Hayot hammani har xil sinaydi. Kimnidir boylik, kimnidir amal, kimnidir nochorlik bilan. Bugun bizga taqdirini gapirib bergan Guliston Rahimova mardikorlik bilan kun ko‘radi. Ikki qizi va ikki nabirasining ta'minoti ham ijarada yashayotgan, butun umri qora mehnatda o‘tgan shu ayolning gardanida. U hayot zarbalariga sabr qilib, qaddini bukmay farzandlari uchun yonib yashayapti. Yorug‘ kunlar kelishidan esa umidi katta...
Guliston Rahimova asli samarqandlik, uning ikki nafar qizi bor. Turmushidan ajrashgan. Ikki qiz va ikki nevarani boqish uning gardanida. Ish qidirib Toshkent shahriga kelgan, 10 yildan beri bu yerda mardikor bo‘lib ishlaydi.
«Na ota, na ona mehrini ko‘rdim...»
«Biz oilada ikki qiz: opam va men edik. Onam qozog‘istonlik, otam esa samarqandlik bo‘lgan. Opam ikkimiz Qozog‘istonda tug‘ilganmiz. Otam oilada kenja farzand edi. Oilamiz Samarqandga qaytgach, ota-onam ikkalasi paxta zavodida ishlashgan. Bir sabab bilan ikkalasi kelishmay qolib, onam opam va meni Qozog‘istonga olib ketmoqchi bo‘ldi. Dadam bunga yo‘l qo‘ymay, ikkalamizni olib qoldi. Agar o‘shanda olib ketib, biror joyga tashlab ketganida, o‘lib ketganimizda, hozirgichalik qiynalmasmidik deb o‘ylab qolaman.
Bolaligimda na otalik, na onalik mehrini ko‘rmay o‘sdim. Otam bizni olib qolganidan so‘ng, mehr bermay tarbiyaladi. Shu sabablimi turmushga chiqqunimcha erkaklarni yoqtirmaganman. Onam Qozog‘istonga qaytib ketganidan keyin biz otam bilan yashadik. Biroz muddat o‘tgach, otam uylandi, o‘gay ona qo‘lida tarbiyalandik.
Bolaligimizdanoq qattiq mehnat qilib o‘sdik. Opam bilan dalaga chiqib o‘t, bug‘doy o‘rib kelardik, o‘tin tashib olib kelardik. Sovuq bo‘lishiga qaramasdan kechasi ham qurigan daraxtlarni aravaga ortib, yengilini esa qo‘lda ko‘tarib kelardik. Oyog‘imizdan sovuq o‘tib ketardi, kalish, paypog‘imiz yirtilgan bo‘lardi. Kiyishga tuzuk paypoq topolmagach, oyog‘imizga latta o‘rab olardik. Tuzuk kiyinolmaganmiz. Nonni qulog‘imizga o‘lchab berardi o‘gay onam».
«Turmushga chiqsam, hayotim o‘zgarishidan umidvor edim»
Turmushga chiqsam, hayotim o‘nglanib ketsa kerak, deb o‘ylaganman. Odamlarga o‘xshab, tinchgina, baxtli yashashni istab, 16 yoshimda turmushga chiqqanman. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘imni yaxshi tanimasdim. Sovchi keldi va men rozi bo‘ldim. Ko‘rpa-to‘shak qilmay, 3-4 ta kiyim qilib, meni uzatvorishdi. Erim ichib kelib, urardi. U oilada kenja farzand edi, bir joyda ishlamasdi, ularning oilasi bizdan ko‘ra ancha to‘q edi. Eng kichik o‘g‘il bo‘lgani uchun ham qaynonam o‘g‘lini erka tarbiyalagan.
Erim tinmasdan ichardi. 8 oylik homilam bilan meni urgan, mazam qochib qolgan. Qaynakam zudlik bilan shifoxonaga olib borgan. Shifokorlarning aytishicha, bolamning bosh miyasi lat yegan ekan. O‘sha kungi kaltak qizimda o‘z asoratini qoldirgan: tez jahli chiqadi, asabiy bo‘lib qolgan.
Erim ayollarni uyimizgacha olib kelgan. O‘sha payti juda yosh edim, birga ishlaydigan hamkasbim, deb aldab tanishtirsa, ishonib ketaverganman. Meni aldayotganini tushunib yetgach, ajrashishga qaror qilganman. Kichik qizim bir yoshga to‘lmasidan ajrashib ketdim. Bunga ham 16 yillar bo‘lyapti. Ajrashgach, bolalarim uchun aliment puli ololmadim, ko‘p joylarga murojaat qildim, ammo natija bo‘lmadi.
Ajrashgach, ota uyimga bordim, biroz muddat yashadim. Keyin ammalarim qayta turmushga chiq, deb qo‘yishmadi. So‘ng ikkinchi marta oila qurdim. Bu safar ham bo‘lajak turmush o‘rtog‘im kimligini surishtirmay, qarindoshlarimga ishonib, turmushga chiqdim. Biz atigi 4 oy yashadik. Qizlaringni bolalar uyiga bergin, deb shart qo‘ydi. Aytganini qildim... Vaqt o‘tgach, u ham xiyonatkor bo‘lib chiqdi, mendan ham oldin turmushlari bor ekan. Biz shar'iy nikoh qurgandik. Kelishmovchilik va yuqoridagi sabablar tufayli ajrashdim».
«Qizlarim bolalar uyida yaxshiroq yashagan...»
«Ikkinchi turmushimdan ham ajrashgach, ish qidirib, Qozog‘istonga bordim. U yerda paxta terdim. Bu vaqtda bolalarim mehribonlik uyida edi. Pul topib, uy-joy qilib ularni mehribonlik uyidan olib ketishni rejalashtirib yurgandim. Ammo ota yoki onasi tirik bolalar mehribonlik uyida qolishi mumkin bo‘lmaganligi uchun u yerdan qo‘ng‘iroq qilib, bolalarni olib ketishni talab qilishdi.
O‘zbekistonga qaytib, ularni mehribonlik uyidan olib keldim. So‘ng vaqt o‘tgach, qizlarim mendan xafa bo‘lishdi: «Bizni o‘sha yerda tashlab ketganingizda, o‘qishga imkonimiz bo‘lardi, bunchalik qiynalmasdik», deyishdi. Shu vaqtda ich-ichimdan siqilardim, bolalarimga aytgan narsasini olib berolmay, ular xohlagandek sharoit yaratib berolmagay o‘ksinardim».
Guliston opaning to‘ng‘ich qizi 18 yoshida turmushga chiqqan, ikki nafar farzandi bor. Oilaviy kelishmovchilik tufayli qizi farzandlari bilan qaytib kelgan. Tabiiyki, ikki qiz va ikki nevarani boqish onaning zimmasida.
«Ishga chiqqan ayollarni noto‘g‘ri yo‘ldan ham yuradi, deb o‘ylashadi»
«Bir kuni dugonam bilan bir uyni tozalashga bordik. Mendan yoshi kichik, surxondaryolik yigit edi. 3 xonali uy ekan. Dugonam bilan uyni yig‘ishtirayotganimda u yigit eshikni qulflab qo‘ydi. Nimadir bo‘lishini darrov sezdim, bir amallab uydan qochib chiqdim. Dugonam ichkarida qolib ketdi. Tashqariga chiqsam, bir er-xotin o‘tib ketayotgan ekan. Ularga vaziyatni tushuntirdim. Ikkalasi borib, dugonamni qutqarib oldi. O‘shanda dugonamni zo‘rlamoqchi bo‘lgan yigit bizga «O‘zing xohlab kelding, yana nimaga noz qilasan», deb o‘dag‘ayladi. Biz judayam xafa bo‘ldik. Shunda bizni qutqargan odam «Noto‘g‘ri yo‘ldan yurmoqchi bo‘lsa, indamay ishini qilib yurgan bo‘lardi», dedi. Ko‘pchilik bizni yengiltak, deb o‘ylaydi, hatto militsiya ham. Biz ham insonmiz, farzandlarimizni halol luqma bilan boqish niyatidamiz. Bu hayotimdan ko‘ra narigi hayotimni ko‘proq o‘ylayman. Har kuni o‘limimni bo‘ynimga olaman...».
Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.