Yuridik fanlar o‘qituvchilari qayta tayyorgarlikdan o‘tadi

O‘zbekiston 08:56 / 19.04.2021 2441

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Qaror bilan Xalq ta'limi, o‘rta maxsus va professional ta'lim muassasalarida yuridik fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma'lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash kurslari to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markaziga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

  • oliy noyuridik ma'lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash;
  • mediatsiya institutida samarali faoliyat yuritadigan mediatorlarni tayyorlash;
  • tinglovchilarni intellektual mulk huquqi sohasiga oid kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etish.

Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qishni tashkil etish shakli, kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qish muddatlari hamda bu boradagi xarajatlarni qoplash tartibi;
  • kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabulni tashkil etish shaffof mexanizmi;
  • kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘quv yuklamasi hajmi va o‘quv jarayoni;
  • tinglovchilarni yakuniy imtihondan o‘tkazish, kasbiy qayta tayyorlash kurslaridan chetlashtirish asoslari va tartibi.

Belgilanishicha, 2030 yil 1 yanvardan boshlab xalq ta'limi, o‘rta maxsus va professional ta'lim muassasalarida yuridik fanlardan faqat oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan yoki markazda pedagogik qayta tayyorlash kurslarini tugatgan va belgilangan namunadagi diplomni olgan oliy ma'lumotli shaxslar dars berish huquqiga ega bo‘ladi.

Quyidagilar kurslarni tashkil etishning moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

  • oliy noyuridik ma'lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etishda – tinglovchilar tomonidan qayta tayyorlash kurslaridan o‘tish uchun shartnoma asosida to‘lanadigan mablag‘lari;
  • intellektual mulk sohasiga oid kurslari, shuningdek mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tashkil etishda – vazirlik va idoralar, boshqa tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek tinglovchilar tomonidan o‘quv kurslarida o‘qish uchun shartnoma asosida to‘lanadigan mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Ko‘proq yangiliklar: