Toshkentdagi mebel do‘koni omborxonasida 5 mlrd 338 mln so‘mlik bojxonada rasmiylashtirilmagan pardalar saqlanayotgani aniqlandi. Bu Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi, Surishtiruv va ma'muriy amaliyot bo‘limlari xodimlari ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda ma'lum bo‘lgan.
Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Toshkent shahridagi mebel do‘konlaridan birining omborxonasidan tovar-moddiy boyliklarni ortib, belgilangan yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtda to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, transport vositasining yukxonasida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan parda matolari borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, mebel do‘koni omborxonasi belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, jami qiymati 5 mlrd 338 mln. so‘mlik, 1759 o‘ram parda matolari hamda 5645 o‘ramda tayyor pardalar borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.