta'sir o‘tkaza oladigan tv-mahsulotlarda gender tengsizligi ochiqchasiga targ‘ib qilinsa-yu, bunga mas'ullar tomonidan ko‘z yumilsa, katta minbarlarda gender tengligini ta'minlayapmiz, deyishdan nima foyda?
To‘g‘ri, TV orqali auditoriyani tarbiyalay olmaymiz. Lekin berilayotgan ko‘rsatuv, film va seriallardan auditoriya ma'lum darajada ta'sirlanadi, ma'lumot ongiga joylanadi va real hayotda aks etishiga oz bo‘lsa-da, sababchi bo‘ladi.
Odamlar ongiga gender tengsizlik targ‘ib qilinaversa, oilada zo‘ravonliklar ko‘paysa ko‘payadiki, aslo kamaymaydi. Biz xotin-qizlar kamsitilishi mavzusining bir parchasini ko‘rsatdik, xolos. Hayotda ushbu katta muammoning sabablari ko‘p. “Bu mavzuni ko‘tarib nimaga ham erishasan?” deguvchilarga shunday degan bo‘lardim: o‘sha biz-u siz, atrofdagilar “gender tengligi” deb aytishni istamaydigan, gapirishlariga yo‘l qo‘ymaydigan mavzu zamirida qanchadan-qancha opa-singillarimizning taqdiri yotibdi. Ularning keyingi hayoti Sizni tashvishga solmaydimi?
Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri