Tashqi savdo operatsiyalari yagona tizimidan umidsiz qarzdorliklar hisobdan chiqariladi

Iqtisodiyot 08:12 / 22.04.2021 5441

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror qabul qilindi.

Hujjat prezidentning 2021 yil 14 yanvardagi «2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • qarzdorliklarni aniqlash va ularni asoslantiruvchi hujjatlar;
  • qarzdorliklarni hisobdan chiqarishda eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi hamda hududiy komissiyalar o‘rni va vakolatlari;
  • eksport va import shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan umidsiz debitor va kreditor qarzdorliklarni hisobdan chiqarishni tashkil etish tartibi;
  • tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimidan (TSOYaEAT) umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish bo‘yicha hisobdorlik mexanizmi.

Nizomda umidsiz qarzdorlik, asoslangan debitorlik qarzdorlik, kredit-nota tushunchalari berilgan.

Qarzdorliklar TSOYaEATda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, davlat bojxona xizmati organlari, tovar-xomashyo birjasi va ko‘rgazma-yarmarkalar hamda tijorat banklari ma'lumotlari asosida shakllantiriladi.

TSOYaEATda umidsiz qarzdorliklar sifatida quyidagilar e'tirof etiladi:

  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning sud qaroriga muvofiq majburiyatlari tugatilgani;
  • yakka tartibdagi tadbirkor vafot etishi, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqib, boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqib ketgani;
  • umumiy da'vo qilish muddati o‘tgani;
  • hukumat qarori asosida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar qarzdorliklari hisobdan chiqarilishi;
  • qarzdorlik texnik va boshqa sabablarga ko‘ra noto‘g‘ri shakllangani;
  • qarzdorlik kredit-nota asosida chegirma taqdim etilishi hisobiga yuzaga kelgani va boshqalar.

Umidsiz qarzdorlik quyidagi hujjatlar bilan tasdiqlanadi:

  • xo‘jalik yurituvchi sub'yekt majburiyatlari tugatilgani, bankrotlik ishlari yakunlangani va majburiyatlarni qanoatlantirish imkoniyati yo‘qligi haqidagi sud qarori;
  • yakka tartibdagi tadbirkor vafot etgani haqidagi o‘lim guvohnomasi;
  • yakka tartibdagi tadbirkorning O‘zbekiston fuqaroligidan chiqib, boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqib ketgani haqidagi IIB (IIB bo‘limlari) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi ma'lumotnomasi;
  • shartnoma summasini 5 foizgacha kamaytirish bo‘yicha chegirma berish to‘g‘risidagi kredit-notasi va boshqalar.

Qarzdorliklarni TSOYaEATdan hisobdan chiqarish tasdiqlangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar namunaviy tarkibi tasdiqlandi.

Ko‘proq yangiliklar: