Bepul forma, 5 mahal ovqat – Prezident maktabining boshqa maktablardan qanday farqi bor?

O‘zbekiston 16:05 / 19.04.2021 45315

Toshkent shahridagi Prezident maktabi – 144 nafar o‘quvchi va 35 nafar o‘qituvchidan iborat katta jamoa. Har bir sinfda 12 nafardan o‘quvchi ta'lim oladi. Maktabda darslar 8:30da boshlanib, 15:30gacha davom etadi. Darslar yakunlangach, o‘quvchilar turli fan to‘garaklariga qatnaydi. Maktabda qo‘ng‘iroqlar o‘rniga o‘quvchilarga ruhan tetiklik va motivatsiya beruvchi tanlangan qo‘shiqlar jaranglaydi.

Maktab 5 kunlik ta'lim tizimida ishlaydi. Shanba va yakshanba kunlari o‘quvchilar uyiga jo‘naydi. Bu yil maktabni 24 nafar o‘quvchi bitiradi. Bitiruvchilar IELTS imtihonidan o‘rtacha 7 ballni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ular orasida bu imtihondan 8,5 ball olganlari ham bor.

Maktab sinfxonalari har bir fan uchun maxsus jihozlangan. Xonalarga kirishda o‘rnatilgan elektron doskalarda dars jadvali, tanaffus vaqti, o‘qituvchi haqida qisqacha ma'lumot berilgan.

“Maktabning menga yoqqan jihatlaridan biri bu – biz bu yerda yashaymiz va o‘qiymiz. Agar oldingi maktabimizda direktor xonasi oldidan o‘tishga qo‘rqqan bo‘lsak, bu yerda direktor va direktor o‘rinbosari oldiga kelib, ularga shikoyatlarimizni aytishimiz mumkin”, – deydi 11-Blue sinf o‘quvchisi Shahrizoda Rizoqulova.

Shahrizoda Rizoqulova

Prezident maktablari bilan ishlash bo‘limi rahbari o‘rinbosari Gavhar Ishimovaning aytishicha, sinf dizaynida foydalanilgan har bir element o‘quvchiga motivatsiya berish, o‘ziga ishonch hosil qilish uchun yo‘naltirilgan. Yotoqxona dizaynida ham o‘quvchilarga motivatsiya beruvchi chaqiruv so‘zlari, iqtiboslardan foydalanilgan. Prezident maktablarining ustun tomoni iqtidorli o‘quvchilar bir joyda yig‘ilgani hisoblanadi. Bu ularga o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini beradi.

Sinf xonalariga devorlar o‘rnida oynalar qo‘yilgan. Maktab ma'muriyati bu orqali o‘quv jarayoniga xalaqit bermasdan, darslarni kuzatishi mumkin. Maktabda qo‘shimcha mashg‘ulotlarni toza havoda o‘tish imkoniyati ham yaratilgan.

O‘quvchilar maktabda jurnalistika va radio klubini tashkil qilgan.

 “Klubimiz o‘tgan yili yanvar oyida tashkil qilingan. Va har 2 oyda “Projector” jurnalini chop etamiz. Jurnalda o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan intervyular, maktab hayotidan lavhalar, qiziqarli voqealarni yoritamiz. O‘zim aniq fanlarda o‘qiyman, lekin gumanitar fanlarga ham qiziqaman. Darslarda jamoa bo‘lib ishlashni yoqtiraman. Maktabimizda jamoa bilan ishlash va loyihalar yaratishga katta e'tibor beriladi”, deydi maktabning jurnalistika klubi tashkilotchisi Bahrombek Narimonov.

Bahrombek Narimonov

Prezident maktabi fizika fani o‘qituvchisi Temur Jalolov maktabda STEAM fanlari qanday tashkillashtirilgani haqida ma'lumot berdi. Uning aytishicha, maktabda ko‘proq amaliyotga e'tibor qaratiladi. O‘quvchilar laboratoriya ishlarini bajarib, grafiklar chizishadi va ularni analiz qilishadi

Prezident maktabi fizika fani o‘qituvchisi Temur Jalolov

“Darsga tayyorlanmasdan kira olmaymiz. Lekin bu tayyorgarlik konspekt yozib, qo‘l qo‘ydirib, keyin bir chekkada yotishi uchun emas. Taqdimot tayyorlayman, oldingi yilda tushgan test, grafiklarni, laboratoriya ishlarini o‘rganaman. Bu ko‘lam juda katta. Agar o‘quvchilarning oldiga kelib tayyor bo‘lmasam, bu o‘zim uchun juda uyatli va ayanchli tuyuladi. Talab yo‘q, lekin tayyorlanishdan boshqa iloj ham yo‘q”, deydi u.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi – Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: