2021 yilning birinchi choragi yakunida O‘zbekiston iqtisodiyoti kuchli o‘sish trayektoriyasiga qaytdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, dastlabki 3 oyda respublika yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 3 foizga oshib, 128,6 trln so‘mni tashkil etdi. 2020 yilda esa bu ko‘rsatkich 110,5 trln so‘mga to‘g‘ri kelgan.
Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda mamlakatda inflatsiya darajasi pasayishda davom etayotgani, narxlarning ko‘tarilishi birinchi chorakda 2,5 foizni, 2020 yilning shu davriga nisbatan esa 2,8 foizni tashkil etgani keltirilgan.
«Biroq, inflatsiyaning asosiy omili oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining ko‘tarilishi bo‘lib, ular 2020 yil dekabrga nisbatan 3,1 foizga o‘sdi, shu bilan birga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan pasayish kuzatildi (2020 yilning dastlabki 3 oyida 4,3 foizga).
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi 1,7 foiz darajasida saqlanib qoldi. Ammo xizmatlar narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan tez sur'atlarda o‘sdi. Ya'ni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 foiz, joriy yilning dastlabki uch oyida 1,5 foiz», deyiladi ma'lumotda.
Shuningdek, o‘tgan 3 oyda sanoat mahsulotlari hajmi 91,5 trln so‘mni (3,8 foiz o‘sdi) tashkil etdi. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 82,2 trln so‘m bo‘lgan.
Xizmatlar joriy yil ilk choragida 61 trln so‘m (5,8 foiz o‘sdi) bo‘ldi. O‘tgan yilgi raqamlar 50,4 trln so‘mga to‘g‘ri kelgan.
Chakana savdo tovar aylanmasi 46,7 trln so‘m (2,8 foiz o‘sdi) bo‘lib, bir yil oldingi hajm 40,1 trln so‘m bo‘lgan.
Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi birinchi chorakda 29,9 trln so‘mni (3,1 foiz o‘sdi) tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 25,2 trln so‘m bo‘lgan.
2021 yil 1-choragida qurilish ishlari 19,5 trln so‘mni (0,5 foiz o‘sdi) tashkil etdi. 2020 yilda esa 15,5 trln so‘mga to‘g‘ri kelgan.
Manba joriy yilning 1-choragida pasayish ko‘rsatkichlari eksport, import va tashqi savdo aylanmasida kuzatilganini ochiqladi. Xususan, eksport 2,4 mlrd dollarni (26,5 foizga tushdi), import hajmi 4,7 mlrd dollarni (1,3 foizga tushdi), tashqi savdo aylanmasi 7,1 mlrd dollarni (11,6 foizga pastladi) tashkil etdi. O‘tgan yilda eksport hajmi 3,4 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, import 4,8 mlrd dollarni, tashqi savdo aylanmasi hajmi 8,1 mlrd dollarni tashkil etgan.
Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar joriy yil 1-choragida 35,6 trln so‘m (3,5 foizga tushdi) bo‘ldi. O‘tgan yili esa 33,3 trln so‘mni tashkil etgan.
Markazga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga global inqiroz ta'sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari o‘sish sur'atlari va tashqi savdoning pasayishida (asosan oltin eksportining to‘xtashi bilan bog‘liq) o‘z aksini topyapti.