Turkiyada epidemiya cheklovlari yetarlicha samara bermayapti. Mamlakat uchinchi lokdaunda

Jahon 15:22 / 25.04.2021 6118

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ramazonning dastlabki ikki haftasida «qisman yopilish» amalga oshirilishini aytdi.

2020 yil mart va noyabr oylarida Turkiya turli choralarni qo‘llagan holda, epidemiya tizginini qo‘lga olishga harakat qilgan edi. Ko‘rilgan ushbu choralar 2020 yil yozining boshida va 2021 yilning martida yumshatila boshlandi.

Biroq 2020 yil aprel oyida ko‘rilgan ba'zi choralar yumshatish davrlarini o‘z ichiga olgan holda, qariyb bir yildirki hamon amaldaligicha qolmoqda.

65 yoshdan oshganlarga komendantlik soati joriy etilishi, sayohat ruxsatnomalari, sport o‘yinlarining tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi, ta'limning asosan masofaviy tarzda olib borilishi, barlar yopilishi kabi chora-tadbirlar shular jumlasidandir.

Hukumat so‘nggi paytlardagi holatlar sonining ortishini ko‘rilgan choralarga yetarli darajada amal qilinmagani bilan izohlamoqda. Rasmiy bayonotlarda jamoatchilik choralarga bo‘ysunishi kerakligi, aks holda epidemiya davom etishi haqida ogohlantirilmoqda.

Turkiyada oshkor qilingan so‘nggi ma'lumotlar kunlik holatlar 60 mingdan oshganini, 250dan yuqori o‘limlar soni ham rekord darajaga yaqinlashib qolganini ko‘rsatmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi tashkilotlar va ba'zi olimlar ko‘rilayotgan choralar yetarli emasligi va mamlakat «to‘liq yopilish»ga kirishishi kerakligini ta'kidlamoqda.

Bundan tashqari, ko‘rilgan choralar aniq yetkazilmayotgani, bu esa chalkashliklarni keltirib chiqarayotgani uchun hukumat tanqid ostiga olinmoqda. 

Xo‘sh, Turkiyaning pandemiyaga qarshi bir yillik kurashi mobaynida qanday choralar ko‘rildi?

Kunlik holatlarning o‘rtacha harakati
11 mart, 2020 – 28 iyul, 2020

Manba: Sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

2020 yil mart-aprel – ilk chora-tadbirlar davri

Turkiya 2019 yil dekabr oyi oxirida Xitoyning Uhan shahrida paydo bo‘lgan yangi turdagi koronavirus dunyoning turli nuqtalariga tez sur'atlarda tarqalishi ortidan cheklovlar joriy etgan ilk mamlakatlardan biridir.

Turkiya 2020 yil fevral va mart oyidagi dastlabki bosqichda holatlar soni ko‘paygan mamlakatlarga sayohatlarni to‘xtatdi va mamlakat tashqarisidan maxsus charter reyslar bilan keltirilganlarni karantinga oldi. Yanvar oyida esa Ilmiy qo‘mita tashkil etildi.

Turkiyada birinchi holat 2020 yil 11 mart kuni aniqlandi, birinchi o‘lim esa 17 martda sodir bo‘ldi.

Mart oyining oxiriga kelib, holatlar soni avvaliga mingdan, qisqa vaqtdan so‘ng esa 2 mingdan oshdi. Kasalliklar soni tez o‘sib borgani tufayli hukumat mart va aprel oylarida «ijtimoiy harakatchanlik»ni kamaytirish bo‘yicha bir qator cheklovlarni joriy etdi.

Qabul qilingan choralarni targ‘ib etish maqsadida «Uyda qol» («Evde Kal») va «Hayot uyga sig‘adi» («Hayat Eve Sığar») kabi kampaniyalar tashkil etildi.

Ushbu davrda avval maktablar ta'tilga chiqdi, so‘ng masofaviy ta'limga o‘tildi, sport o‘yinlarini tomoshabinlarsiz o‘tkazishga qaror qilindi, davlat sektorida moslashuvchan ish tartibi joriy etildi. Xususiy sektordagi ko‘plab kompaniyalar ham uydan ishlash tizimiga o‘tdi.

Sayohatlar bilan bog‘liq tadbirlar doirasida xalqaro reyslar to‘liq to‘xtatildi va shaharlararo qatnovlar hokimiyat ruxsati bilan amalga oshirildi. 30ta katta shahar va o‘pka kasalliklari tez-tez uchraydigan Zonguldakka kirish va chiqish taqiqlandi.

Yopiq joylarda niqob taqish majburiy etib belgilandi va ommaga bepul niqoblar tarqatildi.

Bundan tashqari, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, teatr va kinoteatrlar, restoranlar, tungi klublar, barlar, sport zallari kabi joylar yopildi, savdo markazlarining ish soatlari ham cheklandi. Turkiyaning eng yirik shahri Istanbulda jamoat transportidan foydalanish 80 foizga tushdi.

Ushbu davrda Turkiyada yosh guruhlariga ko‘ra cheklovlar ham amalga oshirila boshladi. 65 yoshdan katta va 20 yoshgacha bo‘lganlarga ko‘chaga chiqish taqiqlandi.

Juma namozini jamoat bo‘lib o‘qish to‘xtatildi.

Hukumat ushbu davrda hafta oxirlarida komendantlik soatini joriy etdi va 2020 yil may oyining yakunida 31 shaharda dam olish kunlari komendantlik soati amal qila boshladi.

2020 yil iyun oyida cheklovlarning katta qismi bekor qilindi.

Shaharlararo sayohat va xalqaro reyslar qayta tiklandi. Restoran, kafe va savdo markazlari gigiyena choralarini ko‘rgan holda yana ish boshladi.

65 yoshga to‘lgan va 20 yoshgacha bo‘lganlarni qamrovchi komendantlik soati yumshatildi. Bundan tashqari, cheklovlar qo‘llaniladigan yosh guruhi 20 yoshdan 18 yoshga tushirildi.

Kunlik bemorlarning o‘rtacha harakati
29 iyul, 2020 – 24 noyabr, 2020

Manba: Sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

2020 yil noyabr – ikkinchi chora-tadbirlar davri

Turkiyada yoz oylarida chora-tadbirlar yumshatilgan bo‘lishiga qaramay, kunlik holatlarning pasayish tendensiyasi kuzatildi.

Iyul oyi oxirida Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus ma'lumotlarini ochiqlashni o‘zgartirdi va holatlar sonining o‘rniga PCR testining natijasi musbat chiqqan va simptomlar kuzatilganlarni «bemor» deb tavsiflay boshladi.

Shunga qaramay, oktabr oyining oxiridan boshlab bemorlar sonida ortish kuzatildi. Hukumat yana bir bor cheklov choralarini qo‘lladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ham noyabr oyining oxiridan boshlab kunlik jadvallarga holatlar sonini kiritdi.

Noyabr oyi o‘rtalarida qabul qilingan cheklov choralari doirasida restoran, kafe, savdo markazlari, bozorlar, sartaroshxonalarning ish vaqti cheklandi. Restoran va kafelarni kechki soatlarda yopishga va faqat yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ushbu davrda qabul qilingan qarorlarga muvofiq, dekabr oyining boshidan e'tiboran ish kunlari soat 21:00dan 05:00gacha cheklovlar o‘rnatildi, dam olish kunlari esa komendantlik soati joriy etildi.

Ta'ziya va dafn marosimlarida ishtirok etadigan odamlar soni cheklandi. Kontaktlarni kuzatib borish maqsadida savdo markazlari kabi joylarga kirishda Hayat Eve Sığar (HES) dasturidan olingan HES kodini ko‘rsatish amaliyoti boshlandi.

Dekabr oyi oxirida chet eldan kelganlardan 72 soat oldin olingan manfiy PCR testini talab qilish tizimiga o‘tildi. Bundan tashqari, ushbu davrda yangi shtammlar aniqlangan va holatlar soni ko‘p bo‘lgan Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika va Braziliya kabi mamlakatlardan kirish reyslari to‘xtatildi.

Yangi holatlar e'lon qilinishi boshlangan noyabr oyining oxirida 30 ming atrofida bo‘lgan kunlik holatlar soni ko‘rilgan choralar natijasida dekabrning ikkinchi yarmida 20 mingdan, yanvar oyi boshida esa 10 mingdan pastga tushdi. Ushbu davrda kunlik qurbonlar soni 100 kishidan oz bo‘lib, bu ko‘rsatkich pandemiya boshidan beri eng past darajaga tushdi.

Hukumat holatlar va o‘limlar soni, shuningdek, kasalxonalarning bandlik darajasini hisobga olib, fevral oyidan e'tiboran cheklovlarni yumshatish bo‘yicha ish boshladi. Mart oyining boshida «to‘g‘ri qaror» deb nomlangan jarayonga o‘tildi.

Bunga ko‘ra, Turkiyadagi viloyatlar kunlik holatlar soni, kasalxonalarning bandlik darajasi, og‘ir bemorlar va o‘limlar soni kabi bir qator mezonlarni hisobga olgan holda to‘rt xil xavf guruhiga ajratildi. Har bir mezon uchun alohida cheklovlar qo‘llanishi rejalashtirildi.

Cheklovlarning yumshatilishi va ba'zi partiyalar, xususan, Adolat va taraqqiyot partiyasining qurultoylari yopiq joylarda, ko‘p odamlar ishtirokida o‘tkazilishi va Navro‘zni nishonlashga ruxsat berilishi ortidan holatlar soni ham keskin oshib ketdi.

Mart oyida holatlarning kunlik o‘sishi yana avvaliga 10 ming, keyin esa 20 minglik chegaradan o‘tdi, kunlik o‘limlar soni ham 200dan oshdi.

Kunlik holatlarning o‘rtacha harakati
25 noyabr, 2020 – 22 aprel, 2021

Manba: Sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

2021 yil aprel – uchinchi chora-tadbirlar davri

Aprel oyiga kelib, kunlik holatlar soni 40 mingdan oshdi va rekord darajaga chiqdi.

Shundan so‘ng hukumat yana bir bor cheklov choralarini ko‘rishga majbur bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘ja epidemiyaning yana avj olishiga sabab sifatida xalqning ko‘rilgan choralarga rioya qilmasligini ko‘rsatdi.

«Holatlarning ko‘payishiga hammamiz – 84 million inson aybdormiz», dedi u.

Ushbu bayonotdan bir kun o‘tgach, seshanba kuni prezident Erdo‘g‘an boshchiligidagi yig‘ilishda yana noyabrdagi kabi cheklov choralari e'lon qilindi.

Erdo‘g‘an «qisman yopilish» deb ta'riflagan ushbu davrda noyabr oyidagi chora-tadbirlarga qo‘shimcha sifatida davlat sektorida ish vaqti qayta tashkil qilindi va 2020 yilning martidagi kabi moslashuvchan ish tizimiga o‘tildi. Ba'zi bir xususiy kompaniyalar ham ish vaqtini qayta tashkil etdi.

Ba'zi yangi choralar viloyatlar kesimida emas. Ya'ni ular butun mamlakat bo‘ylab amal qiladi. Bu doirada komendantlik soati uzaytirildi – boshlanish vaqti soat 21:00dan 19:00ga o‘zgartirildi. Ushbu amaliyotni hafta oxirida ham davom ettirishga qaror qilindi. Shuningdek, ushbu soatlar orasida shaharlararo sayohatlar ham ba'zi istisnolar bilan taqiqlandi.

Restoranlar, kafelar, sport zallari, go‘zallik markazlari, mahalliy va ko‘ngilochar markazlar yopildi. Restoranlar yana yetkazib berish xizmatiga o‘tdi.

Shahar ichidagi jamoat transport vositalariga sig‘im cheklovlari belgilandi. 65 yoshdan katta kishilarga jamoat transportidan foydalanish yana taqiqlab qo‘yildi.

Mazkur cheklovlar ikki hafta davomida amalda bo‘lishi ma'lum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: