Ro‘za tutganda inson tanasida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi?

Jamiyat 14:53 / 25.04.2021 18004

Bu – ba'zi mamlakatlarda, masalan, Norvegiyada har kuni 20 soatgacha oziq-ovqatdan o‘zini tiyish demakdir.

Xo‘sh, ro‘za sog‘liqqa qanday ta'sir qiladi? 30 kun davomida ro‘za tutgan odamning tanasida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi?

Dastlabki kunlar qiyin kechishi mumkin

Inson tanasi ro‘za tutilganini eng so‘nggi ovqatlanishdan 8 soat o‘tgach sezishi mumkin. Bu – ichaklar oxirgi taomlanishdan olingan barcha foydali moddalarni to‘liq hazm qilib ulguradigan muddatdir. Keyingi bosqichda organizm energiya ehtiyojini qondirish uchun jigar va mushaklardagi glyukozaga yo‘naladi.

Glyukoza iste'molidan keyingi energiya manbayi tanadagi yog‘lardir. Yog‘larning sarf qilinishi vazn yo‘qotishga, xolesterin miqdorini pasaytirishga, diabet xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Boshqa tomondan, qon shakarining pasayishi bilan tanada zaiflik va sustlik paydo bo‘ladi.

Ochlik darajasi eng yuqori darajaga ko‘tarilganda simptomlarga bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va og‘izdan noxush hid kelishi kabi alomatlar qo‘shiladi. 

3-kundan 7-kunga: suv ichishga e'tibor qarating

Bu oraliqda tana ro‘za tutishga moslasha boshlaydi. Yog‘ «iste'mol» qilinib, qon shakariga aylantiriladi.

Saharlik va iftor vaqtlari orasida suv miqdori kamaygani sababli tanada terlash tezlashadi va suyuqlik yo‘qolishi kuchayadi.

Iftor va saharlik vaqtidagi ovqatlanish paytida uglevodlar va ba'zi yog‘larni kerakli miqdorda qabul qilish energiya ishlab chiqarish uchun zarur. Oqsil, tuz va suv kabi ba'zi foydali moddalarni iste'mol qilish muhimdir.

8-kundan 15-kungacha: tana ro‘za tutishga to‘liq moslashadi

Tana endi 3-bosqichga o‘tadi va u ro‘za tutishga to‘liq moslashadi.

Angliyadagi Kembrij universiteti kasalxonasining behushlik va intensiv terapiya bo‘yicha maslahatchisi doktor Razin Maxrufning aytishicha, ushbu bosqich tanaga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

«Kundalik hayotda biz ko‘proq kaloriyali ovqat iste'mol qilamiz. Shuning uchun tanamiz kasalliklarni yengish kabi muhim vazifani bajara olmaydi. Ro‘za paytida bu holat qaytadan muvozanatlashadi. Tana yana o‘zining muhim funksiyalariga e'tibor qaratadi, uning infeksiyalarga qarshi kurashishi va kasalliklardan xalos bo‘lishi ham osonlashadi».

16-kundan 30-kungacha: Zararsizlantirish vaqti

Ramazon oyining ikkinchi yarmida yo‘g‘on ichak, buyrak va teri toksinlardan xalos bo‘la boshlaydi.

Doktor Razin Maxrufning aytishicha, bu davrda organizm o‘zining maksimal imkoniyatiga qaytadi. Xotira va konsentratsiya yana kuchga kiradi, energiya ham ortadi: «Ro‘za tongdan to quyosh botguniga qadar bo‘lgan vaqtni qamrab oladi. Shu asno u tana mushaklarini muhofaza qilib, ozishga yordam beradi. Ammo agar tana energiya uchun oqsil olishni boshlasa, u oldingi ochlik rejimiga o‘tib, mushaklaringizni ishlatishni boshlaydi. Bu ko‘pincha kunlar va haftalar davomida tutiladigan ro‘za davrida sodir bo‘ladi».

Ro‘za tutish sog‘liq uchun foydalimi?

Doktor Razin Maxrufning so‘zlariga ko‘ra, bu savolning javobi «Ha», lekin bitta shart bilan: «Ro‘za sog‘liq uchun foydali, chunki u qachon va qanday ovqatlanayotganimizga e'tibor qaratish imkonini beradi. Ammo biz bir oylik muddatni uzaytirishni va doimiy ravishda ro‘za tutishni tavsiya etmaymiz. Ro‘zani uzaytirish uzoq vaqt davomida yog‘ni energiyaga aylantirishning oldini oladi va tana energiya manbayi sifatida mushaklarga yo‘naladi, ochlik rejimi kirganda uzoq vaqt davomida vazn yo‘qotishni qiyinlashtiradi va sog‘likka yomon ta'sir qiladi».

Agar Ramazon davridan tashqari ro‘za tutiladigan bo‘lsa, doktor Razin Maxrufning tavsiyasi – 5: 2 ro‘za tutish diyetasiga amal qilishdir. Boshqacha qilib aytganda, haftada 5 kun sog‘lom ovqatlanish va qolgan 2 kun davomida ro‘za tutish.

Ko‘proq yangiliklar: